|

|

2026-уіӏ 25-Aprel, Shanba
spot_img

Nazarbek shaharchasida zamonaviy temir yo‘l ko‘prigi qurilmoqda

Muhim xabarlar

Rayhona Xo‘jayeva
Rayhona Xo‘jayeva
2003-2007-yillar davomida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetini bakalavr, 2009-yilda magistratura bosqichini tugatgan. Uning ta’lim-tarbiya, ma’naviy-ma’rifiy, qurilish-bunyodkorlik mavzularidagi maqolalari matbuot sahifalarida chop etilib kelinmoqda.

Ayni paytda yurtimizning barcha hududlarida vatanimiz mustaqilligi tantanalariga tayyorgarlik avjida. Eng ulug‘ va eng aziz bayramga yurtdoshlarimiz ham o‘z hissalarini qo‘shish maqsadida ezgu ishlarni amalga oshirmoqda. Xoh bunyodkorlik, xoh obodonchilik bo‘lsin, bularning barchasi shu aziz yurt ravnaqi, rivoji uchun xizmat qilishi tayin.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiya­dorlik jamiyati ham poytaxtimiz va viloyatlarda xalqimiz farovonligi hamda ularga har tomonlama qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan bunyodkorlik ishlari bilan jonajon vatanimiz rivojiga hissa qo‘shib kelayapti. Xususan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi “Ko‘prikqurilish tresti” unitar korxonasining 13-Ko‘prikqurilish otryadi jamoasi tomonidan Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi Nazarbek shaharchasi hududidan o‘tgan temir yo‘l va avtomobil yo‘llari kesishmasida barpo etilayotgan yangi va zamonaviy yo‘l o‘tkazgich – ko‘prigini qurish ishlarini jadal sur’atlarda olib borilayotgani fikrimizning isbotidir.

Bugun katta hajmdagi qurilish-bun­yodkorlik ishlari natijasida yangi-yangi manzillar, shaharchayu mahallalar barpo etilib, aholi farovonligi oshmoqda. Yangi manzillar esa o‘z navbatida yo‘llarga bo‘lgan ehtiyojni yanada oshirishi tabiiy hol. Qolaversa, bugun har bir oilada ikki-uchtadan avtomobil bo‘lishi hech kimni ajablantirmay qo‘ydi. Bu ham kun sayin yo‘llarimizning o‘tkazuvchanlik xususiyati pasayib, ularni kengaytirish, yo‘l o‘tkazuvchi ko‘p­riklar barpo etishga ehtiyojni yanada orttiryapti. Toshkent shahri va viloyat markazlarida so‘nggi yillarda ko‘plab ko‘priklar barpo etilayotganining bosh sababi ham shu – odamlarning vaqtini tejash, uzog‘ini yaqin qilish, tirbandliklarni oldini olishdir.

Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi Nazarbek shaharchasida ham so‘nggi yillarda aholi soni ortdi. Ayni paytda ushbu shaharcha hududidagi to‘qqizta mahallada 32 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Ko‘pchilikka ma’lum, ularni bir necha yildan buyon qiynayotgan masala ushbu hududdan o‘tuvchi temir yo‘l va avtomobil yo‘li kesishmasining vaqti-vaqti bilan yopilib turishi va uzundan uzoq tir­bandliklarning kelib chiqishi oqibatida shahar markazi va shaharchaga yetib olish masalasining qiyinlashib borayotgani edi.

Ma’lumki, 4R253 avtomobil yo‘li bilan kesishgan temir yo‘ldan har kuni yuk poyezdlari o‘tib turadi. Poyezd qatnovi tufayli avtomobil yo‘li shlagbaum bilan yopiladi, yo‘llar to‘siladi. Ba’zida manyovr teplovozi yo‘lni almashtirib olishi uchun qariyb 10 daqiqagacha to‘sib qo‘yiladi. Ayniqsa, ertalab va kechqurun yo‘lning yopilishi natijasida Toshkent shahriga ishga kelayotgan va ishdan qaytayotgan aholining avtotransportlaridan iborat ulkan tirbandlik hosil bo‘ladi.

