|

|

2026-уіӏ 17-May, Yakshanba
spot_img

Oilaviy an’anaga aylangan quruvchilik kasbi…

Muhim xabarlar

Islom Ibodulla
Islom Ibodulla
"2015-2020 yillarda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Kino, televideniye va radio san’ati fakultetida tahsil olgan. 2020 yilda Turkiya respublikasining Bandırma Ön yedi eylül üniversitesi tarkibidagi kasb-hunar ta’limiga ixtisoslashgan o‘quv kursi tinglovchisi. 2021 yildan e’tiboran “O‘zbekiston bunyodkori” gazetasi muxbiri."

Qashqadaryo vohasida qurilish-bunyodkorlik an’analari ko‘p asrlik tarixga ega. O‘lkada olib borilayotgan qurilish-rekonstruksiya ishlarining salmog‘i bunga misol bo‘la oladi. Yo‘l qurilishdan tortib, yirik ijtimoiy ob’ektlargacha bo‘lgan uzun qurilish tarmog‘i Qashqadaryoning bugungi ko‘rkini ta’minlovchi unsur bo‘lmoqda. Mirishkor boshqaruvchi Uchqun Eshqobilov boshchiligidagi 2012 yilda tashkil etilgan “Yuksak zamin” mas’uliyati cheklangan jamiyati hududning me’moriy landshaftining xilma-xilligiga hissa qo‘shib kelayotgan serg‘ayrat korxonalardan biridir.

Yurtning obodligi, xalqning farovonligi mahalla va qishloqlardan bosh­lanishi bor gap. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan chekka-chekka hududlardagi aholi punktlarida barpo etilayotgan zamonaviy uy-joylar, ta’lim muassasalari, mahalla binolari va tibbiyot muassasalari, qator xizmat ko‘rsatish shoxobchalari yangicha qiyofa kasb etmoqda.

Qurilish industriyasi negizini davlat, aksiyadorlik jamiyatlari, pudrat qurilish-montaj tashkilotlari, shuning­dek, o‘z moddiy-texnika bazasiga, malakali ishchi va mutaxassis kadrlarga ega bo‘lgan korxonalar tashkil etadi. O‘zbek­istonda qurilish kompaniyalari, korporatsiyalari, qurilish aksiyadorlik jamiyatlari va birlashmalari, quyi pudrat tashkilotlari, kichik korxonalar, qo‘shma korxonalari faoliyat ko‘rsatadi. Qurilish ishlarining deyarli barchasini ixtisoslashtirilgan qurilish tashkilotlari amalga oshiradi. Bu kabi kompaniyalar o‘z o‘rnida milliy qurilish tizimining harakatlantiruvchilari hisoblanadi. Shubhasiz, “Yuksak zamin” mas’uliyati cheklangan jamiyati shunday tashkilotlardan biri hisoblanadi.

Yaqin o‘tgan davrlarda “Yuksak zamin” mas’uliyati cheklangan jamiyati Sho‘rtan neft-gaz aksiyadorlik jamiyatiga qarashli yoqilg‘ini qayta ishlash zavodi xodimlari uchun 200 o‘rinli yotoqxona qurilishini yakunladi. G’uzor tumanidagi Qovchin qishlog‘ida bolalar maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilishi to‘liq tugatildi. Shuningdek, kasalxonalar, maktab­lar va boshqa turdagi ijtimoiy ob’ektlarning qurilishlarini amalga oshirib kelmoqda.

– Hozirgi davrda Qashqadaryo viloya­tining Nishon tumanida o‘rta ta’lim maktabining qurilish ishlarini olib boryapmiz. – dedi korxona rahbari Uchqun Eshqobilov. – Shuningdek, Koson tumani hududida o‘z mablag‘larimiz hisobidan aholi uchun turar joy binolarining qurilishini davom ettirmoqdamiz. Mazkur qurilish ishlari bevosita tender savdolari orqali yutib olingan ob’ektlarda olib borilmoqda. 20 xonadondan iborat 6 qavatli binolar kelajakda Koson tumani uchun munosib yashash hududiga aylanishiga aminmiz. Aytish joizki, korxonamizning alohida tarmog‘i hisob­lanadigan ishlab chiqarish tarmog‘imiz orqali nafaqat o‘zimizning qurilish ob’ektlariga, balki boshqa qurilish korxonalari uchun ham zarur materiallarni yetkazib bermoqdamiz.

“Yuksak zamin” MChJga qarashli qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmog‘ida qurilishning tayanchi hisoblanmish g‘isht, temir-beton mahsulotlari ishlab chiqariladi. Bu korxonaning mavjud qurilish jarayonlari uchun tom ma’noda ta’minlovchi unsur bo‘lib xizmat qilmoqda. Ulkan kranlar, yuk tashuvchi avtomobillar, beton qorish uskunalari tun-u kun quruvchilarning xizmatiga shay bo‘lmoqda. Bunday suronli qurilish jarayonlari o‘z o‘rnida kishilarning ijtimoiy himoyalanishi, farovonligining oshirilishi va vohaning iqtisodiy salohiyatining o‘sishiga munosib turtki bo‘lmoqda.

2021 yilda 7 mlrd so‘m hajmdagi loyiha amalga oshirildi. Nishon tumanining Qori Niyoziy va O‘zbekiston ko‘chalarida veloyo‘laklar qurib bitkazildi. Ushbu qurilish-obodonlashtirish jarayonlari uchun korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan beton mahsulotlaridan foydalanishga o‘tildi. Shuningdek, korxona Qashqadaryo vohasining Kasbi tumaniga qarashli Qamashi qishlog‘ida 8-oilaviy poliklinikaning rekonstruksiya-ta’mirlash ishlarini olib borib, aholining tibbiy salomatligini oshirishga mo‘ljallangan mo‘‘jaz maskanni barpo etdi.

– Hozirgi kunda korxonada 60 nafar xodim faoliyat olib bormoqda, – dedi Uchqun Eshqobilov. – Ammo qurilish haj­mi va mavsumga qarab yollanma ishchilar kuchidan foydalaniladi. Umuman, qurilish va bu an’ana oilamizning ish faoliyatiga aylanib ulgurgan. Farzand­larim ham qurilish va arxitektura sohasida bilim olib, hozirgi kunda xorijiy kompaniyalar ishtirokidagi investitsiyaviy loyihalarning rekonstruksiyasiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Aytish joizki, hozirgi kunda ham “Yuksak zamin” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli qurilish maydonlarida ishlar qizg‘in davom etmoqda. Yozning issig‘ida ham korxonaning mehnatkash jamoasi eng yuqori saviyada rekonstruksiya jarayonlariga urg‘u bermoqda. Xususan, Qarshi shahridagi Qashqadaryo viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hududida 14 mlrd so‘m mablag‘ hisobiga tug‘ruqxona binosi qurilishi bosh­lab yuborilgan. Hozirda mazkur qurilish ob’ektlarining birinchi va ikkinchi bosqichlari davom etmoqda.

Mamlakatning rivojida qurilish­larning alohida o‘rni bor. Bu ayniqsa, ­hozirgi davr uchun aytilgandek. Mamlakatning iqtisodiy rivojlanganligining bir ko‘rinishi ham bevosita qurilish va zamonaviy binolarning barpo etilgani hisoblanadi. O‘ylaymizki, hozirgi kunda O‘zbekistonning eng chekka hududlarida ham olib borilayotgan qurilish ishlari kelajakda mamlakat iqtisodiyotining dvigatellaridan biriga aylanadi.

- reklama -spot_img

Mavzuga oid

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

So‘nggi xabarlar

spot_img