Tarixdan ma’lumki, Namangan hunarmandlari bilan ham dong taratgan. Namangan shahrida hatto temirchilik, to‘nchilikka ixtisoslashgan mahallalar shakllangan bo‘lsa, Chust tumani pichoqchilari bilan tanilgan. Hunarlarning esa turi ko‘p va geografiyasi ham keng. Lekin qo‘l mehnatini yengillatib yoki bundan voz kechib, masalaga ilmiy yondashib, mahsulot tayyorlashni zamonaviy texnikalar zimmasiga yuklash davri kelganligini inkor etmasligimiz zarur. Zero, mamlakatimizda bo‘lgani kabi viloyatimizda ham hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirishga, uni har jihatdan takomillashtirishga, hunarmandlarni xomashyo va moliyaviy resurslar bilan uzluksiz ta’minlashga hamda mahsulotlarni realizasiya qilish uchun bozorlarni kengaytirishga doimiy e’tibor qaratilmoqda. Aynan shu maqsadda 2023 yil 12 iyun’ kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Aholini hunarmandchilikka jalb qilish va hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi.
Muxbirimiz Muhiddin MAG‘ZUMOV mazkur hujjatning mazmun-mohiyati va viloyatda sohada amalga oshirilgan ishlar haqida “Hunarmand” uyushmasi Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i Zohidjon VALIEV bilan suhbatlashdi.
– Farmonning mazmun-mohiyati va uning ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot bersangiz.
– Farmonda “Hunarmand” uyushmasiga hududlarda hunarmandchilik faoliyatining har bir yo‘nalishini alohida yondashuvlar asosida rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish, ayniqsa, hunarmandchilikning yo‘qolib ketayotgan turlarini saqlab qolish va kelgusi avlodlarga yetkazish ustuvor vazifa sifatida yuklatildi. Buning uchun hunarmandlarga bir qator imtiyoz va qulayliklar berildi. 2023 yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kasanachilik va hunarmandchilikni rivojlantirishga ajratilayotgan mablag‘larning kamida 70 foizi ana shunday loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.


