|

|

2026-уіӏ 25-Aprel, Shanba
spot_img

“Ekspres Davr Invest” MChJ – Toshkent viloyatining eng faol qurilish tashkilotilaridan

Muhim xabarlar

Rayhona Xo‘jayeva
Rayhona Xo‘jayeva
2003-2007-yillar davomida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetini bakalavr, 2009-yilda magistratura bosqichini tugatgan. Uning ta’lim-tarbiya, ma’naviy-ma’rifiy, qurilish-bunyodkorlik mavzularidagi maqolalari matbuot sahifalarida chop etilib kelinmoqda.

Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi islohotlar boshida eng avvalo, qurilish sohasi turadi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, zamonaviy arxitektura va shaharsozlik namunasi sifatida qad rostlayotgan bu imoratlar nafaqat aholi turmush farovonligini oshirishga, balki yurtimiz imijini dunyoga tanitishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.

Ana shunday muhtasham va mustahkam inshootlar qurish bilan shug‘ullanib kelayotgan tajribali quruvchilar jamoasidan iborat “Ekspres Davr Invest” MChJni bugun nafaqat Toshkent viloyati, balki butun yurtimizda ham tanishadi. Jamiyat 2016 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 81 nafar doimiy ishchisiga ega. Ularning 17 nafari o‘z mutaxassisligi bo‘yicha oliy ma’lumotli. Asosan, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida bino-inshootlar qurayotgan ushbu jamoa bugunga kelib ko‘pchilik yurtdoshlarimizning ishonchini qozongan.

Korxona quruvchilari qurgan va qurayotgan ob’ektlarni ko‘rgan kishi ishchilardan tortib rahbargacha ishda sifatni birinchi o‘ringa qo‘yishiga guvoh bo‘ladi. Har qanday binoning mustahkam qad rostlashida eng avvalo, mukammal loyiha muhim ahamiyatga egaligini hisobga olgan jamiyat a’zolari bu masalaga alohida e’tibor qaratishadi. Shu bois, “O‘zog‘irsanoatloyiha”, “Orginal” MChJ, “Elegant Project”, “Caching Art” kabi loyiha tashkilotlari bilan doimiy ravishda hamkorlik qilib kelayotgan jamoa Toshkent viloyati hududiy nazorat inspeksiyasi qoshidagi sinov laboratoriyasining doimiy mijozi hisoblanadi.

Bugun yurtimizda qurilish materiallari sanoati kundan-kun rivojlanib, Prezidentimiz ko‘rsatmasiga muvofiq, har bir viloyat qaysidir qurilish materialini ishlab chiqarishga ixtisoslashmoqda. Bu esa kelgusida qad rostlayotgan turar joylar, ijtimoiy soha ob’ektlari, madaniy-maishiy binolar qurilishida mahalliy mahsulotlarga bo‘lgan talab to‘la qondiriladi deganidir. Xususan, “Ekspres Davr Invest” MChJ ham ob’ektlar qurilishida asosan mahalliy qurilish materiallaridan nafaqat foydalanib kelmoqda, balki o‘zlari ham ishlab chiqarmoqda.

– Yaqinda Prezident Shavkat ­Mirziyoyev raisligida arxitektura, qurilish va shaharsozlik sohasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida “Qurilish resurslari klassifikatori” platformasi ishga tushirilib, 100 mingdan ziyod qurilish materiallari va xizmatlarining bozor narxi shakllantirilishi haqida gapirildi, – dedi tashkilot direktori Yunus Ahmedov. – Demak, yurtimizda qurilish materiallari sanoatida katta o‘zgarishlar bo‘lishi va bu bevosita biz tadbirkorlar qurayotgan uy-joylar sifati va narxiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda. Biz ham korxonamiz tarkibida klaster tizimiga muvofiq eshik-romlar ishlab chiqarish sexini tashkil qilganmiz, Deraza va eshik romlarini ishlab chiqarishda Shuhrat va Davron Saidovlar hamda Shohrux Yigitaliyev kabi mutaxassislarning xizmati katta. Qolaversa, jamiyatimizda ishchilar uchun barcha kerakli sharoitlar yaratilgan. Ular maxsus kiyim-bosh, uch mahal ovqat, turar joy bilan ta’minlangan. Pardozchi Abdurasul Dadaboyev, ish yurituvchilar Ravshan Ahmedov, Alisher Mutalibov va Baxtiyor Meliyev, beton quyuvchi Hojiakbar Murodov kabi malakali quruvchilar jamoaning faxri hisoblanadi.

Bugun Toshkent viloyatining qaysi tumaniga bormang, ushbu jamoa quruvchilari qurgan ko‘rkam turar joy binolari, zamonaviy maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda poliklinika binolariga ko‘zingiz tushadi. Eng muhimi, ularning mehnatidan aholi ham minnatdor. Shu paytga qadar topshirilgan birorta ob’ekt egasi ularning ishidan norozi bo‘lmagani ham bu fikrning isbotidir. Aslida, quruvchi ahli uchun bundan-da katta e’tirof bo‘lmasa kerak.

