Jadallik bilan rivojlanib borayotgan qurilish sohasida bugun malakali mutaxassislarga bo‘lgan talab ham ortib bormoqda. Shu bois, o‘z kasbining haqiqiy ustalari, asl quruvchilar hamma joyda qadrli va har joyda kerak. Maqolamiz qahramonini ham qurilish sohasining haqiqiy jonkuyari, umidli vakili desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Boisi, yurtimizdagi eng yirik qurilish korxonasidan birida mas’uliyatli vazifani bajarish har kimga ham ishonib topshirilavermaydi.
“12-trest” aksiyadorlik jamiyatining 52-qurilish boshqarmasi boshlig‘i Abbos Qodiriy 1984 yilda Toshkentda tug‘ilgan. Oiladagi besh nafar farzanddan birgina u bolaligidanoq qurilish sohasiga qiziqib katta bo‘ldi. Bu qiziqish ulg‘aygan sari qat’iy maqsadga aylanib, u Toshkent irrigasiya va melioratsiya institutining Suv xo‘jaligi fakul’tetiga o‘qishga kirdi. Izlanuvchan talaba oliygohdagi o‘qishi davomida o‘zidagi g‘ayrat-shijoat va intiluvchanlikni namoyon etib, nafaqat tengdoshlari, balki ustozlarining ham ishonchini qozondi. Ayniqsa, amaliyot jarayonlarida bevosita guvoh bo‘lgani – qurilish ob’ektlaridagi qizg‘in ish pallasi va quruvchilarning fidokorligi unda tanlagan kasbiga bo‘lgan mehrni yanada oshirdi.
2009 yilda institutni bitirgan Abbos Qodiriy diplom qo‘liga tegishi bilan “12-trest”ga ishga keladi. Qurilish sohasidagi ilk faoliyatini duradgorlikdan boshlagan qahramonimiz malakasi oshib borgani sari master yordamchisi, master, prorab, katta prorab, uchastka boshlig‘i, bosh muhandis vazifalarigacha ko‘tarildi. Shu yilning fevral’ oyidan buyon 52-qurilish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelmoqda. Jamoa faoliyati asosan binolarni pardozlashdan iborat. Bu borada ular eng zamonaviy usullar va sifatli mahsulotlardan unumli foydalanishadi. Shu bois, ularning xizmatiga talabgorlar yetarlicha. Hozirgi kunda 250 nafar quruvchi mehnat qilayotgan 52-qurilish boshqarmasida ish hajmi ortgan paytda 700-800 nafargacha ishchi-xizmatchi faoliyat yuritadi.


