|

|

2026-уіӏ 25-Aprel, Shanba
spot_img

Islohotlardan ilhom olgan jamoa

Muhim xabarlar

Abdusami Haqberdiyev
Abdusami Haqberdiyev
Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan. 1984 yildan respublika miqyosidagi matbuot nashrlarida turli lavozimlarda ishlagan. “O‘zbekiston bunyodkori” gazetasida 2020 yilning sentabr oyidan e’tiboran bosh muharrir o‘rinbosari vazifasida faoliyat yuritib kelmoqda.

Bugun har qanday kishi O‘zbekistonni qurilish maydoniga o‘xshatishi turgan gap. Aslida ham shunday bo‘lyapti. Bo‘lganida ham ayni yurtdoshlarimiz orzu qilganidek.

Davlatimiz rahbari Prezidentlik lavozimiga kirishgan dastlabki kunlaridanoq xalqimizning turmush farovonligini oshirish, yillar davomida aholini qiynab kelayotgan muammolarni hal etish, mamlakatimizda har bir sohada amalga oshirilayotgan islohotlarda xalqning roziligini ta’minlash eng muhim maqsad va vazifa etib belgilangani to‘g‘risida bugun har qancha gapirsa, yozsa arzigulik. Muhimi, bu ishlar aslo to‘xtab qolgan emas. Prezidentimiz tomonidan aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida qabul qilinayotgan har bir farmon va qarorlar, u kishining bevosita tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ishlar yurtdoshlarimizda ertangi kunga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlash barobarida, har bir fuqaroni mazkur jarayonlarda ishtirok etishga ilhomlantirmoqda.

Xalqimiz ham o‘zining mehnatsevarligi, tadbirkorligi bilan yurt ravnaqi, farovonligi yo‘lida astoydil jonboz­lik ko‘rsatmoqda. Xususan, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan kishilarga yaratib berilayotgan sharoit va imtiyozlar shijoati bor, tashabbuskor yurtdoshlarimizni aslo befarq qoldirmayotir. Ular ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, yurtdoshlariga naf keltirishga harakat qilishmoqda.

Ana shunday tashabbuskor yurtdoshlarimizdan biri Isroiljon Komilovdir. U Andijon viloyatidagi tuman hamda shaharlarning bugungi qiyofasi tubdan o‘zgarishiga, yillar davomida uy-joy orzusida yurgan kishilarning armonlari ro‘yobga chiqishida munosib hissa qo‘shayotgan, el duosini olayotgan tadbirkorlardan.

Inson oilada qanday kamol topsa, kelajakda ham ana shu kabi yo‘l tutishi turgan gap. Yoshligidan hayotga teran ko‘z bilan qaragan, mehnatda chiniqqan tadbirkor maktab, so‘ngra oliy o‘quv yurtini tugatgach, mustaqil ish faoliyatini Chirchiq shahridagi qurilish tashkilotlaridan birida muhandis vazifasidan boshlagan.

Chirchiq shahrida sohani mukammal o‘zlashtirgan I. Komilov Andijonning Bo‘ston tumanida qurilish tashkiloti rahbari etib tayinlangach, bildirilgan ishonchni oqlab, shu yerda ko‘plab bunyodkorlik ishlarini amalga oshirdi. Keyinroq esa tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoitlardan foydalanib, “ZIYO–2002” mas’­uliyati cheklangan jamiyatiga asos soldi. Shu paytda ayrim og‘ziga kuchi yetmaganlar, ”Ko‘ramiz, hech vaqosi yo‘q bu bola uzoqqa bormaydi”, deyishdi. Bunday gap-so‘zlar tadbirkorni shashtidan qaytarolmadi. Aksincha, mahallasi va yon-­atrofdagi ishdan qochmaydigan, serg‘ayrat yoshlarni o‘z yoniga olib, ishga kirishdi. Ayniqsa, Andijon viloyatidagi ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazining zamonaviy loyiha asosida qurib bitkazilgan binosi nafaqat uni, balki boshchiligidagi korxona jamoasini ham ko‘pchilikka tanitdi.

