Har sohada taraqqiy etib, dunyoga yuz tutayotgan yurtimiz istiqlolga erishganiga yaqinda 33 yil to‘ladi. Bir insonning ayni yetuklik pallasiga teng bo‘lgan ushbu yillar davomida diyorimiz ham tanib bo‘lmas darajada o‘zgardi. Bu yuksalishlar zamirida aynan qurilish-bunyodkorlik sohasining ham o‘ziga xos o‘rni borligini ta’kidlash lozim. Bu o‘zgarishu yangilanishlardan ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand ham chetda qolayotgani yo‘q. Yil sayin yangidan yangi inshootlar barpo etilishi tufayli diyorimizga kelayotgan sayyohlar oqimi ham yanada ko‘paygan. Qadimiy imoratlar bilan bir qatorda zamonaviy shaharsozlikning yorqin namunalari ham dunyo ahlining e’tiborini tortayotgani zahmatkash bunyodkorlarga ham katta mas’uliyat yuklamoqda. Zero, bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan aholining kayfiyatiga bevosita ta’sir qiluvchi muammolarni hal etish hamda ularni rozi qilish maqsadida ko‘plab ustuvor vazifalar belgilab berilmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbari huzurida uy-joy, qurilish, kommunal xo‘jalik, transport va ekologiya sohasi bo‘yicha o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishlarida berilgan topshiriqlar hamda qaror va farmoyishlardan kelib chiqib, viloyatimizni yanada gullab-yashnashi, ravnaq topishi maqsa- dida biz ham bir qator ishlarni amalga oshiryapmiz. Birgina 2023 yilda Investisiya dasturi doirasida 1 trln 190 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, uning hisobiga 194 ta ob’ektda qurilish ishlari amalga oshirildi. 2024 yilda ham bu ishlarning davomi sifatida 1,5 trln so‘m mablag‘ evaziga 244 ta ob’ektda, jumladan, 32 200 o‘quvchi o‘rinli 106 ta umumta’lim maktabi, 27 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 4 ta oliy ta’lim, 10 ta tibbiyot muassasasida qurilish ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, joriy yil boshidan buyon 371 mlrd so‘m mablag‘ evaziga 663,0 kilometr yo‘llar rekonstruksiya qilinib, ta’mirlandi. Jumladan, 8 kilometr umumfoydalanishdagi avtomobil’ yo‘llari rekonstruksiya qilingan bo‘lsa, 145 kilometr ichki ko‘chalarga asfal’t, 500 kilometrdan ziyod ko‘chalarga shag‘al qoplamasi yotqizildi. Yil yakuniga qadar esa 1 631 kilometr ko‘chalarni ta’mirlash rejalashtirilmoqda. Jumladan, 508 kilometr ichki ko‘chalarga asfal’t, 1 000 kmdan ziyod ko‘chalarga shag‘al qoplamasi yotqiziladi, 5 ta yangi ko‘prik qurilib, 18 ta ko‘prik ta’mirlanadi. Aholining ichimlik va oqova suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. 2024 yilning birinchi yarmida 35,8 kilometr suv tarmoqlari qurildi, 35 dona nasos energiya tejamkorlariga almashtirildi. Misol uchun, Kattaqo‘rg‘on tumanida 20 km suv tarmog‘i, 4 dona yangi suv nasosi qurilishi va 8 ta suv nasosini ta’mirlanishi hisobiga 3 ta mahalladagi 1 ming 500 nafardan ziyod aholi ilk bor ichimlik suv bilan ta’minlangan bo‘lsa, 1,5 ming nafar aholining suv ta’minoti yaxshilandi. Bundan tashqari, davlat dasturlari hamda mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan joriy yil yakuniga qadar 8 ta yangi suv inshooti va 193 kilometr suv tarmoqlarini qurish, 2 ta suv inshootini rekonstruksiya qilish rejalashtirilmoqda. Ushbu ishlar natijasida, yil yakuniga qadar 150 ming nafar aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlanadi, 81,9 ming nafar aholining suv ta’minoti yaxshilanib, markazlashgan suv ta’minoti 74,5 foizdan 78,6 foizga yetkaziladi. Amalga oshirilayotgan ishlarga misol qilib, Nurobod tumanidagi “Nurobod-Damxo‘ja” suv saqlash inshooti- ni rekonstruksiya qilish va 95,8 km ichimlik suv tizimlarini qurishni aytishimiz mumkin. 


