Kozimjon Anvarovni farg‘onaliklar “Yangi O‘zbekiston bunyodkori” sifatida yaxshi tanishadi. Oliygohdagi tahsilni tamomlaganidan to bugungi kunga qadar keng ko‘lamli o‘nlab shaharsozlik loyihalarida qatnashgan Kozimjon aka o‘z sohasining yetuk vakillaridan biri, yosh quruvchi-ustalarning talabchan ustozi hisoblanadi.
Qahramonimiz mehnat faoliyatini 1975 yilda viloyat arxitektura va qurilish boshqarmasida boshlagan. Mustaqillik yillarida Vodil qishlog‘ida Prezident rezidensiyasining barpo etilishi bilan bog‘liq o‘ta qizg‘in jarayonlarda toblangan Kozimjon aka ko‘p o‘tmay, “Qo‘qon agroqurilish tresti” bosh muhandisi, keyinchalik viloyat qurilish bosh boshqarmasi bosh muhandisi etib tayinlandi. U “Farg‘ona dehqon qurilish” kompaniyasi boshqaruvchisi, 2005-2006 yillarda O‘zbekiston tumani hokimi bo‘lib ishlagan vaqtlarda ham insonlar hayotini yengillatishga qaratilgan ko‘pgina loyihalarga bosh-qosh bo‘ldi. Jumladan, 2001 yilda Quva tumanida “Ona va bola” reabilitasiya markazining muvaffaqiyatli qurilib foydalanishga topshirilishida ham Kozimjon Anvarovning munosib hissasi bor.
2021 yilda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Bag‘dod tumanida Guliston shaharchasini qurish ishlariga kirishildi. Yangidan barpo etilajak manzilda fuqarolar uchun barcha qulaylik va zamonaviy imkoniyatlar yaratilishi lozimligi bu loyihada ko‘zda tutilgan asosiy maqsad-muddao bo‘ldi. E’tiborlisi, bundagi qurilish ishlariga uzoq yillik tajribaga ega Kozimjon Anvarov mas’ul etib tayinlandi va 1 ming 236 xonadondan iborat 61 ta zamonaviy ko‘p qavatli uy 6 oyda qurilib, foydalanuvchilarga topshirildi. Mahalla binosi, madaniyat markazi, maktab va maktabgacha ta’lim tashkiloti, ochiq sport maydonchalari, shuningdek, ko‘rkam va zamonaviy qiyofada bunyod etilgan savdo do‘konlarining arxitekturaviy-badiiy yechimi, bularning barchasi bir-biriga hamohang va aholiga qulay holatda joylashgani e’tiborga molik.
– Uyi bor odamning o‘yi bo‘lmaydi, ko‘ngli to‘q bo‘ladi, ertangi kunga ishonch bilan yashaydi, baxtli turmush kechiradi, − dedi Kozimjon aka. – Uy-joy shunchaki boshpana emas, u insonning ko‘nglidagi ma’naviy qo‘rg‘on hamdir. Ro‘zg‘orning butligi, ko‘ngilning xotirjamligi va farzandlarning kamoli uchun shaxsiy turar joyning o‘rni g‘oyatda muhim sanaladi. Shu ma’noda, Guliston shaharchasida ko‘kka bo‘y cho‘zgan ko‘p qavatli uylar uzoq yillardan buyon uy-joy muammosi bilan yashagan insonlar uchun ayni muddao bo‘ldi.
Keyingi yillarda Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda ipoteka krediti bozorini yanada rivojlantirish, aholining uy-joyga bo‘lgan yuqori talabini qondirish, davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan subsidiyalar taqdim etish ishlarini davom ettirish, xususiy pudrat tashkilotlarini zamonaviy ko‘p qavatli uylar qurilishiga keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shunday insonparvar islohotlar bois, hozirda Farg‘ona shahrida 300 gektar maydonda 40 ming aholiga mo‘ljallangan yo‘ldosh shaharchani bunyod etish ishlarining dastlabki bosqichi yakunlanish arafasida.
Yangi shaharcha qurilishiga mas’ul Kozimjon akaning aytishicha, joriy yilda Ekoshaharda jami 73 ta ko‘p qavatli uy barpo etilayotgan bo‘lib, shu kungacha 15 tasi to‘la foydalanishga topshirildi. Qolganlarida qurilish-montaj ishlari tugallanib, ichki pardozlash va tashqi fasad ishlari olib borilmoqda. 3 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 2 ta umumta’lim maktabi hamda 1 ta poliklinika binosi foydalanishga qabul qilindi. Shuningdek, 4 ming o‘rinli amfiteatr qurilishi ham yakunlanmoqda.
– Bu yerdagi har bir ishning o‘z egasi bor, – dedi qahramonimiz. – Tasavvur qiling, ikki yilda mana shu maydon o‘rnida ko‘p qavatli uy-joylar, “Yangi O‘zbekiston” bog‘i, maktab, poliklinika, qo‘yingki, barcha infratuzilmaga ega shaharcha paydo bo‘ladi. 70 gektarlik istirohat bog‘i va 3,2 gektar maydonda qurilajak sun’iy ko‘l shaharcha havosining mo‘’tadil hamda huzurbaxshligini ta’minlaydi. Qolaversa, bu yerga 14,2 kilometr masofadan toza ichimlik suvi tarmog‘i tortib kelinyapti, 750 kVa quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatilmoqda. Biz bunyodkorlar esa oldimizga qo‘ygan maqsadlarimiz sari harakat qilishda davom etamiz.


