|

|

2026-уіӏ 25-Aprel, Shanba
spot_img

Ko‘pikbeton bloklarining mustahkamlik xossalarini oshirish usullari

Muhim xabarlar

Bahrom Hasanov
Bahrom Hasanov
TAQU dotsenti, PhD.

Hozirgi vaqtda qurilish materiallari sanoatining eng muhim muammolaridan biri tabiiy muhitga nisbatan uyg‘un va muvozanatli faoliyatga asoslangan energiyasamarador mahsulotlar va buyumlarni mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirishdan iborat. Resurs va energiyatejovchi texnologiyalar asosida monolit va tayyor yig‘ma konstruksiyali qurilish, ta’mirlash va restavratsiya ishlari uchun samarali qurilish materiallari ishlab chiqarish hamda atrof-muhitga nisbatan muvozanatli faoliyat qurilish materiallari sanoatining eng muhim vazifalaridan biridir.

Respublikamizning ko‘pgina hududlarida bu maqsadlar uchun mahalliy materiallar va turli sanoat chiqindilaridan unumli foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Ana shunday mahsulotlardan biri – ko‘pikli beton hisoblanadi. Uni qurilishda qo‘llashda barcha ijobiy va salbiy tomonlarini hisobga olish kerak. Ushbu materialning afzalliklari sifatida montaj tezligi va ishlov berish qulayligi, yaxshi kesilishi, frezerlanishi va burg‘ulanishini aytish mumkin. Shuningdek, mahsulot ekologik toza, bino uchun beton bloklari zaharli moddalarni chiqarmaydi, blokdagi teshiklar havo bilan to‘ldirilganligi sababli yaxshi issiqlik izolyatsiyasi xususiyatiga ega. Shovqin izolyatsiyasi yaxshi ta’minlangan. Aynan shuning uchun ham ko‘pikli beton ko‘pincha bino ichki qismlarini o‘rnatishda ishlatiladi.

Ko‘pikli betonning asosiy kamchiliklari – mo‘rtligi tufayli tashish paytida ko‘pincha bloklarning bir qismi shikastlanadi. Kerakli mustahkamlikka ega bo‘lish uchun uzoq vaqt talab etiladi. Agar ishlab chiqarish texnologiyasi buzilgan bo‘lsa, vaqt o‘tishi bilan materialda strukturaviy o‘zgarishlar yuz beradi. Bu esa devorlarning qisqarishi va yorilishlarga olib kelishi mumkin. Yuk ko‘tarish qobiliyatining yetarli emasligi tufayli ko‘pikli betondan qilingan devorlarga og‘ir narsalarni osib qo‘yish uchun maxsus mahkamlagichlardan foydalanish kerak bo‘ladi. Gigroskopikligi, ya’ni, ko‘pikli beton suvni to‘plashi mumkin, bu esa uni atmosfera va tuproq namligidan himoya qilishni talab qiladi. Chala quritilgan bloklar yoki geometrik shakli yomon bloklarni sotib olish muammosi ham mavjud. O‘lchamdagi farqlari 1 dan 3 sm gacha yetishi mumkin, bu esa ko‘pikli betonni yopishtiruvchi eritma ustiga yotqizishni istisno qiladi.

Ko‘pikbetonning xossalari – ushbu materialning xususiyatlari va sifati bevosita uni ishlab chiqarish xususiyatlariga bog‘liq. Ko‘pikbeton – bu mineral bog‘lovchi va kremnezyomist komponentiga asoslangan sun’iy tosh material bo‘lib, teshiklari hajm bo‘ylab teng ravishda taqsimlanadi. Ko‘pikbeton blok qum, sement, suv va ko‘pikli vosita aralashmasidan iborat.

Ko‘pikbeton ishlab chiqarish texnologiyasi quyidagicha amalga oshiriladi:

Sement-qum aralashmasiga ko‘pikli vosita qo‘shiladi va bosim kamerasida bosim ostida aralashtiriladi. Komponentlarni aralashtirgandan so‘ng, hosil bo‘lgan aralashmadan turli xil qurilish mahsulotlari yaratiladi. Masalan, devor bloklari, lintellar va taxta plitalari. “Garaj” deb ataladigan hunarmandchilik sharoitida ishchilar aralashmani tayyor qoliplarga quyishadi. Shu bilan birga, bu jarayonda “inson omili”ning ham ta’siri katta. Agar aralashma notekis aralashtirilsa, u qisqaradi. Texnologiyani noto‘g‘ri qo‘llagan holda yaratilgan bloklar notekis zichlikka ega bo‘lib, ularning geometrik shakli buziladi va materialning mustahkamlik xususiyatlari sezilarli darajada kamayadi. Hech bo‘lmaganda, tabiiy quritish usuli bilan ko‘pikblokning kerakli kuchga ega bo‘lishi uchun 28 kun talab etiladi.