Endilikda ushbu muammoning yechimi topilmoqda, desak adashmagan bo‘lamiz. Chunki hudud aholisidan tushgan ko‘plab murojaatlar natijasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 28 dekabrdagi “2021-2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 28 apreldagi 198-F-sonli farmoyishiga asosan, “4R253 “Toshkent shahri – Turkiston sh/x – Qozog‘iston Respublikasi chegarasi” avtomobil yo‘lining 3 kilomet­ridagi temir yo‘l ustidan yo‘l o‘tkazgich qurish” loyihasi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, “Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi” davlat unitar korxonasi buyurtmachi sifatida belgilangan. Loyihani esa “Yo‘l-loyi­ha byurosi” mas’uliyati cheklangan jamiyati mutaxassislari tayyorladi. Bosh pudratchilikka “Ko‘prikqurilish tresti” unitar korxonasi tarkibidagi 13-Ko‘p­rikqurilish otryadi tanlandi.

Loyihaga ko‘ra, ushbu temir yo‘l va avtomobil kesishmasida yangi yo‘l o‘tkazgichni temir yo‘l ostidan tonnel shaklida o‘tkazish loyihasi bir oz murakkab. Shunday bo‘lsa-da, natijasi samarali bo‘lishi kutilmoqda.

Loyiha doirasida quyidagi ishlarni bajarish rejalashtirilgan:

  • umumiy uzunligi 398 metr, kengligi 22 metr, ko‘prik osti balandligi esa 7 metr bo‘lgan tonnel tipidagi yo‘l o‘tkazgich qurilishini amalga oshirish;
  • tonnel ustidan o‘tuvchi 3 izli, uzunligi 32.25 metr, kengligi 18.5 metr­li, sxemasi 2×13 bo‘lgan temir yo‘l ko‘prigi qurish;
  • 28 metr uzunlikda, 12,5 metr keng­likdagi avtomobil yo‘li ko‘prigi qurilish loyihasi puxta va har bir holat jiddiy o‘rganib chiqilgach, tasdiqlanishi belgilangan.

– Ushbu yirik loyihaning dastlabki qurilish ishlari 2021 yilning so‘nggi oylarida boshlandi, – dedi 13-Ko‘prikqurilish otryadi muhandisi Zafarjon Irgashev. – Dastlab, tajribali mutaxassislarimiz bilan loyi­haning har bir jihatini puxta o‘rganib, zamonaviy texnikalarda tuproq ishlarini bajardik. Shundan so‘ng, mustahkam temir-beton poydevorlari bosqichma-bosqich tayyorlandi. Ayni paytda yer osti yo‘l o‘tkazgichining poydevorlarida qurilish ishlari tugatilib, loyiha doirasida navbatdagi ishlar bajarilmoqda. 13-Ko‘prikqurilish otryadi jamoasidan iborat 50 nafarga yaqin tajribali mutaxassislar bilan 20 dan ziyod zamonaviy texnikalarda yangi ko‘prik qurish ishlarini sifatli olib boryapmiz.

Muhandisning ta’kidlashicha, qurilish ob’ektiga zarur bo‘lgan temir-beton mahsulotlari “Ko‘prikqurilish tresti” unitar korxonasiga qarashli tashkilotlarda ishlab chiqarilgan bo‘lib, materiallar o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda. Bugunga qadar loyiha doirasida geodeziya ishlari amalga oshirilib, qurilish hududiga tushgan kommunikatsiyalarni ko‘chirish hamda vaqtinchalik temir yo‘l izini qurish ishlari olib borilyapti. Ob’ektning tonnel qismida poydevor qazish ishlari 25 ming kub metr (24 foiz) bajarilib, betonlandi. 94 dona temir-beton bloklari montaj qilinib, poydevor qismi bilan biriktirish ishlari olib borilmoqda. 12 ta kartada kotlovanlarni qayta ko‘mish ishlari bajarilyapti.

Bir so‘z bilan aytganda, bugun Nazarbek shaharchasiga olib boruchi 4R253 avtomobil yo‘li bilan kesishgan temir yo‘l hududini katta qurilish maydoni, deya ta’riflasak arziydi. 2023 yilda qurib bitkazilishi rejalashtirilayotgan ushbu zamonaviy ko‘prik foydalanishga topshirilgach, 32 mingdan ziyod mahalliy aholi va ushbu yo‘ldan o‘tib qaytayotgan boshqa haydovchilarning ancha vaqti tejaladi. Qolaversa, avtoulovlar tirbandligi barham topishi natijasida atrof-muhim ekologiyasi musaffoligi yanada yaxshilanadi.

- reklama -spot_img

Mavzuga oid

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

So‘nggi xabarlar

spot_img