|

|

2026-уіӏ 25-Aprel, Shanba
spot_img

Yer usti liniyasida qurilish ishlari jadal ketmoqda

Muhim xabarlar

Jamoat transportlari shahrimiz aholisini hamyonbop narxda manziliga yetkazib qo‘yadi. .Ayniqsa, metro bu borada bir qancha qulayliklari bilan alohida o‘rin tutadi. Ayni damda Toshkent shahar metropoliteni yer usti liniyasining “Do‘stlik – Qo‘yliq” yo‘nalishida qurilish ishlari olib borilmoqda. Mazkur yo‘nalishda yana ikkita bekat qurilib, “Olmazor – Sergeli” yo‘nalishi bilan bog‘lanadi.

– Ayni paytda biz Do‘stlik yo‘lining o‘n ikkinchi va o‘n uchinchi bekatlari oralig‘ida metro qurilishida faoliyat olib bormoqdamiz, – dedi “Ko‘prikqurilish tresti” unitar korxonasi mutaxassisi Maqsud Normurodov. – Aynan mana shu bekatlar oralig‘ida korxonamizning 90 nafar xodimi ishlayapti. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida metro qurilishini tez va sifatli amalga oshirish uchun ishchilarimiz bilan astoydil mehnat qilyapmiz.

Qurilish jarayonlarida ko‘plab korxonalarning quruvchi va mutaxassislari faoliyat olib borishyapti. Ushbu metro bekatlari O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 32 yilligiga sovg‘a sifatida sentyabr’ oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmoqda.

– Korxonamizdan 270 nafar ishchini ushbu metro qurilishiga olib kelib, ko‘plar qatori biz ham mazkur ishga o‘z hissamizni qo‘shmoqdamiz, – dedi “Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi xodimi Farhod Musinov. – Qurilish jarayonlarida sifatli xomashyolardan foydalanilyapti hamda ko‘p yillik tajribaga ega soha mutaxassislari ishtirok etmoqda. Qurilish ishlari shitob bilan borayotgan bo‘lsada, materiallarda uzilish kuzatilmayapti. Kerak bo‘ladigan barcha texnikalar ham xizmatimizda hoziru nozir.

Havo haroratining yuqoriligiga qaramasdan, oftob nurlarining tig‘ida ter to‘kib mehnat qilayotgan insonlarni ko‘rib, ularga tashakkur aytgisi keladi kishining. Biz shunday ishchilardan birini suhbatga tortdik.

Temiryo‘lchi Choriyor Otamurodov metro qurilishiga o‘zining beminnat hissasini qo‘shmoqda.

– Biz Samarqanddan “Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” UKga tegishli “Samarqand temir yo‘l masofasi” korxonasi tomonidan metro qurilishida yordamga kelganmiz, – dedi Choriyor Otamurodov. – Metro qurilishi jadal ketyapti. Qurilish tezroq yakunlanib, foydalanishga topshirilishi uchun hamma quruvchilar ter to‘kib mehnat qilishmoqda. Ишчилар учун турар жой ва овқатланиш учун ҳам шароитлар мавжуд. Havo harorati juda yuqori bo‘lgan paytlari, kunning ma’lum qismida tanaffus beriladi. Uyimizning oldidan temir yo‘l o‘tganligi sabab bolalikda shu sohada ishlashni orzu qilganman. Ulug‘ayganimdan so‘ng, Samarqand temir yo‘l transporti kasb-hunar kollejida tahsil olib, mana 7-8 yildan buyon temiryo‘lchi bo‘lib ishlab kelyapman. Shu kasbning orqasidan ro‘zg‘orimizni tebratib, kam-ko‘stimizni to‘ldirib turibmiz. Agar farzandlarim ham temiryo‘lchi bo‘laman, desa, qarshilik qilmayman. Chunki o‘zim ham shu kasbni tanlab kam bo‘lmadim.

 

- reklama -spot_img

Mavzuga oid

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

So‘nggi xabarlar

spot_img