|

|

2026-уіӏ 25-May, Dushanba
spot_img

O’ZBEKISTON XALQIGA BAYRAM TABRIGI

Muhim xabarlar

Aziz vatandoshlar, muhtaram fahriylar!


Bugungi shonli bayram – 9 mayXotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk gʼalabaning 79 yilligi munosabati bilan moʼtabar faxriylarimizni, koʼp millatli butun xalqimizni samimiy muborakbod etib, barchangizga oʼzimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman. Ushbu qutlugʼ kunda insoniyat tarixidagi eng dahshatli urushda jasorat koʼrsatib, bashariyatni fashizm balosidan saqlab qolgan qahramon ota-bobolarimiz hamda front ortida mardona mehnat qilib, gʼalabani taʼminlashga munosib hissa qoʼshgan mard va olijanob yurtdoshlarimiz xotirasiga yuksak hurmat-ehtirom bajo keltiramiz. Jang maydonlaridan omon qaytib, mamlakatimiz ravnaqi yoʼlida fidokorona xizmat qilgan, bugungi kunda ezgu duolari bilan hayotimizning fayzu farishtasi boʼlib kelayotgan qadrli urush va mehnat faxriylariga cheksiz tashakkurimizni izhor etamiz. Аyni vaqtda mustaqillik yillarida Vatanimiz ozodligi, xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini himoya qilish hamda oʼz xizmat burchini ado etish yoʼlida halok boʼlgan jasur harbiylarimiz xotirasini minnatdorlik bilan esga olamiz.

Qadrli do’stlar!

Bugun barcha shahar va qishloqlarimizda oʼtkazilayotgan tadbirlarda bu mudhish urush el-yurtimiz uchun qanday mislsiz talafot va musibatlar olib kelganini yana bir bor yodga olishimiz tabiiydir. Oʼsha ogʼir yillarda frontga safarbar etilgan 1 million 950 mingdan ziyod oʼzbekistonlik jangchilardan 538 mingdan koʼprogʼi halok boʼlgani, 158 mingdan ortigʼi bedarak yoʼqolgani, 870 mingdan oshigʼi turli jarohatlar olgani, 60 ming nafardan ziyodi esa nogiron boʼlib qaytgani bu gʼalaba biz uchun naqadar qimmatga tushganini yaqqol koʼrsatib turibdi. Аna shu qirgʼinbarot urush xalqimiz qalbida qoldirgan bitmas jarohatni, oradan shuncha vaqt oʼtgan boʼlsa-da, hamon unutib boʼlmaydi. Urush davrida 214 ming askar va ofitserlarimiz jangovar orden va medallar bilan taqdirlangani, ularning 301 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga, 70 nafariuchala darajadagi “Slava” (“Shuhrat”) ordeniga sazovor boʼlgani biz uchun, hech shubhasiz, buyuk gʼalabaning eng yorqin sahifalarini tashkil etadi. Metin irodali xalqimiz oʼsha tahlikali yillarda front ortida sabot va matonat bilan mehnat qildi. Sanoat korxonalarining faoliyati front ehtiyojlari uchun yoʼnaltirildi. Urush alangasi ichida qolgan hududlardan mamlakatimizga 170 dan ortiq zavod va fabrika koʼchirib keltirildi va qisqa muddatda ularning faoliyati qayta tiklandi. El-yurtimiz front uchun juda katta miqdorda harbiy texnika, qurol- yarogʼ, dori-darmon, kiyim-kechak, oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlar yetkazib berdi. Oʼzbekiston aholisi 1941-1943 yillarda mudofaa fondiga 475 mil­lion rubldan ortiq mablagʼni, 22 million rubllik qimmatbaho shaxsiy buyumlarini ixtiyoriy ravishda topshirgani gʼalabani yaqinlashtirishga yana bir muhim hissa boʼlib qoʼshildi. Xalqimiz yuksak odamiylik fazilatini namoyon etib, urush hududlaridan evakuatsiya qilingan 1 million 500 minggayaqin insonga boshpana berdi. Ota-onasidan judo boʼlgan 250 ming nafar yetim bolalarga mehr-oqibat koʼrsatib, soʼnggi burda nonini ham ular bilan baham koʼrdi.

