O‘zbekiston qurilish sanoati bo‘yicha o‘z yo‘li va uslubiga ega bo‘lib ulgurdi. Buni katta hajmdagi qurilish ishlari va qurilish tashkilotlarining kundankunga ortib borayotganida ham ko‘rishimiz mumkin. Ko‘p qavatli, namunaviy tipdagi turar joylar, o‘zbekona uslubdagi shinam hovlilar yurtdoshlarimiz didiyu ko‘ngliga mos kelmoqda. Bugungi kunda tobora taraqqiy etib borayotgan shaharsozlik namunalarining qadimgi qiyofasi haqida nimalarni bilamiz? O‘zbekistonda milliy-an’anaviy uylar qanday qurilgan?
Qadimda shahar markazlarida mahalla va guzarlar shakllanib, ularda hunarmand
va savdogarlar ko‘plab do‘konlar (chorsu, tim, toqilar) qatorida o‘zlarining hashamatli turar joylarini ham qurganlar. Badavlat oilalarda hovli ikki qismga
bola-chaqa va ayollar uchun ichkari hamda erkaklar uchun mehmonxona tarzida tashqari xonalarga bo‘lingan. Hunarmandlarda do‘kon va shogirdlar yashaydigan xonalar
ham tashqarida bo‘lgan. O‘rtacha oilalarda mehmonxona sifatida uyning bir hujrasi ajratilgan, kambag‘allarda esa bu ham bo‘lmagan. Aksariyat uy-joylar oila a’zolarining soniga qarab bir necha xona, dahliz va ayvonlardan iborat bo‘lgan. Xo‘jalik xonalari, oshxona, hojatxona va molxona hovlida qurilgan. Zich aholili shaharlarda mehmonxona ikkinchi qavatda boloxonada joylashgan. Masalan, Buxoroda ikki yoki uch qavatli uylar qurish odat bo‘lgan. Toshkent va Buxoroda ayrim hovlilarning 80-90 foizi, hatto, 100 foizi imorat bilan band bo‘lgan va har bir metr joydan unumli foydalanilgan. Uy-joylarni qurishda ishlatiladigan
an’anaviy asosiy material loy (paxsa), g‘isht, guvala va yog‘och (asosan, terak va tol)
bo‘lgan. Pishgan g‘ishtdan ilgari madrasa, hammom va katta boy hamda amaldorlarning uylari qurilgan. Uylar xonadon egasining mavqeiga qarab jihozlangan. Mehmonxonalar o‘ziga xos milliy bezaklar bilan bezatilgan. Gilam, choyshab, so‘zana,
sandiq, quti, xontaxta kabi uy-ro‘zg‘or buyumlari bilan to‘ldirilgan.
Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Qo‘qon, Toshkent kabi ko‘hna shaharlarda asosan, XVIII – XIX asrlarga oid turar joy namunalari saqlanib qolgan. Ularni qurishda o‘ziga xos shaklu shamoyil, past-balandliklardagi mutanosiblik, mahalliy qurilish ashyolari, quyoshning jazirama issig‘ini to‘suvchi usullar ham hisobga olingan. Uylarning fayzi hovlilar orqali namoyon bo‘lgan, ko‘cha tomondan faqat o‘ymakor eshik va darvoza oldidagi ayvoncha ko‘zga tashlangan. Turar joylarni hovlisiz va ayvonsiz tasavvur qilib bo‘lmagan.


