Qo‘qonlik Alixo‘ja Fozilov ellik yil bir sohada ishlab, to‘plagan tajriba va mahoratini el koriga sarf etib kelmoqda. Farg‘ona politexnika institutini tugatgach, oliygohda talabalarga bir necha yil ustozlik qilgani, turli qurilish tashkilotlaridagi mehnat faoliyati davomida to‘plagan tajribasini tadbirkorlik faoliyatida ham sinashni maqsad qilib, 2003 yilda “Qo‘qon loyiha qurilish” MChJga asos solgan. Korxonaning asosiy faoliyati uy-joy, jamoat, sanoat bino va inshootlarni hamda ularning tashqi muhandislik tarmoqlarini loyihalashdan iborat.
Bunyodkorlik va obodonlashtirishga qaratilgan ulkan maqsadlarni ko‘zlagan korxona jamoasi o‘n to‘qqiz yildirki, amalga oshirgan loyiha ishlari bilan nafaqat Farg‘ona viloyatida, balki respublikamizdagi boshqa viloyatlarda ham eng yaxshi loyiha tashkilotlaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Jumladan, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari, Toshkent shahrida buyurtmachilarning talabiga ko‘ra, ular tayyorlab bergan loyihalar asosida qad rostlagan ko‘p qavatli uy-joylar, ma’muriy binolar, maktab hamda bolalar bog‘chalari, yo‘llar shu hududlarning yanada ko‘rkamlashuvi va obodonlashishiga munosib hissa qo‘shmoqda. Masalan, Toshkent shahridagi Abdulla Qodiriy nomidagi bog‘ hududida joylashgan 7 qavatli “Markaz” mehmonxonasi uchun tayyorlangan loyiha yurtimizning boshqa biror joyida uchramaydi. Buning asosiy sababi 20 nafardan iborat jamoada shunday bir tartibga qat’iy amal qilinadi, ya’ni, bir joy uchun tayyorlangan loyiha, qayta boshqa joyda qo‘llanilmaydi.
Yurtimiz gavhari hisoblangan Farg‘ona viloyati va uning tarkibidagi tuman-shaharlarning gullab-yashnashida boshqalar singari “Qo‘qon loyiha qurilish” MChJ jamoasining ham alohida hissasi bor. Xususan, keyingi besh yilda davlatimiz tomonidan tadbirkor va ishbilarmonlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘rsatilayotgan e’tibor mazkur jamoani ham barcha ishlarda yanada ko‘proq hissa qo‘shishga chorlayapti. Uning samarasini viloyatning Qo‘qon shahri, Dang‘ara, Uchko‘prik, Buvayda kabi tumanlarida qurilgan yangi va rekonstruksiyadan chiqarilgan maktab, bolalar bog‘chalari, kollejlar loyihalari misolida ko‘rish mumkin.
Shular barobarida Farg‘ona shahridagi Koreya xalqaro universitetining 2 200 o‘rinli bosh binosi va shuncha o‘rinli yotoqxonasi, Bog‘dod tumanida bunyod etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivida madaniyat saroyi, viloyat hokimligining majlislar zali, Yozyovon tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida qad ko‘targan 400 o‘rinli madaniyat saroyi, Qo‘qon davlat universitetining asosiy binolari loyihasi ham jamoa a’zolarining mehnatlari mahsulidir.
Bulardan tashqari, Qo‘qon shahridagi Shoxruhobod ko‘chasida joylashgan shahar ko‘p tarmoqli poliklinikasi, 95 o‘rinli tug‘ruq bo‘limi, oilaviy poliklinikalar, Furqat tumanidagi Navbahor shaharchasida joylashgan markaziy shifoxona hududida ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasasi, yuqumli kasalliklar bo‘limi, 1- va 2-viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonalari, Farg‘ona hamda Qo‘qon shahar narkologiya dispanseri singarilarning loyiha-smetalari shu jamoaning izlanishlari natijasida har tomonlama talabga javob beradigan zamonaviy maskanlarga aylangan.
