|

|

2026-уіӏ 28-Aprel, Seshanba
spot_img

Aholining ichimlik suvidan qarzdorligi ortdi

Muhim xabarlar

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyatining “Iste’molchilar orasida to‘lov madaniyatini shakllantirish va sohani integratsiya qilish jarayonlari” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda aholining ichimlik suvidan qarzdorlik masalasi, uning tannarxi va o‘rnatilgan tariflar haqida so‘z bordi. Qayd etilishicha, respublika iqtisodiyot tarmoqlari tomonidan bir yilda o‘rtacha 56-57 mlrd kub metr miqdorida suv resurslaridan foydalaniladi. 2,2 mlrd kub metr (4 foiz) ichimlik suvi ishlab chiqarish maqsadlarida foydalaniladi. Suv ta’minoti tashkilotlari ichimlik suvini aholining soni, ularning turmush sharoitlari hamda texnik imkoniyatlaridan kelib chiqib, ishlab chiqaradi.
2022 yilda “O‘zsuvta’minot” AJ tizimidagi korxonalar tomonidan 1 mlrd 728 mln kub metr yoki o‘rtacha kuniga 4 mlrd 734 ming kub metr ichimlik suv ishlab chiqilgan. Ushbu miqdor 2021 yilda 1 mlrd 628 mln kub metr, 2020 yilda 1 mlrd 608 mln kub metr, 2019 yilda 1 mlrd 588 mln kub metr va 2018 yilda 1 mlrd 553 mln kub metrni tashkil etgan. Shuningdek, 2017-2023 yillar mobaynida jami 5 870 ta ob’ektda qurilish ishlari olib borilib, 31 837,5 kilometr ichimlik, oqova suv tarmoqlari qurildi va rekonstruksiya qilindi. Natijada 11,8 mln aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanib, 6,6 mln aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
Tadbirda ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston aholisini 2030 yilda ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini 90 foizga yetkazish borasida hududlar kesimida loyiha takliflari ishlab chiqilmoqda. Bunda nafaqat yangi inshootlar qurish, balki eskilarini ham qayta tiklash va rekonstruksiya qilish maqsad qilib olingan. Jumladan, 2023-2030 yillarda respublika bo‘yicha qariyb 50 ming kilometrdan ziyod ichimlik suvi tarmoqlari hamda 2 ming dona inshootning qurilishi va rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 25 sentyabrdagi PF-6074-sonli Farmoniga asosan, ichimlik va oqova suv xizmatlari uchun tariflar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari qarorlari bilan tasdiqlanadi. Tariflar hududlarning geografik joylashuvi, suv manbalaridan aholi punktlarigacha bo‘lgan masofa, elektr energiyasi sarfi, suv manbalarining loyqa-tiniqligi, chuchuk va sho‘rligi, qattiqlik darajasiga qarab qayta ishlash va boshqa xarajatlardan kelib chiqqan holda hududlar kesimida turlicha belgilanadi. Bugungi kunda aholiga markazlashgan ichimlik suv tarmog‘i orqali yetkazib berilayotgan 1 kub metr (1 000 litr) ichimlik suvining respublika bo‘yicha o‘rtacha narxi 1 384 so‘mga teng. Savdo do‘konlarida esa 1 litr plastik qadoqdagi suv o‘rtacha 3000 so‘mni tashkil etmoqda. Bundan ko‘rinadiki, 2 200 baravar arzon yoki savdo do‘konlarida xarid qilinadigan 1 litr suv puliga Toshkent shahrida 7 ming litr ichimlik suvi yetkazib beriladi.
Ma’lumot o‘rnida, respublikada 1 kub metr ichimlik suvining eng arzon narxi Toshkent shahrida 400 so‘mni, eng baland narxi Navoiy viloyatida 3 000 so‘mni tashkil etadi. Bugungi kunda, 1 kub metr ichimlik suvini ishlab chiqarish o‘rtacha tannarxi 1 681 so‘mni tashkil etadi. Misol uchun, Qoraqolpog‘istonda ichimlik suv narxi ishlab chiqarish tannarxiga nisbatan 1,7 barobarga kam. Aslini olganda, 1 kub metr ichimlik suvining tarif xarajatlarida elektr energiya xarajatlari 27 foizni, mukammal va joriy ta’mirlash 19 foizni, xorijiy moliya tashkilotlarining jalb etilgan kreditlarini qaytarish 21 foizni, ish haqi 29 foizni, amortizasiya hamda boshqa xarajatlar 4 foizni tashkil etadi.

- reklama -spot_img

Mavzuga oid

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

So‘nggi xabarlar

spot_img