|

|

2026-уіӏ 25-Aprel, Shanba
spot_img

Bunyodkorlik orqali hudud o‘zgacha chiroy ochmoqda

Muhim xabarlar

Nargiza Miryoqubova
Nargiza Miryoqubova
"2011-2015 yillarda O‘zbekiston Davlat San’at va Madaniyat institutini tamomlagan. Yurtimizda amalga oshirilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlari haqidagi ko‘plab maqolalari matbuotda chop etilgan. 2016 yildan buyon “O‘zbekiston bunyodkori” gazetasi muxbiri.

O‘tmishda yashab o‘tgan buyuk allomalarimiz yaratib qoldirgan boy madaniy merosni o‘qib-o‘rganish, asrab-avaylash, ularning tabarruk qadamjolarini obodonlashtirish bugungi kunning muhim talablaridan sanaladi. Ana shu maqsadda Prezidentimizning bevosita tashabbusi bilan nafaqat yurtimiz, balki, Islom olamidagi tabarruk qadamjolardan biri – buyuk muhaddis Imom al-Buxoriy ziyoratgohini qayta qurish va obodonlashtirish jarayonlari boshlab yuborildi.

Viloyat hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi” injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida “Enter Engineering” kompaniyasi quruvchilari tomonidan barpo etilayotgan majmuaning umumiy maydoni 4,8 gektardan iborat bo‘lib, uning 2,8 gektar qismida masjid, ayvonlar, maqbara, tahoratxona va mehmonxonalar qurish, qolgan qismida esa obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

– Samarqand viloyati hokimligi “Yagona buyurtmachi” injiniring kompaniyasi buyurtmachiligi asosida 2022 yil dastur doirasida 110 dan ziyod ob’ektlarda qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilishi belgilangan, – dedi kompaniya bo‘lim bosh­lig‘i Anvar Qodirov. – Shundan, 10 tasi yildan yilga o‘tuvchi hisoblanadi. 100 tasida bugungi kunda loyiha hujjatlari ishlab chiqilib, ekspertiza xulosalari rasmiylashtirilgan. Tanlov asosida pudrat tashkilotlari aniqlanib, hozirda joylarda qurilish-montaj ishlari boshlangan. Shu bilan birgalikda 2021 yil dasturi asosida Imom al-Buxoriy majmuasini qayta rekonstruksiya qilish belgilangan bo‘lib, bugungi kunda qurilish-montaj ishlari tender asosida g‘olib bo‘lgan “Enter Engineering” kompaniyasi tomonidan qurilish me’yorlari asosida olib borilmoqda. Qurilishda doimiy sifat nazorati o‘rnatilgan, zamonaviy texnikalardan foydalanilmoqda. 750 dan ziyod ishchi-xodimlar jalb qilingan. Ob’ektni 2023 yil oxirida foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan. Ob’ektda injiniring kompaniyasining texnik nazoratchilari tomonidan doimiy texnik sifat nazorati o‘rnatilgan.

Majmuaning kirish qismida tomonlari 60 metrga 60 metrni tashkil qiluvchi 4 ming kv.metr maydonni egallagan masjid binosi qad rostlamoqda. Masjid peshtoqining balandligi 29 metrni, gumbazning balandligi esa 47 metrni tashkil qiladi. Masjidning ikki yonida unga tutash dahlizlar, har biri bir vaqtda 168 nafar kishiga xizmat ko‘rsatuvchi ayollar va erkaklar tahoratxonalari, majmua xodimlari uchun xizmat xonalari barpo etilmoqda.

– Qurilish maydonimiz 5 gektar, – dedi “Enter Engineering” kompaniyasi yetakchi mutaxassisi Faxriddin Abdullayev. – Masjid qurilish maydoni 2 gektar, bundan tashqari 4 ming kvad­rat metrdan ziyod hududda ko‘kalamzorlashtirish va daraxt ekish ishlari olib borilmoqda. Masjidning o‘zida 10 ming kishilik joy bor. Agar bu yerda Hayit namozlari o‘qiladigan bo‘lsa, 25 mingga yaqin kishi sig‘dira oladi. Birinchi qavat ayvon, uning pastida esa yerto‘la bor. Ya’ni, u yer muzey bo‘ladi yoki imomlarga xizmat ko‘rsatadigan xona. Rekonstruksiya ishlarini 2021 yil fevral oyida boshlagandik. Nasib bo‘lsa, ob’ektni 2023 yilda topshirishni reja qilyapmiz. Hozirda qurilish maydonida 750 kishi ishlamoqda, ulardan 150 nafari Turkiyadan kelgan mutaxassislar. Bizning qonun talablarimizga muvofiq, turkiyalik qurilish sohasidagi ishchilar 3 yil malaka ko‘nikmasiga ega bo‘lishi kerak. Undan tashqari, bu yerda ularning ham uskunalar, ham xavfsizlik qoidalari mezonlari bilan ishlash ko‘nikmalari oshiriladi.

