Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘raeva boshchiligidagi mutaxassislar aholining kommunal sohaga oid muammolarini o‘rganish, ko‘p kvartirali uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash jarayoni bilan tanishish maqsadida Farg‘ona viloyatida bo‘lishdi.
Dastlab Qo‘qon shahridagi Yuksalish mahallasida bo‘lib, hududda sohani takomillashtirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar. Shuningdek, o‘rganish ishlari Farg‘ona shahridagi “Yangi O‘zbekiston” massivida ham davom etdi. 300 gektarlik maydonda 40 ming nafar aholiga mo‘ljallangan zamonaviy “Eko shahar” barpo etilgan bo‘lib, mazkur ob’ektda 300 ga yaqin ko‘p kvartirali uy qurish rejalashtirilgan. Bugungi kunda 73 ta ko‘p kvartirali uy qurib bitkazilgan. Shuningdek, 6 ta ijtimoiy soha ob’ekti barpo etilgan. Qayd etish kerakki, ushbu yangi uylarni ekspluatasiya qilish, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish uchun salohiyatli boshqaruv tashkiloti zarur. Shu ma’noda, Eko shaharda boshqaruv organi uchun ma’muriy bino ham tashkil etilmoqda. Vazir o‘rinbosari Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov va boshqa mutasaddilar bilan ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatish sohasidagi tashkiliy masalalarni muhokama qildi. Xususan, boshqaruv tashkiloti binosini aholi va ishchi xodimlar uchun qulay maskanga aylantirish lozimligi qayd etildi.