Xususan, Mudofaa vazirligiga qarashli Chirchiq shahridagi harbiy qismlar va havo kuchlari bazasi va Irrigatsiya institutining 9 qavatli binosi rekonstruksiyasi, O‘rta Chirchiq tumanidagi 7-maktabning rekonstruksiyasi va qo‘shimcha qurilgan yangi binosi, Milliy universitet yotoqxonasini qayta ta’mirdan chiqarishda jamoa o‘z mahoratini namoyon etgan. Xususan, Milliy universitet kutubxonasini xorijlik talabalarga moslab qayta ta’mirlashda jamoa a’zolari katta mas’uliyat bilan ishlagan. Bino noldan boshlab qayta qurilib, xorijlik talabalarning xususiyatlariga ko‘ra jihozlanib, tayyor holatda topshirilgan. Yashnobod tumani prokuraturasi binosi ham xuddi shunday mukammal tarzda bunyod etilgan binolar sirasiga kiradi. 70 nafar ishchining mehnati evaziga barpo etilgan ushbu bino ikkita kirish qismi, fuqarolarni qabul qilish bo‘limidan iborat. Besh qavatli bu inshoot alohida isitish, kanalizatsiya va sovitish tizimlari bilan jihozlangan.

Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida nodavlat-notijorat tashkiloti uchun qurilgan “Do‘stlik uyi” esa “Ekspres Davr Invest” MChJning shuhratini yanada oshirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu yilning may oyida foydalanishga topshirilgan ushbu Do‘stlik uyi ikki qavatdan iborat. Qayta rekonstruksiyadan keyin butunlay yangi qiyofaga kirgan bino barchaga birdek manzur bo‘ldi. Bino nafaqat qayta qurildi, balki mebel va kompyuter bilan ham to‘liq jihozlanib, barcha sharoit yaratilgan holatda topshirildi. “Do‘stlik uyi”ning ochilish marosimida viloyat hokimi tomonidan jamiyat jamoasiga tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi.

Yuqoridagilar “Ekspres Davr Invest” MChJ tomonidan ilgari qurilgan va ta’mirlangan inshootlar hisoblanadi. Ayni paytda jamoa a’zolari Ohangaron tumanidagi “Quyun” MFYda oilaviy poliklinika va tez tibbiy yordam binosini qurish ishlari bilan band. Bino 100 qatnovli bo‘lib, ikki qavatdan iborat. Tez tibbiy yordam binosi esa bir qavat. 28 nafar ishchi mehnat qilayotgan poliklinika binosining loyihasi “Elegant project” loyiha tashkilotiga tegishli.

Bundan tashqari, jamoa tomonidan Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahridagi “Nov” va “Bahor” MFYlarida inspektorlar uchun xizmat uylari qurilmoqda. Ikki sotixli, uch xonali bu uylar bitgach, ushbu mahallalarning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shilishi shubhasiz. Bu ob’ektlar ham Mustaqillik bayrami arafasida o‘z egalariga topshirilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Chirchiq shahar Davlat soliq inspeksiyasining 50 o‘rinli ma’muriy binosi qurilishi ham avgust oyi oxirida nihoyasiga yetishi rejalashtirilgan.

Qurilishda texnika xavfsizligi va mehnat muhofazasi birinchi o‘rinda turadi. Qoidalarni bilgan va ularga to‘liq rioya qilgan quruvchining hayoti xavf ostida bo‘lmaydi. “Ekspres Davr Invest” MChJda ishchilar uchun haftada bir marotaba texnika xavfsizligi va mehnat muhofazasi bo‘yicha mashg‘ulot tashkil qilish tajribasi yo‘lga qo‘yilgan. Mashg‘ulotlarni texnika xavfsizligi bo‘yicha maxsus kurslarni bitirib kelgan jamiyatning malakali mutaxassislari o‘tishadi. Korxonaga tegishli ob’ektlarning barchasida bunday mashg‘ulotlar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgani bois, qurilish jarayonida hozirga qadar baxtsiz hodisa kuzatilgani yo‘q.

Boshqa tashkilotlarga ham o‘rnak bo‘lishga arziydigan tajribani qo‘llab kelayotgan “Ekspres Davr Invest” MChJda ishchilar doimiy va mavsumiy bo‘lib, asosan, pardozchilar, santexniklar, elektrik, betonchilar, g‘isht teruvchilar kabi jamoalarning mehnatidan unumli foydalanib kelyapti. Qolaversa, ish hajmi va buyurtmaga ko‘ra boshqa ishchilar shartnoma asosida ishga jalb qilinadi.

Kelgusida yana ko‘plab inshootlar barpo etib, minglab yurtdoshlarimizni nafaqat uy-joy, balki ish bilan ham ta’minlashga kamarbasta bo‘layotgan jamoaga kasb bayrami muborak bo‘lsin!

- reklama -spot_img

Mavzuga oid

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

So‘nggi xabarlar

spot_img