E’tiborlisi, masjid ostidagi hamda unga tutash dahlizlar ostidagi yerto‘lalarda ham namozxonalar uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Natijada juma va Hayit namozlari paytida qariyb 10 ming namozxon masjid ichida, yana 15 ming nafari esa majmua hovlisida va atrofdagi ayvonlarda ibodatlarni ado etishlari mumkin bo‘ladi.

Bu ziyoratgohga tashrif buyuruvchilarga yaratayotgan qulayliklarimizdan biri bu barcha zamonaviy sharoitlarga ega 2 qavatli mehmonxonalar. Bu mehmonga kelgan ziyoratchilar uchun juda qulay, chunki uning ichida barcha sharoitlar bor. Shu bilan birga 2, 3 va 5 qavatli 20 dan ziyod mehmonxonalar qurilmoqda. Bu yerda 160 dan ortiq odamlarga mo‘ljallangan tahoratxonalar bo‘ladi. Bundan tashqari, tashrif buyuruvchilar uchun maxsus konferens zal ham bor. Masjid 6 qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismi Masjid, 2- va 3-qismlari dahlizlar, 5- va 6-qismi esa imomlarga xizmat ko‘rsatish xonalari bo‘ladi. Masjid qoplamalari chet eldan keltirilgan, eng toza va sifatli oq marmardan qurilmoqda. Naqsh va shakllar o‘zimizni milliy uslubda yaratilmoqda. Eshik-darvozalar ham milliy yog‘och o‘ymakorlik san’ati asosida qurilgan. Masjidda imomlar maktabi, Imom al-Buxoriy nomidagi Ilmiy markaz ham bunyod etildi. Maj­mua atrofiga xorijdan keltirilgan daraxt va o‘simliklarning ekilishi ham hududga qo‘shimcha go‘zallik baxsh etadi. Tashrif buyuruvchilar bir paytning o‘zida tashkil etilgan muzeyni tomosha qilishlari, namoz o‘qishlari va mehmonxonalarda dam olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.

Majmuada amalga oshirilayotgan qurilish obodonlashtirish ishlari davomida Imom al-Buxoriy maqbarasining avvalgi ko‘rinishini saqlagan holda qabr atrofi kengaytirilib, ziyoratchilar uchun har tomonlama qulaylik yaratish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, avvalgi 9 metr hajmdagi maqbara o‘rniga tomonlari 12,8 metrdan iborat bo‘lgan, balandligi 26 metrni tashkil qiluvchi maqbara bunyod etilmoqda. E’tiborlisi, ziyoratga keluvchilar maqbaraga nafaqat majmua hovlisidan, balki atrofdagi ayvonlar ostidagi yerto‘la orqali ham kelishlari mumkin bo‘ladi. Majmua atrofida 4 ta ulkan minora ko‘kka bo‘y cho‘zmoqda. Har birining balandligi 75 metr bo‘lgan minoralar majmuaga ulug‘vorlik va salobat ba­g‘ishlaydi.

– Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan bu yerda ulkan qurilishlar bo‘lyapti, – dedi shu mahallada istiqomat qiluvchi Qurbon Hudoyqulov. – Mehmonxonalar, obodonlashtirish ishlari olib borilib, tumanga kirish qismida Turizm qishlog‘i barpo qilinyapti. Bu yerda sayyohlarni qabul qilish, mehmonxonalarda kelgan mehmonlarni ko‘nglini olish uchun sharoitlar muhayyo etilyapti. Bu yerda bir qancha yangi ish o‘rinlari, istiqomat qiladigan aholi uchun ham katta imkoniyatlar yaratiladi. Majmua bitgach, dunyo musulmonlarining bu yerga tashrifi va ziyoratining soni oshishi kutilmoqda. Har bir ko‘cha, xiyobonlar obod qilinib, ko‘chalarga asfalt yotqizilmoqda. Majmua qurilishi asnosida hudud yangicha qiyofa kasb etmoqda.

E’tiborli jihati, majmuada amalga oshirilayotgan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari, barpo etilayotgan yangi va zamonaviy mehmonxonalar, xalqaro andozalarga xos va mos keladigan maishiy xizmat va sanitariya-gigiyena shoxobchalari kelgusida mahalliy hamda xorijiy ziyoratchilarga qulaylik yaratib, ziyorat turizmini rivojlantirishga pirovardida, hudud aholisining turmush farovonligini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

- reklama -spot_img

Mavzuga oid

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

So‘nggi xabarlar

spot_img