|

|

2026-уіӏ 25-Aprel, Shanba
spot_img

Qurilish sohasidagi islohotlar: bosh rejalar, yangi texnologiyalar, xalqaro hamkorlik

Muhim xabarlar

Rayhona Xo‘jayeva
Rayhona Xo‘jayeva
2003-2007-yillar davomida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetini bakalavr, 2009-yilda magistratura bosqichini tugatgan. Uning ta’lim-tarbiya, ma’naviy-ma’rifiy, qurilish-bunyodkorlik mavzularidagi maqolalari matbuot sahifalarida chop etilib kelinmoqda.

AOKAda qurilish sohasidagi islohotlar, shaharlar bosh rejalarini ishlab chiqish, sohaga tatbiq etilayotgan yangi innovatsion yechim va texnologiyalar, xorijlik arxitektor va urbanistlar bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikning bugungi holati hamda istiqbollari bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan qurilish vaziri o‘rinbosari va mutasaddilari OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga javob berishdi.

Shukrullobek JAHONGIROV, qurilish vaziri o‘rinbosari:

– Bugungi kunda jahon qurilish industriyasining tobora rivojlanib borayotgani biz kabi soha vakillari zimmasidagi mas’uliyatni ikki hissa oshirmoqda. Yaqinda Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qurilish vazirligi hamda Biznes-­ombudsman hamkorligida qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining muammolari, ularni bartaraf etish hamda yechimi yuzasidan takliflar ishlab chiqishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tganidan xabaringiz bor. Unda qurilish sohasiga oid tizimli muammolar va konstruktiv yechimlar borasida bir qator fikrlar tinglandi. Anjumanda qurilish sohasida huquqiy-normativ hujjatlarning eskirganligi, shaharlarda qurilishlar pala-partish, rejasiz tarzda olib borilayotgani tanqid qilindi. Ushbu masalalarga keng jamoatchilik ham munosabat bildirdi.

Avvalo, “Bosh reja bormi?”, degan savolga javob bersak.

Umuman olganda, yurtimizdagi 120 ta shaharning 118 tasida bosh reja mavjud. 1 080 ta shaharchaning 205 tasi ham bosh reja bilan ta’minlangan. Albatta, har bir bosh reja Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura shaharsozlik kengashi hamda viloyat qurilish bosh boshqarmasi huzuridagi Arxitektura-shaharsozlik kengashlarida ko‘rib chiqiladi. Bundan tashqari, ushbu rejalar asosida qurilayotgan bino va inshootlar hududlardagi arxitektura va shaharsozlik kengashlari tarafidan har haftada tashkil etiladigan kengashda tasdiqlanadi. Ke­yingi bosqichda lo­yiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, ekspertizadan o‘tkaziladi. Demak, har bir qonuniy qurilmani ushbu tartibdan o‘tkazish ­belgilangan.

Endi noqonuniy qurilmalar haqida to‘xtalsak. Noqonuniy qurilmalarga nisbatan ko‘riladigan choralar tegishli qonunchilik hujjatlarida aniq belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, hozirgi kundagi tizim asosida bu ishlarni qurilish sohasida nazorat inspeksiya­lari bajaradi, tekshiradi va tahlil qiladi. Ma’lumki, yaqinda davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida qurilish, shaharsozlik va arxitektura sohasida istiqbolda qilinishi lozim bo‘lgan ko‘plab vazifalar belgilab berildi. Ochig‘i, ushbu yig‘ilish qurilish, arxitektura va shaharsozlik sohasini tubdan isloh qilishda soha vakillari uchun yangi davrni boshlab berdi. Endilikda har bir viloyatda shaharsozlik hujjatlari nazorati bo‘limida arxitektorlar tomonidan nazorat qat’iy ta’minlanadi. Bu jarayonlarga shaharsozlik normalari borasida yaxshi ko‘nikma va tajribaga ega arxitektorlar jalb qilinadi.

Ushbu masalalar Qurilish vazirligining bevosita vazifalari hisoblanadi. Gap shundaki, rivojlangan davlatlarda shaharlarni arxitekturaviy rivojlantirish va qurilish-bunyodkorlik ishlarida nafaqat davlat nazorati ta’minlanadi, balki bu yerda oddiy fuqaro, keng jamoatchilikning fikri ham inobatga olinadi. Bu borada har bir fuqaro o‘z munosabatini erkin bildirish huquqiga ega. Demak, noqonuniy qurilishlarni oldini olishda bizda ham avvalo, mas’uliyat birlamchi masalaga aylanishi lozim.

