Nurafshon shahridagi “Nurafshon biznes siti” markazida “O‘zbekiston bunyodkori” gazetasi tahririyati xodimlari bilan qurilish sohasi vakillarining ijodiy uchrashuvi o‘tkazildi. Unda Toshkent viloyatida qurilish, uy-joy va kommunal xo‘jaligi sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlar, loyiha va qurilish-pudrat tashkilotlari vakillari ishtirok etishdi. Gazeta bosh muharriri Dilshod Jalolov gazetada berib borilayotgan dolzarb mavzudagi maqolalar, qurilish va kommunal xo‘jaligi sohasidagi yangiliklar, tizimga doir farmon va qarorlar, me’yoriy hujjatlar hamda ShNQlarning muntazam chop etilayotgani haqida tadbir ishtirokchilariga batafsil ma’lumot berdi.
– Har bir tashkilotning ommaviy axborot vositasi bilan doimiy aloqa o‘rnatishi bugunning talabidir, – dedi tadbirda ishtirok etgan Toshkent viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Elmurod Po‘latov. – O‘z ishini mukammal bajarishni istagan mutaxassis bugungi kun bilan hamnafas yashashi, o‘z sohasi bo‘yicha dolzarb mavzulardan boxabar bo‘lishi, kasbiga oid har qanday yangilikni tez va oson olishi lozim. Bunda bizga sohaning yagona gazetasi – “O‘zbekiston bunyodkori” gazetasi eng yaqin ko‘makchi. Sevimli nashrimiz qurilish va kommunal sohadagi yangiliklar, normativ hujjatlar, qaroru farmonlar matnlari bilan tanishish uchun ishonchli manbaa sifatida har bir qurilish sohasi vakili uchun qadrlidir. Shuningdek, ijodiy uchrashuv davomida ishtrokchilarning gazetamiz haqidagi fikr-mulohazalariga ham quloq tutdik.
– Gazeta bilan tanishib, o‘zimiz uchun kerakli ko‘pgina ma’lumotlarga ega bo‘ldik, – dedi “Toshkent HETK” AJ texnik muhandisi Jasur Sadikov. – To‘g‘risini aytsam, gazetalarda faqat taniqli insonlar haqida yoziladi, deb o‘ylar ekanmiz. “O‘zbekiston bunyodkori” gazetasida qurilish va kommunal sohada faoliyat yuritib kelayotgan o‘zimiz kabi ishchi-xodimlar haqida yozilgan maqolalarni ko‘rib, quvondik. Bizning jamoada ham yillar davomida halol mehnat qilib, yoshlarga o‘rnak bo‘lib kelayotgan malakali xodimlar ko‘p. Kelgusida tahririyat bilan hamkorlik qilib, ana shunday qahramonlarimiz haqidagi maqolalarni gazeta sahifalarida o‘qishni niyat qildik.
Uchrashuv so‘nggida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga tahririyat xodimlaridan javob olishdi. Qolaversa, gazetada chop etilishi lozim bo‘lgan mavzular yuzasidan taklif va mulohazalarini bildirishdi.
ТTahririyat xodimlari ishtirokidagi ijodiy uchrashuvning navbatdagisi Namangan viloyatida bo‘lib o‘tdi. Namangan viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi majlislar zalida o‘tkazilgan uchrashuvda viloyatdagi qurilish va kommunal sohada faoliyat yuritib kelayotgan tashkilotlar vakillari qatnashdilar. Ko‘tarinki kayfiyat va sermazmun gurung asnosida bo‘lib o‘tgan tadbirda gazetaning mazmun-mohiyatini yanada boyitish yuzasidan soha vakillari ko‘plab fikr-mulohazalar bildirishdi. Uchrashuvda ishtirok etganlar ushbu nashr uy-joy, bino-inshootlar va yo‘l qurilishi, elektr, gaz taminoti hamda boshqa kommunal xizmatlar sohasida faoliyat yuritib kelayotgan ilg‘or xodimlarning ish tajribalarini ommalashtirib, targ‘ib qilayotgani, joyi kelsa, tanqid va tahlil ham qilayotganini alohida takidlashdi.
Andijon shahrida ham “O‘zbekiston bunyodkori” gazetasi tahririyati xodimlarining gazetxonlar bilan ijodiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda so‘z olgan tahririyat bosh muharriri Dilshod Jalolov gazetaning kelgusi faoliyatiga oid rejalar haqida fikr yuritdi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari ham maqolalarning mavzusi, geografiyasi xususida o‘z takliflarini bildirishdi.



