|

|

2026-уіӏ 11-May, Dushanba
spot_img

Jamoat transporti 2023-yilni qanday boshladi?

Muhim xabarlar

Islom Ibodulla
Islom Ibodulla
"2015-2020 yillarda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Kino, televideniye va radio san’ati fakultetida tahsil olgan. 2020 yilda Turkiya respublikasining Bandırma Ön yedi eylül üniversitesi tarkibidagi kasb-hunar ta’limiga ixtisoslashgan o‘quv kursi tinglovchisi. 2021 yildan e’tiboran “O‘zbekiston bunyodkori” gazetasi muxbiri."

Gazetamizning avvalgi sonlaridan birida, “O‘zbekiston uchun begona transport – Metrobus” nomli maqola chop etilgan edi. Unda shahar ko‘chalarida alohida harakatlanish yo‘lagiga ega metro va avtobusning qorishiq namunasi, ya’ni metrobuslarning xususiyati va harakatlanish tartibi haqida so‘z yuritilgandi. Qizig‘i, endilikda poytaxtimizdagi avtobuslar shu ko‘rinishda ko‘cha chetlari bo‘ylab daxlsiz harakatlanish yo‘laklariga ega bo‘lmoqda.

Sir emas, so‘nggi yillarda jamoat transporti kamchiliklar qurshovida qolib, aholiga xizmat ko‘rsatishda ko‘p¬lab muammolar ko‘zga tashlanayotgan edi. Ularni bartaraf etish uchun yer usti metrosining qurilish jarayoni amalga oshirilib, yangi transport vositalari xarid qilindi. Bugun esa mazkur jarayonlar yangi bosqichga ko‘tarildi.

Navro‘zgacha 2000 ta avtobus olinadi

Albatta, bugun tirbandliklar poytaxt ko‘chalarining o‘ziga xos “timsoliga” aylangan. Yo‘l harakatini tartibga solishga mas’ul idoralar, yo‘l-loyiha institutlari ko‘plab innovatsion lo¬yihalarni ilgari surib, tirbandlikni kamaytirishga doir ishlarni amalga oshirishyapti. Avtobuslar uchun ochiq yo‘laklarning ishga tushirilishi esa, maqsadli loyihalardan biri bo‘ldi, deyish mumkin.

Prezidentimiz o‘z Murojaatnomasida jamoat transporti bilan bog‘liq vaziyatga ham e’tibor qaratib, Navro‘z bayramigacha respublikaga 2000 ta avtobus olib kelinishini ta’kidladi. Ayni paytda jamoat transporti bilan bog‘liq masalalar va muammolar bo‘yicha tizimli ishlar boshlab yuborildi. Shuningdek, rejalarga muvofiq tez orada Toshkent shahrida 7 ta metro bekati ishga tushishi natijasida jamoat transporti butkul o‘zgarib, har kuni 500 mingdan ziyod aholi va mehmonlari uchun qulayliklar tashkil etiladi. Jamoat transporti bo‘yicha ahvol og‘ir bo‘lgan 300 ta mahalladagi 1 million aholining uzog‘i yaqin bo‘lishiga urg‘u berilib, jamoat transporti tizimidagi muammolar bartaraf etilishi ta’minlanadi.

Avtobuslar uchun alohida yo‘lak ochildi

Shu kunlarda poytaxt aholisi va mehmonlari ko‘chalarning alohida ajratib chiqilgan qismlarini ko‘rib, harakatlanishda biroz o‘ng‘aysiz bo‘layotganliklari tabiiy. Jamoat transporti harakatini tartibga solish maqsadida poytaxtning ayrim ko‘chalarida avtobuslar uchun alohida yo‘l qismlari tashkil etildi. Qoidabuzarliklar avtobuslarga o‘rnatilgan videoregistratorlar orqali avtomatik qayd etib boriladi.

– Jamoat transporti harakatlanishini tartibga solish muhim masalalardan biri, – dedi “Toshshahartrans¬xizmat” AJ bo‘lim boshlig‘i Murod Musaxo‘jayev. – Hozirgi kunda avtobus¬larga o‘rnatilgan videoregistratorlar transport vositalarining oldida keskin harakat qilayotgan va avtobus yo‘laklarida qarovsiz qoldirilgan avtomobillarni aniqlab yo‘l harakati xavfsizligi idoralariga taqdim etadi.

Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 850-870 ta qatnov yo‘nalishidagi avtobuslar soni 1050-1090 taga ko‘paytirilgan. Ularning oraliq vaqti 25-30 daqiqadan 10-12 daqiqaga qisqartirilgan. Hozirda bu avtobuslar harakatlanishi uchun tajriba-sinov tariqasida markaziy ko‘chalarda yo‘laklar tashkil etilyapti. 2 oy oralig‘ida bunday bo‘lak¬larning uzunligi 475 kilometrga yetishi aytilmoqda. Avtobus bo‘lagida bosh¬qa mashinalarning harakatlanishi jarimaga sabab bo‘ladi.

Loyiha o‘zini oqlamoqda, ammo…

Tirbandliklarni asosan ertalab va kechki paytlari kuzatish mumkin. Toshkent shahri ko‘chalarida avtobuslar harakatlanishi uchun alohida yo‘l bo‘lak¬larining tashkil etilishi esa ko‘plab salbiy oqibatlarning oldini oladi. Keng qatnovli ko‘chalarda esa avtomobillar harakatlanishidagi asosiy muammo yo‘llarning torligidir. Xususan, uch tasmali yo‘llarda odatda 4 qator avtomobil harakati yuzaga keladi. Bu o‘rinda shaxsiy avtoulovlarning kirishi taqiqlangan avtobus bo‘lagi yo‘lning qolgan qismlaridagi avtomobil harakatlanishiga ta’sir etib, taksi xizmatidan foydalanuvchilar uchun noqulaylik tug‘dirmoqda.

– Ishxonam Navoiy ko‘chasida joylashgani uchun taksi xizmatidan ko‘p foydalanaman, – dedi yo‘lovchi Farrux Hasanov. – Yo‘lning chetlarida avtobus yo‘laklarining chizib qo‘yilgani ko‘plab yo‘lovchilarga noqulaylik tug‘diryapti. Negaki, aksariyat avtomobil haydovchilari avtobus yo‘lagidan narida harakatlangani sababli yo‘lovchilar taksi tutish uchun yo‘lning ichki qismiga o‘tishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa xavfli harakatni yuzaga keltirishi tabiiy hol.

So‘nggi paytda tirbandliklar ortida tez tibbiy yordam avtomobillari bilan bog‘liq ko‘ngilsizliklar ko‘zga tashlanmoqda. Ortiqcha tirbandlik ortida mazkur ulovlarning harakatlanishi cheklanib, bemorlar uchun qiyinchilik¬lar yuzaga kelmoqda. Avtobus yo‘laklarida tez tibbiy yordam ulovlarining harakatlanishi uchun yengilliklar berish maqsadga muvofiqdek ko‘rinmoqda.

Avtobus yo‘laklarida harakat uchun jarima

Ayrim kishilar har qanday yangilikka tezda ko‘nikmaydi, ko‘chalarda buning isbotini ko‘rish mumkin. Odamlar avtobus yo‘laklari uchun ajratilgan qismlarda taksi tutishga urinmoqda. Odatda bir taksining to‘xtashi va yo‘lovchi bilan narxni kelishish ancha vaqt talab etadi. Bu esa jarimalarga sabab bo‘lishi mumkin.

– Avtobus yo‘laklarida avtomobillarning harakatlanishi cheklanadi, – dedi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimi Oybek Rahmonov. – Uzluksiz chizig‘ini bosib o‘tib, avtobuslar uchun ajratilgan maxsus yo‘lakda harakatlangan avtomobillar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-moddasi bilan BHMning ikkidan bir qismi, ya’ni, 150 ming so‘m miqdorida jarimaga tortiladi. Agarda avtomobil o‘sha yo‘lakda to‘xtasa, to‘xtaganda ham bu holat yo‘lovchini tushirish yoki chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmasa, unga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1286-moddasi bilan BHM miqdorining 2 baravari – 600 ming so‘m miqdorida jarima jazosi beriladi. Kelajakda tizimning qanday ishlashi to‘g‘risida jamoatchilikka ma’lumot beriladi.

Jamoat transporti harakatini tartibga solish eng muhim omillardan biridir. Hozirda poytaxtimizning Alisher Navoiy, Beruniy, Amir Temur va Farg‘ona yo‘li ko‘chalarida avtobus yo‘laklarining ajratilishi yo‘lovchilarning vaqtini tejashiga va ortiqcha asabbuzarliklardan uzoq tutishga xizmat qiladi.

- reklama -spot_img

Mavzuga oid

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

So‘nggi xabarlar

spot_img