Oxirgi yillarda qurilish sohasi rivojiga qaratilgan 22 ta qaror va farmonlar qabul qilindi. So‘ng­gi besh yilda 250 ming xonadonli 8 mingdan ortiq ko‘p qavatli uylar qurildi. Bu bilan 250 mingta oilaning ko‘ngliga yorug‘lik kirdi. Torgina uyda 3-4 oila bo‘lib yashayotgan aka- ukalarning o‘z xonadoniga ega bo‘lishdek orzulari ro‘yobga chiqdi. Albatta, o‘tgan qisqa 5-6 yillik davr yangi tarix bo‘lib muhrlanayotgani bor gap. Xususan, 2021 yilning 9 dekabrida yana bir tarixiy hujjat qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni uy-joyga ehtiyoji bor minglab fuqarolarning ko‘nglidagi gap bo‘ldi. Ushbu Farmon bilan hududlarning ijtimoiy ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, infratuzilmasini yaxshilash ham maqsad qilindi. Bugungi kunda yurtimizda 29 ta massiv tanlab olingan va amaliy ishlar boshlab yuborilgan.

Jumladan, respublika bo‘yicha qurilish ishlari hajmi 2020 yilda 88,1 trln so‘mni, 2021 yil 107,5 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil may oyi yakunlari bo‘yicha 45 trln so‘mni tashkil etmoqda. Qurilish sohasida davlat nazorati takomillashtirildi va inspeksiyaning nazorat funksiyalari kuchaytirildi. Natijada qurilish ishlarini boshlash uchun ob’ektni ro‘yxatdan o‘tkazish hamda tugallangan ob’ektlarni foydalanishga topshirish bo‘yicha yangi reglament qabul qilindi. Kamchiliklar o‘z vaqtida bartaraf etilmagan taqdirda hududiy inspeksiyalar tomonidan pudrat tashkilotini to‘g‘ridan-to‘g‘ri jarimaga tortish vakolatlari berildi.

Endilikda ob’ektlarda nazorat o‘rnatish bo‘yicha “Qurilish nazorati” axborot tizimi joriy qilindi. Unga ko‘ra, ob’ektlarni ro‘yxatga olish tizimida “ruxsatnoma berish” tartibidan voz kechilib, “xabarnoma berish” tamoyiliga o‘tildi. Shuningdek, qurilish ob’ektlarida aniqlangan barcha kamchiliklar fotosuratlari bilan birgalikda tizimga onlayn ravishda kiritilishi ta’minlandi va nazorat jarayonlari avtomatlashtirildi. Jumladan, bugungi kunga qadar ushbu tizim orqali 26 mingdan oshiq ob’ekt nazoratga olindi. Xususan, ushbu tizim yordamida Qurilish nazorati inspeksiyasi tomonidan 56 ming marta monitoring o‘tkazildi. Natijada qoidabuzarlarga 55 mingta yozma ko‘rsatma berildi hamda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi sababli 3 mingta holat bo‘yicha sudlarga hujjat kiritildi.

Ayni paytda “Qurilishda davlat nazorati” axborot tizimi yanada takomillashtirilmoqda. Endilikda, buyurtmachi, loyihachi va pudrat tashkilotlari xodimlari uchun shaxsiy kabinetlar joriy etiladi. Ular tas­niflanib, qurilish-montaj ishlari davrida hujjat ayriboshlash mexanizmi to‘liq elektronlashtiriladi. Inspektor nazoratida “chek-list” so‘rovnomasi imkoniyatini joriy qilish orqali qurilish-montaj ishlariga baho berish tartibi belgilandi. Endi qurilish ob’ektiga kirib kelayotgan qurilish materiallari hisobini yuritishda elektron jurnal tizimiga o‘tiladi. Inspeksiya mas’ullariga interaktiv xarita orqali rejadagi va joriy qurilayotgan ob’ektlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida kuzatish hamda monitoring qilish imkoni yaratiladi.

Said TO‘XTAYEV, Qurilishda nazorat inspeksiyasi rahbari o‘rinbosari:

– Albatta, hech qaysi tadbirkor yoki qurilish tashkiloti istagan joyi­da qurilishni amalga oshirolmaydi. Ammo guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, ba’zi noqonuniy holatlar ham kuzatilmoqda. Shuni ta’kidlash lozimki, qayerdadir qurilish boshlandimi, demak, uni tag osti hujjati bor. Loyiha kelishilib, qurilishga ruxsat tekkunicha tegishli mutasaddi tashkilotlardan kerakli xulosalar olinadi va bu xulosalar asosida ish bajariladi. Xulosada berilgan talablar bajarilgandan keyingina qurilishga ruxsat beriladi va qurilish nazoratga olingan holda amalga oshiriladi. So‘ngi besh-olti yil mobaynida qurilishda nazorat ancha kuchaytirilyapti. Maqsad, noqonuniy qurilishlarni kamaytirib, yo‘q qilishdan iborat. Bu ishlarni xalq va jamoatchilik nazorati bilan birgalikda amalga oshirsak, kelajakda noqonuniy qurilishlarga barham bera olamiz. Yil boshidan beri bu ishlarga qattiq kirishilib, har bitta viloyatda monitoring ishlari olib borilyapti.

- reklama -spot_img

Mavzuga oid

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

So‘nggi xabarlar

spot_img