Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida vazirning birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi, Fanlar akademiyasining Seysmologiya instituti mutasaddilari ishtirokida ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda mutaxassislar jurnalistlarning “O‘zbekistonda uy-joylar qurilishi seysmik xavfsizlik talablari qanday omillarga tayanadi?” mavzusidagi savollariga javob berishdi.
Shuningdek, suhbat davomida Vazirlar Mahkamasining “Iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlar xavfiga nisbatan milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish hamda samarali amalga oshirishni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati, unda belgilangan dolzarb vazifalar yuzasidan yig‘ilganlarga batafsil ma’lumot berildi.
– Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekistonda uy-joylar qurilishi seysmik xavfsizlik talablari qanday omillarga tayanadi” qarorida ko‘rsatilgan statistika ayrim ommaviy axborot vositalarida noto‘g‘ri talqin qilinganini ta’kidlash lozim, – dedi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov. – Qarorda ko‘plab binolar, ayniqsa, yakka tartibdagi uylar qurilish norma va qoidalarini hisobga olmagan holda qurilgani sababli uy-joy qurilishi ob’ektlarining 70 foizi seysmik barqaror emas, deyilgan. Shuni alohida qayd etish kerakki, yakka tartibdagi uy-joylarni qurish loyihalari soddalashtirilgan ko‘rinishda ishlab chiqilgan. Bu yerda gap yerli xonadonlar, ya’ni hovlilar qurilishi haqida ketmoqda. Ularni esa xonadon egalari o‘z imkoniyatidan kelib chiqib barpo qiladi. Mazkur uylarda konstruktiv yechimlarning aks ettirilishi talab etilmaydi va ushbu loyihalar ekspertizadan o‘tkazilmaydi. Qurilish materiallarini tanlash, ularni tegishli normativ hujjatlarga muvofiq ishlatish qurilishni amalga oshiradigan fuqarolar zimmasida bo‘ladi. Mazkur loyihalar tuman (shahar) qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limlari tomonidan davlat xizmatlari markazlari yoki elektron portal orqali kelishiladi Shuni yodda tutish kerakki, yakka tartibdagi uy-joylar (ya’ni o‘zi istiqomat qilayotgan uylar)ni sifatli qurish avvalo, uy egasining zimmasidagi birlamchi vazifa hisoblanadi.



