Yangi o‘quv yiliga ham yaqin qoldi. Ayni paytda ta’lim muassasalarida tayyorgarlik avjida. O‘quvchilarni yangilangan va shinam xonalarda kutib olish, kerakli jihozlarni shay holatga keltirish mutasaddilar zimmasidagi asosiy vazifaga aylangan. Xususan, O‘zbekiston tumani Zinasha mahallasidagi 27-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ham “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida mukammal ta’mirlash ishlariga kirishildi. Joriy yilning fevral’-mart oylari davomida yurtimizda o‘tkazilgan loyihaning 1-bosqichida Zinasha mahallasidagi 27-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti jamoasi, ota-onalar va mahalla ahli ham faol ishtirok etib, muassasa infrastrukturasini yaxshilash bo‘yicha ilgari surgan tashabbuslari g‘olib deb topilgan. Tuman hokimi Sherzodjon Yuldashev ushbu maskanda bo‘lib, loyiha doirasida amalga oshirilishi belgilangan qurilish-ta’mirlash ishlari bilan yaqindan tanishdi. Loyihaga ko‘ra, 1991 yilda qu- rilgan muassasada keng ko‘lamdagi ta’- mirlash-bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi. Xususan, bino-inshoatlar to‘liq mukammal ta’mirlanib, eshik derazalar yangi va zamonaviysiga almashtiriladi. Elektr energiyasi, kanalizasiya hamda boshqa kommunikasiya tizimlari yangilanadi. Maskan hududi obod etilib, zamonaviy ko‘rinishga keltiriladi. 


