Insoniyat tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, qurilish va bunyodkorlik juda olis zamonlardan beri inson tafakkurida mavjud. Odamlar qanday yashasa, shunday quradi, degan qarashda ham jon bor, aslida. Qaysidir qabila vakilidan 50 qavatli imorat qurishni talab qila olmaysizku, axir. Chunki ular uchun bu tamoman begona, fikrlashiga zid. Shu sabab ham hayotimizning qanchalar farovon bo‘lishi onggimiz bilan bevosita bog‘liq. Ayni zamonimizda qurilish qudratli va imkoniyati keng sohaga aylanib ulgurdi. Endilikda odamlar suv ustida shaharlar qurishni ham bemalol uddalayapti. Osmono‘par binolarning qurilishi ham odamlarni hayron qoldirmay qo‘ydi. Quvonarlisi, yurtimizda ham bu soha so‘nggi besh yilda yanada jonlandi. Qurilish firmalariyu turar joylar soni ham kundan-kunga oshib bormoqda.
Ana shunday firmalardan biri haqida hikoya qilamiz.
Bosh kentimizda sifatli uylar va biznes markazlar qurishni o‘zining asosiy maqsadi qilib olgan “Prime Towers” jamoasi qisqa vaqt ichida xalqimiz ishonchini qozona oldi. 2017 yilda tashkil topgan bu korxona aslida 2010 yildan beri qurilish loyihalari bilan shug‘ullanib keladi. Bugungi kunda bir qator yirik loyihalar muallifi sifatida tanilib ulgurgan ushbu korxonada ishchilarni qadrlash ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ko‘p xususiy firmalarda ishga kirish uchun norasmiy bir yo ikki oylik xizmat haqqisiz ishlash holatlari borligini eshitamiz. Ammo bu yerda xodim sinov muddati asosida qabul qilinsa ham, ishlagan kuni uchun pul to‘lab berilar ekan. Bayramlarda rag‘bat pullari berilishi, har oyda viloyatlik ishchilar uchun maxsus dam olish kunlari belgilanishini eshitib to‘g‘risi, unchalik ham ishonmadik. Ammo ishchilar ham buni tasdiqlagach, xursand bo‘ldik. Bizda ham tizimli ish olib borayotgan korxonalar soni ortayotgani quvonarli, albatta. Chunki ko‘p quruvchilar bilan suhbat qilganimda rag‘bat pullari tugul, oylikni vaqtida bermasliklaridan yozg‘irishardi. Ayniqsa, yotoq joy va oziq-ovqatga tuzuk e’tibor bermaydigan firmalar ko‘p. Hozirda 120 nafar ishchi faoliyat ko‘rsatadigan “Prime Towers” jamoasi xodimlarga kerakli sharoitlar yaratib berganiga o‘zimiz guvoh bo‘ldikki, eshitganlarimiz quruq gap emasligiga ishondik.
Bu haqda kompaniya xodimlaridan biri Elhan Mo‘minov shunday dedi:
– Jamoamiz qariyb 15 yillik tajribaga ega. Birgalikda o‘sdik, birgalikda rivojlandik. Jamoamiz a’zolari o‘z ishining ustalari. Bilasiz, bu sohada xodimlarni besh yil bir joyda ushlab turishning o‘zi katta gap. Biz esa faoliyat boshlaganimizdan beri birgamiz. Bir-birimizni yaxshi tushunamiz, ishonamiz, mehnatimizni qadrlaymiz. Ish haqining kechiktirmay berilishi va loyihalar soni keskin oshirib yuborilmasligi doimiy nazoratda. Qolaversa, korxonamiz tomonidan yer tanlashga alohida e’tibor qaratiladi. Ko‘proq tabiati yaxshi, daraxtlari ko‘p, shahar markazi yoki unga yaqin hududlardan joy tanlab, sotib olamiz. Yer sotib olding degani, darrov nimadir qurib tashlash kerakligini anglatmaydi. O‘ylab, hududga mos loyiha shakllantiramiz. Eng muhimi, har bir loyihani o‘z vaqtida topshirib kelyapmiz. Hatto bir mijozning o‘zi yettitalab uy olgan paytlar ham bo‘lgan. Shundan bilamizki, bizga ishonishadi. Biz ham bu mas’uliyatni his qilgan holda ularning ishonchini hamisha oqlashga intilamiz. Har bir turar joy binosini qurishdan oldin uning 100-200 yil egasiga xizmat qilishini hisobi olinadi. Hozirda poytaxtimizning yana bir manzilida 10 qavatli biznes markazini quryapmiz.
Darhaqiqat, qurilish jarayoni oxirlab qolgan “Prime Residence” loyihasi bilan tanishganimizda, uning jozibadorligi, qulayligi, sifatli tarzda qurilgani e’tiborimizni tortdi. Premium klassdagi uylar bo‘lgani uchun alohida did bilan ishlangani bir qarashdayoq seziladi. Qolaversa, kompaniya o‘zi barpo qilgan uylar uchun qo‘riqlash, tozalash kabi bir qancha maishiy xizmatlarni ham ko‘rsatib keladi. O‘z mijozlariga g‘amxo‘rlik qilish va doimo hamnafas bo‘lishga intiladi.


