O‘tgan yil yakuni bo‘yicha “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi ham kutilgan natijalarga erishdi. Xususan, o‘tgan yil yakuni bilan qurilish materiallari sohasida 28,6 trln so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, o‘sish sur’ati 105 foizni tashkil etdi. Jumladan, 35 mln kvadrat metr qurilish oynasi (o‘tgan yilga nisbatan 107 foiz), gipsokarton – 69 mln kvadrat metr (108 foiz), sement – 14,5 mln tonna (102,1 foiz), keramik plitka – 36 mln kvadrat metr (108,1 foiz) kabi mahsulotlar ishlab chiqarildi. 2022-yil yakuni bilan 1,8 mlrd AQSh dollarilik, shundan 1,14 mlrd AQSh dollarilik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilindi. Qiymati 1,4 mlrd AQSh dollarilik 420 ta loyihalar ishga tushirildi va 14,2 mingta yangi ish o‘rni tashkil etildi.
Eksport geografiyasini va mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish hisobiga 610 mln AQSh dollari miqdorida eksport amalga oshirilib, 139 foizga o‘sish ta’minlandi. Bunda, 36,9 mln AQSh dollarilik gulqog‘oz, keramik mahsulotlari – 92 mln AQSh dollari, PVX va plastmassa buyumlar – 88 mln AQSh dollari, alyumindan qurilish materiallari – 41,5 mln AQSh dollari, metall buyumlar – 151,8 mln AQSh dollari kabi mahsulotlar eksport qilindi. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 1,4 trln so‘mlik 13 turdagi mahalliylashtirilgan qurilish materiallari ishlab chiqarildi. Jumladan, 23 mln kvadrat metr qurilish oynasi, 1,8 mln kvadrat metr keramogranit, 4 mln kvadrat metr linoleum, 9,6 mln kvadrat metr yangi turdagi keramik plitka, 40 ming dona keramikadan santexnika buyumlari kabi mahsulotlarni ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
Albatta, bunday yuqori natijalarga erishishda sanoat korxonalarining o‘rni beqiyos. Shu bois, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan bozor talab va taklifini o‘rganish maqsadida “2022-yilning eng yaxshi qurilish materiali brendi” ijtimoiy so‘rovnomasi o‘tkazildi. Unda 220 ming ishtirokchi qatnashdi. 4 kun davom etgan so‘rovnoma natijasiga ko‘ra, umumiy hisobda 81 mingta ovoz to‘plagan “BASALT” (“BASALT WOOL” MChJ QK) brendi tanlov g‘olibi deb topildi. Shuningdek, 56 ming ovoz to‘plagan “ARTON” (“East Mining Invest” MChJ) va 36 ming ovozga ega bo‘lgan “ORIENT CERAMIC” (“ORIENT CERAMIC” MChJ) brendlari “2022 yilning eng yaxshi qurilish materiali brendlaridan biri” nominatsiyalarini qo‘lga kiritishdi.
“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasida bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimida tanlov g‘olib va sovrindorlari, uyushma rahbar-xodimlari, tadbirkorlar va OAV vakillari ishtirok etishdi.