Qo‘qon shahrining arxitekturaviy ko‘rinishini tubdan qayta qurish va bu yerda infratuzilma ob’ektlarini qurish yuzasidan qabul qilingan qaror ijrosini ta’minlashda ham mazkur jamoa loyihachilari katta tashabbus ko‘rsatgan. Ularning loyihalari asosida bunyod etilgan O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi binosi, Shoxruhobod va Davronbek ko‘chalari kesishmasida qad rostlagan 4 qavatli 32 hamda 12 xonadonli uy-joylar, Furqat ko‘chasidagi “Kamolot”chilar uchun 48 xonadonli turar joy binosi, Imom Ismoil Al-Buxoriy ko‘chasidagi “Ko‘kat” savdo majmuasi, “Universalbank”ning bosh ofisi, “Qo‘qon” mehmonxonasi, kuylovchi hamda kimyogarlar maydonidagi favvoralarda atrofida mehnatdan so‘ng hordiq chiqarayotganlar, zamonaviy uylarda yashayotgan aholi, ayniqsa loyihachilardan juda minnatdor.
Bugun jamiyatimizda faoliyat olib borayotgan har bir korxona ahli 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturlari ijrosini amalda tatbiq qilishda o‘z hissalarini qo‘shish uchun astoydil kirishgan. Xalqimizni har tomonlama dunyoga tanitish imkonini beruvchi mana shu tarixiy jarayonda “Qo‘qon loyiha-qurilish” MChJ korxonasi loyihachilari mehnati bilan tayyorlangan chizmalar asosida ayni kunlarda Qo‘qon shahridagi 3- va 9-sonli ixtisoslashtirilgan maktablarda rekonstruksiya ishlari bajarilyapti. Shuningdek, Qo‘qon shahrining Muqimiy shaharchasi hududida 8 ta 12 qavatli, bitta 16 qavatli uy-joylar, ular atrofida maktab, bolalar bog‘chasi, yoshlar hamda kattalarga mo‘ljallangan sport majmualari loyihalari tayyorlanib, quruvchilar ishlarni jadallik bilan olib borishmoqda va aksariyatini foydalanishga topshirish arafasida.
Loyihachilar qalamida shakllangan har bir ijodni mo‘‘jizaga mingzash mumkin. Chunki uni yaratish uchun kezi kelsa bir soat, ba’zan, oylar talab etiladi. Pishiq-puxta va mukammal qilinganini esa buyurtmachilarning o‘zlari izlab topishadi. Joriy yil boshida Marg‘ilon shahridan “Qo‘qon loyiha-qurilish” MChJni izlab kelgan buyurtmachi bunga misoldir. Garchi, Marg‘ilonda ham loyiha korxonalari ko‘plab topilsa-da, talabgor aynan mazkur jamoadan loyihalarni chizib berishini so‘ragani bejiz emas. Uning aytishicha, viloyatdagi 30 dan ortiq loyihaga ixtisoslashgan korxonalarda qilingan ishlarni o‘rgangan va oxiri, mazkur korxonada tayyorlanayotgan loyihalarning mukammalligi o‘ziga ma’qul kelgan. Shu tufayli Marg‘ilon shahri hududida ham 9 qavatli binolarni bunyod etishga kirishilgan. Hozirda ularning 4 tasi qurib bitkazildi, qolganlarida ham bunyodkorlik ishlari jadallik bilan boryapti.
E’tiborli tomoni shuki, jamoa ahli loyiha bo‘yicha mualliflik nazoratiga alohida e’tibor qaratib, har bir ob’ektda bajarilgan ishlarni o‘z o‘rnida loyihada ko‘rsatilgani bilan taqqoslab boradi. Kamchiliklar yoki qo‘shimchalar kiritilsa, darhol zarur choralarni ko‘radi. Shuning uchun ham o‘n to‘qqiz yildirki, ekspertlar tomonidan jamoa bajargan loyihalarda birorta e’tirozlar bo‘lmagani korxonaning qanday salohiyatga egaligidan dalolatdir.

