…O‘shanda ko‘p tengdoshlari qatori kichik jussali, ozg‘indan kelgan Rahmatjon ham u yer-bu yerdan katta-kichik taxta topib, bukilgan mixlarni toshlar bilan to‘g‘rilab, o‘zicha nimalarnidir yasamoqchi bo‘layotganini otasi, uzoq yillar dalada suvchilik qilgan Xo‘jamkeldi aka ko‘zni qamashtiruvchi chilgi uzum soyasida zimdan anchagina kuzatdi. Nihoyat, bolakay atigi ikkitagina xom g‘isht quyadigan qolip yasaganini ko‘rgan otasi xursand bo‘lib o‘rnidan turdi-da Rahmatjonning yelkasini astagina qoqdi va boshini siladi.
– Nima qilmoqchisan, o‘g‘lim?
Otasining to‘satdan bergan savolidan esankirab qolgan Rahmatjon qo‘rqa-pisa javob berdi:
– G’isht quyib, tovuqlarni katagini yangilamoqchiman.
– Tovuqlarni katagi bor-u.
– G’ishtdan qurib, suvab qo‘yaman. Qishda ham sovqotishmaydi.
– Bu deyman, sen bola kelajakda quruvchi bo‘lasan, shekilli a, o‘g‘lim?
– Qanaqa quruvchi, – oshxonada kuymalanib yurgan onasi Muborakxon aya ota-bolaning suhbatiga aralashdi. – Shifokor bo‘ladi. Mana qarang, kunda kun-ora mazangiz qochyapti. Men ham sog‘ligimdan maqtanolmayman. Rahmatjon vrach bo‘lsa, hammamizni davolaydi, to‘g‘rimi, bolam?
Rahmatjon bilmadim, deganday yelkasini qisdi. Lekin otasi unga qarab, ko‘zini qisdi va boshini bir-ikki silkitib qo‘ydi. Bildiki bu – otasining rozilik tasdig‘i edi. Shu-shu Rahmatjonda quruvchilikka qiziqish paydo bo‘ldi. Maktabda matematika, fizika, geometriya kabi fanlarni chuqur o‘zlashtirib bordi.
O‘rta maktabni a’lo baholar bilan tamomlagan Rahmatjon 1989 yili Toshkent temir yo‘llar institutining qurilish fakultetida o‘qib, quruvchi-muhandis diplomini oldi. Yosh mutaxassis Toshkentdagi temir yo‘l qurilishida, Rishton tumanida joylashgan viloyat 3-qurilish trestida, 78-mexanizatsiyalashgan qurilish boshqarmasida va keyinchalik 540-PMKda muhandis, boshqaruvchi vazifalarida ishladi.
O‘sha yillari tinib-tinchimas, har sohaga qiziquvchi, tashkilotchi Rahmatjon Rasulovning “Mustaqillik” firmasi bor edi. Xususiylashtirish davri boshlangach, firma yopildi va 2000 yilda uning negizida “Madina” ko‘p tarmoqli xususiy firmasi tashkil qilindi. Firma asosan maktab va bog‘cha binolarida kapital va joriy ta’mirlash ishlarini olib bordi. Xususan, So‘x tumanining Tul va Sarikanda qishloqlarida kollejlar, maktablar hamda Rishtondagi Sanoat kasb-hunar kolleji binosi, Pandigon, Kapa, Oq-er qishloqlaridagi turli davlat tashkilotlari binolarini sifatli qurib, foydalanishga topshirdi.
Har qanday insonni hayotda yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi ustozi bo‘lishi tabiiy. Ana shuni e’tiborga olganda Rahmatjon Rishton tumanidagi sobiq 78-mexanizatsiyalashgan qurilish boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan quruvchi O‘rinboy Sobirov, boshqarma boshqaruvchisi Ergashboy Erkinov, shuningdek, taniqli quruvchi A’zamjon Ergashevlarni haqli ravishda o‘zining ustozlari, deydi va ularning bergan pandu-nasihatlari, o‘gitlarini hozirgacha ishida qo‘llab keladi.
– Sizningcha quruvchilik qanday kasb? – so‘raymiz Rahmatjon akadan.
– Quruvchilik – odamlarga quvonch ulashadigan kasb. Masalan, yillar davomida ijarada yashab yurgan oilaga yangi, hamma qulayliklarga ega uyning kaliti topshirilgan vaziyatda ko‘zidagi sevinch yoshlarini ko‘rsam, butun charchog‘im chiqib ketadi. Uning quvonchiga sherik bo‘lganimdan faxr tuyg‘usini tuyaman. Inson uchun bundan-da ortiq baxt bormi? Kasbimning ana shu tomoni menga g‘urur bag‘ishlaydi, – deya javob berdi u.
Bu yil firma tuman markaziga yaqin hududda, “Uchariq-Qalaynav” katta trassasining shundoqqina biqinida joylashgan “Nurafshon” dahasida loyiha qiymati 10 milliard so‘m bo‘lgan, har biri 25 xonadonli 2 ta 5 qavatli uylarni qurib bitkazdi. Ayni paytda bu yerga 50 ta yosh oila ko‘chib kelib, yashayapti. Lifti bor, gazdan muammo yo‘q, hammasi bekamu ko‘st. Suv markazlashgan quvurga ulangan. Firma jamoasi shu yilning kuziga borib yana xuddi shunday ikkita binoni topshirish niyatida. Bundan tashqari, Farg‘onada barpo etilayotgan Eko shaharda ham 7 qavatli, 48 kvartirali 2 ta bino qurilyapti. Bolalar uchun mo‘ljallangan o‘yin maydonchalari ham bor.
