Joriy yilning 11 aprel’ kuni Prezidentimiz raisligida yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda ular bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida joylarda “Yoshlar sayilgoh”lari, Buxoro, Samarqand, Xiva, Termiz, Shahrisabz, Qo‘qon kabi turistik majmualarda, shahar va tumanlardagi markaziy park va xiyobonlarda “Ochiq osmon ostida kutubxona”lar tashkil etish yuzasidan ham tegishli vazifalar belgilab berilgan edi.
Mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz shahridagi Bobur nomli bog‘da bir guruh faol yoshlar bilan uchrashib, “Yoshlar sayilgohi”ni bunyod etishda ularning fikrlari bilan qiziqib, takliflarini tinglagan edi. Faol yigit-qizlarning taklif va tavsiyalari asosida Termiz shahridagi Bobur nomli bog‘ni obod va ko‘rkam maskanga aylantirib, “Yoshlar sayilgohi”ni shu yerda tashkil etishga kelishildi. Shuningdek, yangi barpo etiladigan saylgohda ochiq osmon ostida yoshlar uchun keng, yorug‘ va shinam katta kutubxona quriladigan bo‘ldi. Yangi sayilgoh loyihasi ham mazkur muloqot chog‘ida yoshlar ilgari surgan taklif va g‘oyalar asosida ishlab chiqildi. Ayni paytda qarovsiz qolgan bog‘ obodonlashtirilib, “Yoshlar sayilgohi” qurilmoqda.
Ulug‘bek Qosimov zamonaviy qiyofada bo‘y ko‘rsatayotgan sayilgohda bo‘lib, amalga oshirilayotgan qurilish-obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi. Bu yerda bunyod etilayotgan “Book” kafe, amfiteatr, kinoteatr, velo yo‘laklar, turli hajmdagi favvoralar, attraksionlar, o‘yin maydonlari, kutubxona va boshqa ob’ektlarda yoshlar uchun yaratiladigan sharoitlar bilan qiziqdi.
– Bu maskan qurilishini eng faol yoshlar bilan bamaslahat amalga oshirayotganimizdan mamnunmiz, – dedi viloyat rahbari. – Zamonaviy va milliy arxitektura yechimlari asosida qad rostlaydigan sayilgoh yigit-qizlarning qiziqish va intilishlarini ro‘yobga chiqaradigan obod go‘sha bo‘ladi. Kechayu kunduz ishlaydigan muhtasham maskanda kibersport, sport va intellektual o‘yingohlar, karaoke klublari, teatr, moda podiumlari, “Book” kafe, kovorkinglar va boshqa ko‘ngilochar joylar tashkil etamiz.
Shu yerda yangi quriladigan “Vatanparvarlar” bog‘i va muzeyi loyihasining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Yoshlarni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga, ma’nan yetuk va jismonan sog‘lom ulg‘ayishiga ko‘maklashadigan bog‘da turli harbiy texnikalar ko‘rgazma maydonlari, otish attraksionlari, peyntbol maydonchasi, buyuk sarkarda bobolarimiz hayotiga bag‘ishlangan burchaklar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Ulug‘bek Qosimov taqdimot bilan tanishib, uning loyihasini yanada takomillashtirish uchun sohaning eng malakali mutaxassislarini jalb etish, muzey uchun yetarli eksponatlarni jamlash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berdi. Yangi bog‘ quriladigan hududni tanlash bo‘yicha taklif va tavsiyalarini bildirdi


