Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus tumani “Kerder” ovul fuqarolar yig‘inida ham “Obod mahalla”, “Obod ko‘cha”, “Obod xonadon” dasturlari asosida hududinfratuzilmasini yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur ovul fuqarolar yig‘inida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi munosabati bilan “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi A.Orinbaev ishtirok etib, yig‘ilganlarni eng ulug‘, eng aziz bayram bilan
qutladi va ovul fuqarolar yig‘ini aholisining turmush sharoitini yaxshilash
borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda ovul fuqarolar yig‘iniga olib keluvchi 1,4 kilometr yo‘lga asfal’t yotqizildi, 35 ko‘chaga 20 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortilishi boshlandi, homiylik hisobidan bir xonadonga artezian quduq qazib berildi. Hududga 1 ta yangi transformator o‘rnatildi, 80 ta yaroqsiz tayanch olib tashlandi, 179 dona gaz
ballon tarqatildi. Ovuldagi 9-sonli bolalar bog‘chasi 4,5 milliard so‘m evaziga kapital ta’mirlanmoqda, madaniyat markazi binosi qurildi.