– Avvallari davlatniki, degan gap ko‘p ishlatilardi, – dedi qahramonimiz. – Endi esa meniki, deyilyapti. Chunki mana bu qurilayotgan bino meniki. Binoni qanchalik sifatli qursam, mijozim shuncha ko‘payadi. Ilgari loyihadan chiqmaysan, deyilar edi. Smeta asosida mablag‘ berilardi. Endi esa hatto uy egalari ham nazorat qilyapti. Hammasi nazoratda. Bundan biz ham xursandmiz. Sababi, besh qo‘l barobar emas deganlariday, ish paytida biror kamchilikka yo‘l qo‘yilsa, uyning egasi uni ko‘rsatadi va joyida hal etiladi. Yangi uyda yashayotgan fuqaro qanchalik xursand bo‘lsa, ko‘nglingiz ham shunchalik yorug‘ bo‘ladi. Mana, hozir ham shu qurilayotgan uy egalari bilan bemalol suhbatlashib o‘tiribman. Agar uyda biror nuqson bo‘lganda, men bu yerda turmas edim. Shukrki, men rahbarlik qilayotgan firmada bunday holatlar bo‘lmagan va bo‘lmaydi ham.
Ustozlar bergan pandu-nasihatlar, ota-onasining duosi tufayli Rahmatjon hayotda kam bo‘lmadi. Turmush o‘rtog‘i bilan 4 o‘g‘il, 1 qizni el koriga yaraydigan insonlar qilib tarbiyalashdi. Hammasi oliy ma’lumotli. Katta o‘g‘li Muzaffarjon uyli-joyli, o‘zi bilan birga firmada ishlaydi. 2016 yili FarDUning iqtisodiyot fakultetini tamomlagan Ilhomjon Farg‘onadagi “Qishloqqurilishbank” mintaqaviy filialida ishlar edi. Yangi qurilayotgan uylarning olti-sotdisi, bank operatsiyalari murakkablashib, hujjat ishlari anchayin qiynalishib qolgach, Rahmatjon aka Ilhomjonni ham firmaga ishga olib keldi. Keyingi o‘g‘li Farhodjon esa Moskva po‘lat qorishmalari institutida o‘qigan. Hozir oilasi bilan Toshkentda yashab, mexanika qurilish zavodida ishlaydi. Habibjon esa travmatolog, Farg‘onada tez tibbiy xizmatda vrach. Kenja farzandi Madinaxon esa maktabda yoshlarga bilim berib kelmoqda.
Hozirgi kunda firmada 70 ga yaqin ishchi mehnat qiladi. Oylik maoshlar o‘z vaqtida beriladi. Qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan doimiy aloqa o‘rnatilgan. Birorta mahsulot kelmay ish to‘xtab qolgan holatlar deyarli bo‘lmagan.
– Bir kuni hokimiyatda ozgina ushlanib qolib ob’ektga kelsam, hamma ishchilar bekor o‘tirishibdi, – dedi Rahmatjon aka kulimsirab. – O‘g‘lim Muzaffarjon esa telefonda kim bilandir tortishyapti. Ma’lum bo‘lishicha, ob’ektga g‘isht zavoddan biroz kechikib kelishi aytilgan, o‘g‘lim esa bundan jig‘i-biyron bo‘layotgan ekan. O‘g‘limni qo‘lidan telefonni olib, o‘sha g‘isht zavodining rahbari, qadrdonim bilan gaplashdim, ish tezda hal bo‘ldi. Mahsulot yetib keldi va ish bir maromda davom etdi. Demoqchimanki, qurilishda sen-menga borib ishlasa, baraka bo‘lmaydi. Hamma gap ahillikda, shirinsuxanlikda. Sababi, biz yurt xizmatidamiz. Oldimizga qo‘yilgan har qanday vazifani omilkorlik, bilim va katta tajriba bilan yengib o‘tib, yutuqqa erishamiz. Prezidentimizning aholini uy-joy bilan ta’minlash borasida olib borayotgan siyosati menga yoqadi. Biz ham boshida ikki qavatli uylar qurdik. Odamlar olarmikan, degan havotirda edik. Yo‘q, talash bo‘lib ketdi-yu. Hozir ham hali bitmagan uyning dastlabki badalini to‘lab qo‘yganlar ancha.
Shu o‘rinda shaxsiy fikrim bor. Ayrim chet davlatlardagi uylar qo‘rg‘on usulida quriladi. Ya’ni, hamma tomoni berk. Bu degani, 10-15 qavatli uylar aylanasiga qurilgan. Faqat bir joydan kirib chiqiladi. Qo‘rg‘onni ichida avtoturargoh, bolalar maydonchasi-yu, turli savdo majmualari ham bor. Bunday holatda, o‘g‘riliklar, jinoyatlar kamayishi tabiiy. Chunki qo‘rg‘onga kim kirib chiqyapti, kamera yozib boradi-da, nazorat kuchli. Kelgusida bizda ham shu usul qo‘llanilsa, har tomonlama yaxshi bo‘lar edi.
– Firmada 30 yildan beri Rahmatjon bilan birga ishlayman, – dedi ish boshqaruvchi Odiljon Husanov. – Fe’li hammabop. Ish yuzasidan talab qilishni biladi, qattiqqo‘l. Ustozning 20 ga yaqin shogirdlari bugungi kunda viloyatimizning turli hududlaridagi qurilish tashkilotlarida faoliyat yuritib kelishmoqda.
Har kuni erta tongdan ishga otlangan Rahmatjon aka uzoqdan qurilishi bitay deb qolgan uylarga boqib, hademay bu yerda bolajonlarning shodon qiyqirig‘ini tasavvur qiladi-da, “O‘zlaringdan ko‘payib, baxtli bo‘linglar”, deb yuziga fotiha tortadi.


