Yurtning obodligi bozor rastalaridagi to‘kinlikda namoyon bo‘lsa, uning ko‘rkamligi qad rostlagan yoki qurilayotgan muhtasham binolarda yaqqol ifodalanishi ayni haqiqat. Buni birgina Namangan shahrining me’moriy qiyofasi yanada yaxshilanib, xorijiy va mahalliy investorlar uchun jozibadorligi tobora oshib borayotganida ham ko‘rish mumkin. Shaharning biznes, moliyaviy va turistik infratuzilmalari jadal rivojlantirilayotgani kutilganidek samara bermoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Namangan shahrida “Yangi Namangan shaharchasi” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Namangan shahri hududida keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlari olib borilayotgani fikrimizning yorqin dalilidir. Hududda hozirga qadar 71 ta 2 764 xonadonli, shundan 648 tasi 9 va 16 qavatli uy, 150 o‘rinli bolalar shifoxonasi, 990 o‘rinli umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 360 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda 30 dan ortiq savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlari qurilib, foydalanishga topshirildi. Natijada 5 trln so‘mdan ziyod investisiya o‘zlashtirilib, 2 764 ta oila yangi uylarga ko‘chib kirdi. Shuningdek, hozirgi kunda 340 gektarda 20 ming xonadonli 9-24 qavatli 171 ta turar joy, 6 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 10 ta bolalar bog‘chasi, to‘yxona, masjid, shifoxona, sport majmualari, kutubxona, san’at galereyasi, IT-park, mehmonxona va biznes markazi, o‘nlab savdo, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari barpo etilmoqda. Bundan tashqari, 58 gektar yerda bunyod etilayotgan “Yangi O‘zbekiston bog‘i”da ham obodonlashtirish va qurilish ishlari jadal davom etmoqda. 5 gektar maydonda loyiha qiymati 48 milliard so‘mlik 1000 o‘rinli Ishoqxon Ibrat nomidagi davlat chet tillari institutining foydalanishga topshirilgani ham e’tirofga molik. Umuman, Namanganda shunday hududlar borki, u yerlarga 2-3 oyni oralatib borsangiz, bunyodkorlik tufayli chiroy ochgani bois tanimay qolishingiz mumkin. Chunki ta’kidlab o‘tganimizdek, shahar va tumanlarda zamonaviy arxitektura ko‘rinishiga ega ko‘p kvartirali uylar qurish ko‘lami tobora kengayib bormoqda. Maqsad esa aniq – aholining uy-joy sharoitini yaxshilash, hududlarda zamonaviy shaharsozlik talablari asosida ko‘p qavatli uy-joylar, ijtimoiy soha va infratuzilma ob’ektlari hamda aholi punktlarining urbanizasiya jarayonlarini rivojlantirishdan iborat. Bu borada quruvchilarning mehnati samarasini 100 foiz deb baholasak o‘rinli bo‘ladi.

