Kuni kecha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “Elektr energiyasini sotishni avtomatlashtirish markazi” filialida “Elektr tarmoqlaridan foydalanish sohasini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan izchil islohotlar” mavzuida xalqaro energetika forumi o‘tkazildi.
Janubiy Koreya, Xitoy kabi qator xorijiy davlatlarning yirik kompaniyalari vakillari, tizim tashkilotlari mutasaddilari, soha mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda ta’kidlanganidek, keyingi yillarda energetika sohasida amalga oshirilgan islohotlar o‘zining amaliy natijalarini bermoqda. Ayniqsa, elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE) tatbiq etilishi ta’minotchi tashkilotlar va iste’molchilar uchun katta qulaylik yaratdi.
– Davlatimiz rahbari tomonidan bugungi kunda energetika sohasini tubdan isloh qilish, mazkur yo‘nalishga ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish, “raqamli transformasiya” jarayonlarini izchil amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – dedi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Alvar Gaybullaev yig‘ilishni kirish so‘zi bilan ochar ekan. – Ayni sohada olib borilayotgan ishlarning ko‘lami va natijadorligi bugun har bir xonadon, ijtimoiy soha ob’ektlari va tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘z aksini topmoqda. Ayniqsa, elektr energiya yetkazib berish tizimini yanada rivojlantirish maqsadida hukumatimiz tomonidan sohaga oid qabul qilingan qator normativ-huquqiy hujjatlar sohaga istiqbolli loyihalarni tatbiq etish, samarali hamkorlik aloqalarini o‘rnatish imkonini bermoqda.
Xususan, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, Janubiy Koreyaning
“KT Corporation” kompaniyasi hamda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) hamkorligida ishga tushirilgan “Elektr energiyasini sotishni avtomatlashtirish markazi” mamlakatimizda energetika sohasidagi islohotlarni yanada jadallashtirish, xususan, elektr energiya ta’minotida innovasion texnologiya va yechimlardan foydalanish imkonini kengaytirgani bilan ahamiyatlidir


