Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent arxitektura va qurilish universiteti hamda Xitoyning qurilish sohasidagi yetakchi oliy ta’lim muassasasi – Chongqing universiteti delegasiyasi a’zolari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi. Unda sohaga doir bir qator masalalar muhokama qilindi. Xususan, hamkorlikda shaharsozlik norma va qoidalari hamda standartlarni modernizasiya qilish, institut xodimlariga qisqa muddatli stajirovkalar tashkil etish, ilmiy-tadqiqot ishlari, konferensiya va ko‘rgazmalar tashkillashtirish, laboratoriya faoliyatini Xitoy tajribasi asosida takomillashtirish shular jumlasidandir. Ma’lumot uchun, Chongqing universiteti arxitektura, elektrotexnika, qurilish, metallurgiya muhandisligi, mashinasozlik va boshqaruv fanlari bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlaydi. Universitetda hozirda 50 000 nafar talaba tahsil oladi, shundan 20 000 nafari magistratura va doktorantura, 30 000 nafari esa bakalavriat talabalaridir. Bundan tashqari, Chongqing universiteti, Toshkent arxitektura va qurilish universiteti hamda Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti bilan memorandum imzolandi. Kompleks sinov laboratoriyasini rivojlantirish maqsadida imzolangan memorandum uch tomonlama hamkorlikning yangi bosqichini belgilab berdi. Ushbu kelishuvda laboratoriya sinov turlarini kengaytirish, xitoylik hamkorlar bilan birgalikda seminar va konferensiyalar o‘tkazish, xalqaro standartlarga mos laboratoriya faoliyatini tashkil etish va qurilish sanoatiga mos ravishda xizmat ko‘rsatish rejalashtirilgan. Shuningdek, ilm-fan va ishlab chiqarish salohiyatini yuksaltirish maqsadida zamonaviy sinov laboratoriya faoliyatini tashkil qilish hamda bu borada o‘zaro hamkorlikda ishlashga ham kelishib olindi. 

