|

|

2026-уіӏ 25-Aprel, Shanba
spot_img

Yurtiga boshpana qurgan insondan yanada baxtliroq kim bordir, axir!

Muhim xabarlar

Poytaxtimizdagi Xalqaro forumlar saroyida Qurilish sohasi xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda respublikamizning barcha viloyatlaridan kelgan qurilish sohasi vakillari ishtirok etishdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoevning soha xodimlariga yo‘llagan tabrigini Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi.
Xususan, yurtboshimiz tabrigida “Sizlarning olijanob mehnatingiz bilan barpo etilayotgan yangi-yangi turar joylar, ishlab chiqarish ob’ektlari, yo‘l va kommunikasiya tarmoqlari, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport maskanlari mamlakatimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirib, hayotimizning yanada obod va farovon, fayzli bo‘lishiga xizmat qilmoqda. Darhaqiqat, xalq manfaatini o‘ylab mustahkam va ko‘rkam imoratlar qurish, ravon yo‘l va ko‘priklar bunyod etish dunyodagi eng savobli va xayrli ishlardan biridir” deya alohida ta’kidlangani ham fidokor qurilish sohasi xodimlarining sharafli mehnatiga berilgan eng odil baho bo‘ldi, desak arziydi.
Zero, bugun chor-atrofda jadallik bilan davom etayotgan bunyodkorlik ishlari tufayli jonajon yurtimiz o‘zgacha chiroy ochib, zamon bilan tengma-teng odimlamoqda. Shahar va qishloqlarimizdagi biri-biridan ko‘rkam, ayni damda zamonaviy arxitektura me’yorlari asosida qurilgan ijtimoiy-iqtisodiy ob’ektlar, madaniy-ma’rifiy maskanlarning ajib qiyofasi, aholi uy-joylarining orastaligi, shinamligi hamda har oilaning munosib sharoitda yashashi uchun barcha qulaylikka egaligi o‘tgan qisqa davrda qurilish sohasi naqadar yuksalganidan dalolatdir.
Soha xodimlarining bayram taaassurotlari hamda yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdik.
Botir ZAKIROV, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri:
– Muhtaram Yurtboshimizning bizga yo‘llagan tabriklarini tinglab, unda bildirilgan ezgu tilaklardan shu sohaning vakili sifatida men ham juda ta’sirlandim. Yurtimizning yanada obod bo‘lib, shaharu qishloqlarning ko‘rkam manzilga aylanayotgani zamirida o‘z kasbining fidoyisi bo‘lgan qurilish sohasi xodimlarining zahmatli mehnati mujassamdir. Bugun jonajon Vatanimiz misli ko‘rilmagan darajada jadallik bilan olib borilayotgan qurilish va bunyodkorlik maydoniga aylangan. Respublikamiz bo‘yicha jami qurilish ishlarining hajmi 2022 yilda 131 trln so‘mga yetib, joriy yil birinchi yarim yilligida 68 trlnni tashkil qildi. Shuning o‘ziyoq, qurilish sohasi yurtimiz iqtisodiyotining muhim drayveriga aylanganini ko‘rsatmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, bizga katta mas’uliyat yuklaydi. Aziz sohamiz fidoyilari, mana shu vazifani zimmangizdagi muqaddas burch deb bilib, o‘z ishingizga sidqidildan yondashayotganingiz alohida e’tirofga sazovordir. Men ham butun umrimni, bor kuch-shijoatimni shu sohaga bag‘ishlaganimdan faxrlanaman!
Azimjon QURBANBAEV, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri:
– Azaldan bunyodkor xalqning vorislari sifatida bugungi kunda ham shaharu qishloqlarimizning zamonaviy arxitekturasini rivojlantirish maqsadida qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirib kelmoqdamiz. Bu jarayonga qoraqalpog‘istonlik bunyodkorlar, me’moru muhandislar ham o‘z mehnati bilan hissa qo‘shib kelyapti. Kasb bayrami munosabati bilan ardoqlanish har kimga ham o‘zgacha zavq bag‘ishlashi shubhasiz. Shu fursatdan foydalanib, men ham yurtimizdagi barcha qurilish sohasi xodimlariga muvaffaqiyat tilayman. El koriga yarashdan, ularga qulay sharoit yaratishdan aslo, charchashmasin. Qoraqalpoqiston Respublikasida ham bugun keng ko‘lamda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarida zamonaviy texnologiyalar va uslublardan, shaharsozlik normalari va me’yorlaridan unumli foydalanilmoqda. Joriy yilda jami 3000 dan ortiq xonadonga ega 80 dan oshiq ko‘p qavatli uylarni bosqichma-bosqich foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

- reklama -spot_img

Mavzuga oid

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

So‘nggi xabarlar

spot_img