Aziz vatandoshlar!

Аzim poytaxtimiz Toshkent shahrida xalqimiz jasoratining timsoli sifatida bunyod qilingan muhtasham “Gʼalaba bogʼi” yodgorlik majmuasi qisqa vaqt ichida qutlugʼ qadamjoga aylandi. Shu kungacha bu yerga 2 million 200 ming nafardan ziyod ziyoratchi tashrif buyurib, uni katta qiziqish va eʼtibor bilan tomosha qilgani ham bu fikrni tasdiqlaydi. Majmua jamoasi tomonidan ellikka yaqin kitob-albom va monografiyalar, noyob hujjatlar toʼplamlari yaratilib, hozirga qadar nomaʼlum boʼlgan yuzlab tarixiy faktlar aniqlanib, jamoatchilikka yetkazildi. “Bobomni izlayman” loyihasi doirasida urushda ishtirok etgan 2 million nafarga yaqin vatandoshlarimiz roʼyxati shakllantirildi. Yurtdoshlarimizdan kelib tushgan 300 dan ziyod murojaatlar boʼyicha urushda bedarak ketgan 200 nafar jangchining taqdiriga oid muhim maʼlumotlar toʼplandi.

Muhtaram do’stlar!

Bugungi bayram munosabati bilan jonajon Oʼzbekistonimizda xotira marosimlari, turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar, “uch avlod uchrashuvlari” oʼtkazilmoqda. Tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar, harbiy qismlar rahbarlari ishtirokida urush va mehnat faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʼida halok boʼlgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining oila aʼzolariga tabrik va sovgʼalar topshirishga bagʼishlangan marosimlar tantanali vaziyatda oʼtkazilmoqda. Muhtaram urush faxriylari xalqimizning doimiy e’tibori
va e’zozida bo’lib kelmoqdalar. Jumladan, yolgʼiz yashayotgan urush va mehnat faxriylari, istiqlolimiz himoyasi yoʼlida halok boʼlgan har-biy xizmatchilarning uy-joylari taʼmirlanib, obod qilinmoqda. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga patronaj xizmati va zarur tibbiy muolajalar koʼrsatilmoqda. Ular oʼz xohishlariga koʼra sanatoriylarda davolanmoqda. Hech shubhasiz, biz bugungi ozod va erkin hayot uchun aziz jonini ayamasdan kurashgan bunday ulugʼ insonlar oldida doimo qarzdormiz, ular uchun bundan buyon ham barcha sharoitlarni yaratib beramiz. Hozirgi gʼoyat murakkab va tahlikali zamonda yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, farzandlarimizni turli zararli taʼsirlardan himoya qilish, bebaho boyligimiz boʼlgan tinchlik va barqarorlikni, millatlar va dinlararo doʼstlik va ahillikni asrashdek oʼta muhim vazifalarni bajarishda qahramon faxriylarimizning jasorati, shonli anʼanalari biz uchun hamisha ibrat maktabi boʼlib xizmat qiladi. Biz ulardan ruh va kuch olib, Vatan himoyachilari, tinchlik posbonlari, Yangi Oʼzbekiston bunyodkorlari boʼlishdek yuksak
burchimizni albatta sharaf bilan ado etamiz.

Aziz va muhtaram yurtdoshlar!

Siz, azizlarni bugungi ulugʼ ayyom bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman. Barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman. Yurtimiz tinch, xalqimiz doimo omon bo’lsin!

Shavkat MIRZIYOYEV,
Oʼzbekiston Respublikasi
Prezidenti

- reklama -spot_img

Mavzuga oid

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

So‘nggi xabarlar

spot_img