Bugun qurilish va bunyodkorlik ishlari bilan shug‘ullanayotgan korxonalar juda ko‘p. Shunga qaramay, kimning kim ekanini bajargan ishining sifatiga qarab, buyurtmachi belgilaydi, izlab topishga harakat qiladi. “ZIYO–2002” MChJ jamoasi qisqa vaqt oralig‘ida turdosh korxonalar orasida o‘ziga xos nufuzga erishishida ishchi-xizmatchilarning mehnatga vijdonan yondoshuvi hamda ob’ektlarni muddatidan avval, ishlarni esa sifatli qilib bajarishlari mujassam. Shu bois ham jamiyatga buyurtma beruvchilarning safi kengayib bormoqda. Masalan, Bo‘ston tumanidagi 23-sonli umumta’lim maktabining yangi binosi, Shahrixon tumanidagi 3-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti, viloyat markazidagi perinatal markaz binosi qurilishi, “Obod qishloq” hamda “Obod mahalla” Davlat dasturlari doirasida Oltinko‘l, Baliqchi tumanlarida bajarilgan bunyodkorlik ishlari va boshqa yana ko‘plab misollarni keltirish mumkin. Bularning barchasi jamoaning keyingi yillarda amalga oshirgan ishlaridan bir qismi, xolos.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan viloyat markazida “Yangi Andijon” shahrini qurishga kirishilganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Ammo bunyodkorlarning sa’y-harakatlari tufayli bu yerda ko‘p qavatli binolar, ijtimoiy ob’ektlar va boshqa qurilishlar kun sayin ko‘kka bo‘y cho‘zmoqda. “ZIYO–2002” MChJ ishchilari ham ana shu jarayonlarda faol ishtirok etishmoqda. Xususan, bu yerda bun­yod etilayotgan 7 qavatli 2-3 xonali turar joy binosi qurilishi ularga ishonib topshirilgan. Ayni paytda asosiy ishlar uddalanib, ichki pardozlash hamda kommunikatsiya tarmoqlarini o‘tkazish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Isroiljon Komilovning aytishicha, ishchi-xodimlarning asosiy yutuqlaridan biri – tiklanayotgan har qanday binoda mahalliy materiallardan samarali foydalanishga e’tibor qaratilayotganida. Bunga qat’iy amal qilishlik natijasida sifat darajasi ortib, xarajatlarning sezilarli iqtisod qilinishiga ham erishilmoqda.

Alohida e’tirof etish zarur bo‘lgan bir qator jihatlar bor. Xususan, korxonada yoshlarni quruvchilik kasbiga o‘rgatish maqsadida ustoz-shogird an’anasi yo‘lga qo‘yilgan. Shu maqsad bilan harakat qilayotgan Habibulla Aliboyev, Abdurahim Hojimurodov, Xayrulla Turg‘unov, Bekmurod To‘lanboyev kabi ustalar yosh ishchi-xodimlarga namuna bo‘lishyapti. Ayni paytda hududdagi kam ta’minlangan, kambag‘allik darajasiga tushib qolgan oilalardagi yoshlar korxonaga jalb qilinib, ularga ish o‘rgatilyapti. Shu bilan birga, joriy yil jamiyat hisobidan Andijon shahridagi beshta xonadon ta’mirlab berildi. Bayramlarda kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan bir nechta oila qo‘llab-quvvatlanyapti.

Jamoaning yurt obodligi, qurilish va boshqa ishlarda qo‘shayotgan munosib hissasi bor. Bunday yutuqlarga erishish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, uning zamirida ishchanlik, jamoada sog‘lom muhit va ahillik, qolaversa, ertangi kunga ishonch mujassam.

- reklama -spot_img

Mavzuga oid

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

So‘nggi xabarlar

spot_img