Tajribali quruvchi, yoshlarning sevimli ustozi, Samarqand viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasida uzoq yillar samarali mehnat qilgan Muqanno Saidov yaqinda tabarruk 80 yoshga to‘ldi. U Termiz shahrida tavallud topib, mehnat faoliyatining asosiy qismini Kattaqo‘rg‘on tumanidagi tashkilotlarda o‘tkazgan. “Kolxozlarloyiha” loyihalashtirish tashkilotining Kattaqo‘rg‘on tumani filialida bosh muhandis, mazkur tashkilot rahbari sifatida ham faoliyat yuritgan. Keyinchalik Kattaqo‘rg‘on tumani ijroiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, tumani bosh me’mori lavozimlarida mehnat qilgan. Muqanno Saidov 1996 yildan buyon Samarqand viloyati arxitektura va qurilish bosh boshqarmasida yangidan tashkil qilingan Davlat arxitektura-qurilish nazorati bo‘limida bosh inspektor lavozimida ishladi. O‘sha paytda mazkur bo‘limda atigi 6 nafar xodim faoliyat olib borgan. Keyinchalik bo‘lim negizida O‘zbekiston Respublikasi arxitektura va qurilish qo‘mitasi tarkibidagi Davlat arxitekturqurilish nazorati inspeksiyasi (hozirgi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi) tashkil qilinib, Muqanno Majidovich inspeksiyada 2013 yilgacha bosh mutaxassis va inspeksiya bosh me’mori lavozimlarida samarali mehnat qilgan. U sohadagi faoliyati davomida ko‘plab shogirdlar tarbiyaladi. O‘zining izlanuvchanligi, qat’iyatliligi, mehnatsevarligi bilan viloyat miqyosida obro‘e’tiborga sazovor bo‘lgan. 