Ko‘p hollarda aksariyat yangi pudratchilar ikkita materialni bir-biri bilan aralashtirib yuborishadi. Ya’ni, ko‘pikli beton va gazobeton bir xil material deb o‘ylaydiganlar ham yo‘q emas. Ushbu bloklarni ishlab chiqarish texnologiyasi boshqacha bo‘lib, bu materiallarning xususiyatlariga ta’sir qiladi. Gazobeton yoki gazosilikat ishlab chiqarishda avtoklav texnologiyasi qo‘llaniladi. Buning uchun yirik moliyaviy investitsiyalar talab qilinadi. Bu esa kichik ishlab chiqarish uchun iqtisodiy jihatdan foydasizdir. Avtoklav – bu uzoq vaqt davomida yuqori harorat va bosimda saqlanadigan maxsus o‘choq hisoblanadi. Avtoklavni qayta ishlash usulida bloklar yuqori harorat va bosimda avtoklavda bug‘ va issiqlik bilan ishlov beriladi. Avtoklavlash aralashmaning qattiqlashuv jarayonini tezlashtiradi, bu blokning mustahkamligini oshiradi, shuningdek, uning qisqarishini kamaytiradi. Ko‘pikli beton ishlab chiqarishda ko‘pincha avtoklav bo‘lmagan oddiy texnologiya qo‘llaniladi. Shuning uchun ko‘pikli bloklarni ishlab chiqarish gazosilikat bloklarini ishlab chiqarishga qaraganda arzonroq va past narxga ega. Ko‘pikli betonning issiqlik xususiyatlari sifatida uning binoda yashash uchun qulaylik darajasiga bevosita ta’sir qilishini aytish mumkin. Bugun elektr narxlarining doimiy ravishda oshib borishi tufayli energiyatejamkor uy-joylarni qurish odatiy holga aylanmoqda.

Tashqi to‘siq kontruksiyalar, shu jumladan, devorlar, bino qurilayotgan hudud uchun normallashtirilgan issiqlik uzatish qarshiligiga teng yoki undan kattaroq issiqlik qarshiligiga ega bo‘lishi kerak. Misol uchun, Toshkent shahri va Toshkent viloyati uchun Rreq = 4,15 m.kv * C / W. Rreq qiymati – bu o‘rab turgan konstruksiyalar uchun normallashtirilgan issiqlik uzatish qarshiligi koyeffitsiyenti hisoblanadi.

Ko‘pikbeton blok devorining issiqlik uzatish qiymati ushbu blokning hajmiy og‘irligiga bog‘liq. Blokning hajmiy og‘irligi 300 dan 1000 kg / m3 gacha bo‘lishi mumkin. Eng kop sotiladigan ko‘pikbeton blok bu hajmiy og‘irligi 400 yoki 600 kg / m3 bo‘lgan bloklardir. Hajmiy og‘irligi 400 kg / m kub bo‘lgan blok va 300 mm qalinligi R req = 2,158 kv.m * C / Vt ga ega. Bu standartlarda talab qilinganidan kamroq. Agar blokning hajmiy og‘irligi 600 kg / m3 ichida bo‘lsa, u holda 300 mm qalinlikdagi devorning issiqlik qarshiligi R req = 1,312 m2 * C / Vt ga ega, bu ham yetarli emas.

Blok yaxshi quritilgan bo‘lsa, ma’lumotlar to‘g‘ri ekanligini hisobga olish kerak. Agar blok suv bosgan bo‘lsa, bu uning issiqlik izolyatsiyasi xususiyatlariga salbiy ta’sir qiladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, issiqlik uzatish muhandislik standartlariga javob berishi uchun ko‘pikbloklardan iborat devorning qalinligi bloklardagi namlikni o‘tkazishiga moslashtirilgan bo‘lib, kamida 500-600 mm bo‘lishi kerak. Aslida, ko‘pikbeton devor monolit emas, balki tayyor konsruksiyadir. Yotqizish choklari, temir kamarlar, temir-beton ramkalar – bularning barchasi issiqlik o‘tkazuvchanlik koeffitsiyentini oshiradigan sovuq o‘tkazish joyi hisoblanadi. Shu bois, maqbul ishlashga erishish uchun devor qalinligini yanada oshirish kerak.

Maxsus tadqiqotlar o‘tkazgandan so‘ng, yuqori qavatli karkas-devor rigelsiz konstruktiv tizimdagi qurilmalarda yengil betondan foydalanish samarali usul deb topilgan. Bu tizimdagi qurilishlar hozirda poytaxtimizdagi bir qator ob’ektlarda amalga oshirilmoqda. Ushbu bino va inshoolarning devorlari 20 sm qalinlikdagi monolit temir-betondan yasalgan. Faqat 7 sm qalinlikdagi mineral jun plitalari bilan izolyatsiya qilingan, so‘ngra, 3 sm qalinlikdagi sement-qum ohak gips qatlami bilan ishlangan. Issiqlik saqlash bo‘yicha tashqi devorlar (R0=1,31 va 1,5 (m2 0C)/Vt bo‘lishi kerak) qurilish qoidalari talablariga javob bermaydi. Lekin issiqlik inersiyasi bo‘yicha (D=3,0 va kamida 4 bo‘lishi kerak) yozgi sharoitda haddan tashqari issiqlik istisnosini ta’minlamaydi. Og‘ir betonni o‘rtacha zichligi 1500-1600 kg/m3 bo‘lgan yengil beton bilan almashtirganda ushbu konstruktiv tizimlar normativ qish va yoz sharoitida issiqlik ko‘rsatkichlari talablarini ta’minlaydi. Bu holda seysmik hududlarda binolarning o‘lik og‘irligining 33-38% ga kamayishi ham ahamiyatsiz emas.

Toshkent arxitektura-qurilish universiteti talabasi Saida’zam Saydaliyev bilan hamkorlikda tayyorlandi

- reklama -spot_img

Mavzuga oid

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

So‘nggi xabarlar

spot_img