Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Djambul 4-tor ko‘chasi 23-uyda joylashgan buyurtmachi “Usmanov Shaxriyor Jamshetovich”ga tegishli bo‘lgan “Mehmonxona binosi qurilishi” bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining buyrug‘i bilan ishchi guruh tuzildi. Vazirlik mutasaddilari, Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi mutaxassislari, tegishli idoralar, shuningdek, tashkilotlar mas’ullaridan iborat ishchi guruh yuzaga kelgan holatni joyiga borib o‘rgandi.
Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan nazorat olib borish davrida buyurtmachi handak qazish ishlarini tasdiqlangan loyiha chizmasiga zid ravishda olib borgani aniqlangan. Oqibatda, qurilish texnologiya qoidalari va texnika xavfsizligi qoidalariga zid ravishda yon tomondan joylashgan bino devorlariga taqagan holda handak qazish ishlari bajarilgan. Buning oqibatida qo‘shni obe’ktlar zarar ko‘rgan.
Jumladan, ushbu ob’ektga yonma-yon joylashgan “Orient Plaza” mehmonxonasi vakillari ham o‘z noroziligini bildirishgan. Shuningdek, qurilishga tegishli tasdiqlangan ishchi loyihasi va yig‘ma ekspert hulosasida bir qator kamchiliklar QMQ va ShNQ talablariga zid ravishda bajarilganligi aniqlandi.
Shu kunga qadar, Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Djambul 4-tor ko‘chasi 23-uyda joylashgan buyurtmachi jismoniy shaxs Shahriyor Usmanovga tegishli “Mehmonxona binosi qurilishi” O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 apreldagi 200-sonli qaroriga asosan, Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi tomonidan loyiha-smeta hujjatlarini kelishish bo‘yicha Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organi tomonidan 2022 yil 20 sentyabrdagi 54600-sonli xulosasi berilgan. Shu bilan birga, “Triumf proekt” MChJning 2023 yil 29 martdagi 012/01-sonli yig‘ma ekspert xulosasi olingan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 apreldagi 200-sonli qaroriga asosan, Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasining 2023 yil 14 aprelda Davlat xizmatlari agentligi orqali xabardor etgan holda qurilish-montaj ishlarini boshlagan.


