Qadim-qadimdan ota-bobolarimiz suvning bebaho ne’mat ekanligini ta’kidlab kelishgan. Suvni tejash, uni ifloslantirmaslik haqida yoshlarga ko‘p nasihat qilishgan. Qolaversa, suv, ayniqsa, ichimlik suvi butun dunyo aholisi uchun global muammo hisoblanadi. O‘zbekistonda suv tanqisligi bilan bog‘liq muammolar nisbatan kamroq bo‘lsa-da, bu bizning xotirjam bo‘lishimizga va suvdan bemaqsad foydalanishimizga sabab bo‘lmasligi kerak. Mamlakatimizda mazkur sohada olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot olish uchun muxbirimiz “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal MURODOV bilan suhbatlashdi.
– O‘zbekistonda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasidagi mavjud vaziyat haqida ma’lumot bersangiz.
– O‘zbekistonda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasidagi mavjud vaziyat haqida ma’lumot bersangiz. Bu raqamlar kun sayin, yil sayin ortib boryapti va bu global ahmiyatga ega. Mamlakatimizda hozirgi kunda aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 74,4 foizni tashkil etadi. O‘tgan besh yilda birinchi marta toza suv ichgan aholi soni 8,5 millionga yaqinlashdi. Joriy yilda esa bu ko‘rsatkich 1,5 milliondan ortdi. “O‘zsuvta’minot” AJ bu kabi ishlarni amalga oshirishdan to‘xtagani yo‘q. Xususan, respublikamizning ichimlik suvi bilan bog‘liq muammoli hududlari bor. Bular – Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax viloyatlari va Orol bo‘yi hududlari. U yerlarda ham xalqaro moliya institutlari va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan yirik loyihalarni amalga oshiryapmiz. Taraqqiyot strategiyasidagi 2026 yilda aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini 87-90 foizga, kanalizasiya tarmog‘i bilan qamrab olinganlik darajasini esa 35 foizga yetkazish rejasi bo‘yicha ham samarali ishlar olib borilmoqda.
– So‘nggi olti yilda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 63,9 foizdan 74,4 foizga ko‘tarilgan. Bu natijaga qanday erishilyapti? Ya’ni, bizda shunga yarasha manbaa bormi?
– 2019 yilda “O‘zsuvta’minot” AJ alohida bir mexanizm sifatida shakllantirildi va aynan o‘sha yildan boshlab ushbu yo‘nalishga ajratiladigan mablag‘larning egasi, hisobi bo‘ldi. Ayni 2019 yildan bu sohaga aholining birlamchi ehtiyoji sifatida jiddiy va chuqur qarash boshlandi. Bu borada xalqaro moliya institutlari tomonidan, davlat dasturlari va alohida loyihalar doirasida mablag‘lar ajratildi. Bunda xalqaro institutlar mablag‘larining qiymatini yuqori baholash mumkin. Chunki xorijlik pulni shunchaki berib qo‘ymaydi. Ular davlat tomonidan sohaga qaratilayotgan e’tiborni, qilinayotgan ishlarni va uning istiqbollarini tahlil qilishadi. Shundan keyingina pul ajratishadi.
2022 yil “O‘zsuvta’minot” AJ ikkita xalqaro sertifikatga ega bo‘ldi. Bu sertifikatlar ham xorijliklarning aynan O‘zbekistonga va mazkur sohaga bo‘lgan ishonchni oshiradi. Bugungi kunda xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan Buxoro, Jizzax, Surxondaryo, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida yirik loyihalarni amalga oshiryapmiz Buning natijasida 2026 yilga kelib, aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini 90 foizga olib chiqish ko‘zda tutilgan.
Ma’lumki, bizda yerosti va yerusti suv manbalari mavjud. Ushbu suv manbalari chegaradosh mamlakatlar tog‘lari, adirliklaridagi qor va muzlarning erishidan hosil bo‘ladi. Bu suvlarning qariyb 90 foizdan ortig‘i qishloq xo‘jaligiga yo‘naltiriladi. 4-5 foizi baliqchilik, sanoat sohalariga va qolgan 3-4 foizigina ichimlik uchun yo‘naltiriladi. Mana shu ichimlik suvini asrab-avaylab, ma’lum me’yorlarga asoslanib ishlatsak o‘rinli bo‘lardi. Shunda bu suvlar kelajak avlodga toza va sifatli bo‘lib yetib borardi. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, hozirda O‘zbekistonda har bir odamga o‘rtacha kunlik 100 litr suv sarfi to‘g‘ri keladi. Isroil davlatida esa bu ko‘rsatkich 28 litrni tashkil etadi.


