9 dekabr’ – “Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida “Ochiq eshiklar kuni” bo‘lib o‘tdi. Tadbirda vazirlik tizimida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaviy xatarlarning oldini olish va bartaraf etish, sohada zamonaviy aksilkorrupsiyaviy tizimlarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.
Korrupsiya inson hayoti, sog‘lig‘i, mulki, davlat barqarorligiga zarar yetkazishi bilan jamiyatimizga katta xavf tug‘diradi. Shu bois, qurilish va kommunal sohasida mazkur jinoyat turining kelib chiqishi va ijtimoiy-iqtisodiy sabablarini yo‘q qilishga yo‘naltirilgan ishlarni amalga oshirish hamda bu illatning oldini olishga qaratilgan turli yo‘nalishdagi profilaktik tadbirlar majmui ishlab chiqilgan. Tizimda korrupsion holatlarning oldini olish, unga qarshi kurashish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlar qo‘llanib kelinmoqda. Jumladan, mazkur illatga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, xususan, shaffoflikni oshirish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, xodimlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratib kelinadi. Shu bilan birga, sohada imkon qadar inson omilini kamaytirish va vazirlik faoliyati bo‘yicha jamoatchilik nazoratini kuchaytirish ishlari olib borilmoqda.
Bugungi kunda vazirlikning Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati samaradorligi va natijadorligi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida jamoatchilik kengashiga axborot berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Fuqarolarning buzilgan huquqlarini himoya qilish borasida ularning ma’lumotlaridan erkin foydalanish, o‘z huquq va majburiyatlari haqida xabardorligini oshirish bo‘yicha vazirlik va hududiy tizim tashkilotlarida ishonch telefonlari hamda boshqa aloqa manzillari aks ettirilgan ko‘rgazmalar qo‘yilishi ta’minlangan.
– Shaffoflik va oshkoralik bizning eng asosiy tamoyillarimizdan biridir, – dedi Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi bosh mutaxassisi Sherali Qo‘chqorov. – Vazirlikda shaffoflik prinsiplari bosqichma-bosqich amalga oshirilib kelinmoqda. Misol uchun, vazirlikning har bir yo‘nalish bo‘yicha natijalari, ya’ni o‘zimizning rasmiy veb-saytimiz, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz, media resurslarimiz va ommaviy axborot vositalari yordamida keng jamoatchilikka muntazam ravishda yetkazib borilishi shaffoflikni ta’minlab beruvchi asosiy vositadir. Qolaversa, vazirlikning o‘zida ham korrupsiyaga qarshi kurashish choralari ko‘rilmoqda. Bu yo‘nalishlarda biz imkon qadar inson omilini kamaytirish va vazirlik faoliyati bo‘yicha jamoatchilik nazoratini kuchaytirish ishlarini olib boryapmiz. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining tegishli buyrug‘i asosida 14 ta korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki idoraviy hujjat tasdiqlangan. Shuningdek, 2022 yil vazirlik ISO 37001:2016 xalqaro standartiga (Korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimi) muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lgan. Ta’kidlash lozimki, Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” mavjudligini tasdiqlovchi xalqaro ISO 37001:2016 sertifikatiga ega bo‘lgan edi.


