Ochig‘ini aytganda, ushbu mavzuga nom berishda ikkalanishlar ko‘p bo‘ldi. Boisi, bugun o‘z faoliyatini yerdan 70 metr balandlikda, qizlar uchun noodatiy sohada olib borgan Madina Usmonovaga juda ko‘plab ta’riflarni keltirish mumkin….
Keling, dastlab u bilan tanishuvim haqida qisqacha bayon etay.
Bundan bir yil muqaddam, ish yuzasidan Jizzax shahar hokimligida bo‘ldim. Mas’ullardan ijobiy javobni olib, yaxshi kayfiyatda, hokimlik binosi joylashgan O‘zbekiston ko‘chasi bo‘ylab biroz piyoda yurishga qaror qildim. Shaharning o‘zgarishlarga yuz tutgan mazkur ko‘chasida bugun o‘nlab ko‘p qavatli uylar qad rostlamoqda. Ko‘z o‘ngimda ko‘chaning kecha, bugun va ertangi holati gavdalanib, xayollar og‘ushida borar ekanman balandligi chamasi 40 metrdan ziyod bo‘lgan qurilish krani bo‘ylab yuqoriga ko‘tarilayotgan qiz e’tiborimni tortdi. Maxsus qurilish libosida ekaniga qaraganda, qiz shu ob’ektda ishlasa kerak, ammo nega kranga chiqib ketyapti, degan savolga javob olish uchun qurilishga mas’ullarni izlay boshladim. Yaqin atrofdagi yigitlarga o‘zimni tanishtirib, qiz haqida so‘radim.
Aytishlaricha, bu qiz ayni vaqtda 42 metrlik kranni boshqarayotgan ekan. 21 yoshli Madina Usmonova bu kasbni egallaganiga 1 yil bo‘lgan bo‘lsada, bir nechta ob’ektlar qurilishiga o‘z hissasini qo‘shib ulgargan. “Uning shaxsiy rekordi 70 metr balandlikni tashkil etadi”, dedi suhbatdoshim. Bu ma’lumotlardan so‘ng, qiziqishim ortib, Madina bilan suhbatlashish uchun uni yerga tushishini kuta boshladim. Baland minorada mehnat qilayotgan bo‘lajak suhbatdoshimning bajarayotgan ishlarini kuzatib hayratim oshdi.
Nihoyat, belgilangan rejani bajarib bo‘ldi, shekilli, Madina pastga tushdi. “Kranchi qizga” o‘zimni tanishtirib, uning faoliyati bilan tanishish maqsadida ekanimni bildirdim. Ijobiy javobni olgach, suhbatimiz ham boshlandi. O‘z navbatida, yuqori darajada aniqlik va mas’uliyat talab qilinadigan ushbu kasbni nega tanlagani qiziq, albatta.


