Surxondaryo vohasida ko‘p asrlik tamaddun unsurlarini ko‘rish mumkin. Uzoq o‘tmishga tutash voha tarixi hududda bunyodkorlik va yangilanishlarning xalqning jon-qoniga singiganini anglatadi. Xususan, eski Termizning tarixiy manbalarda yoritilishi nihoyatda qiziqarli va dolzarb bo‘lib, uning har bir qarichi alohida bunyodkorlik mavzusidir. Termiz shahri aholisi bosib o‘tgan tarixiy yo‘lning davomi sifatida shu kecha-kunduzdagi ulkan yangilanishlarni misol keltirishimiz mumkin. Joriy bunyodkorliklar va yangi davrdagi Surxon vohasining rivojiga hissa qo‘shayotgan “Agromashta’mirqurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati shunday korxonalardan biridir.
Jarqo‘rg‘on tumani Surxondaryoda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan ma’muriy hududdir. Azbaroyi u yerga yo‘lingiz tushsa tanti, mehnatkash, mirishkor va ishbilarmon kishilarlarni ko‘rasiz. Eng qizig‘i, bunda vohaning qiziqqon tadbirkorlarini qurilish sohasida ham uchratish mumkin. Albatta, Jarqo‘rg‘onda qurilishdan ozgina bo‘lsada xat-xabari bor kimsani so‘roqqa tuting-u javobni tayin
eting:
– Kechirasiz, shu tumanda “Agromashta’mirqurilish” korxonasi bor ekan?
– Bilamiz, bu yerlardagi eng yaxshi quruvchi korxonalardan biri.
Mazkur korxona 1996 yili tashkil etilgan bo‘lib, shu kecha kunduzda Surxondaryo vohasidagi ko‘plab qurilish-ta’mirlash ishlarida ishtirok etib, kapital qurilish, kapital rekonstruksiya hamda joriy ta’mirlash ishlarini olib borish bilan shug‘ullanib kelmoqda.
– Korxonamiz tarkibida bir qancha bo‘lim va boshqarmalar mavjud, – dedi korxona rahbari Yarash Hurramov. – Jumladan, qurilish-montaj, ish yuritish, hisobchilar, kadrlar va oddiy g‘isht teruvchilargacha bog‘langan bo‘limlarimizda ishchilarimiz o‘zlarining amaliy salohiyatlarini ko‘rsatib kelishmoqda. Qurilish o‘zaro bog‘langan soha. Uni oddiy arxitektura va loyiha yechimlaridan tortib, oddiy ishchilar jamoasigacha bo‘lgan qatlam bog‘lab turadi. Shunga ko‘ra, ahil va tajribali jamoaning o‘rni ahamiyatlidir. Hozirgi kunda korxonamizda 102 nafar xodim faoliyat olib bormoqda. Shundan 10 nafari boshqaruv xodimlari, 17 nafari muhandis-texnik xodimlar, 75 nafari ishchilardan iborat.
Korxonaning moddiy-texnik bazasi ham amaliy qurilish jarayonlarida ko‘makchi vazifasini bajarmoqda. Jumladan, 1 dona avtokran, 4 dona ekskavator, 7 ta yuk tashish avtotransportlari va boshqa turdagi 3 dona texnikalar mavjud.
Korxona tomonidan oxirgi yillarda yirik ob’ektlar foydalanishga topshirildi. Xususan, 2020 yilda Sariosiyo tumanidagi sport ob’ektlarining infratuzilmasini rivojlantirish ishlari bajarildi. O‘tgan yil hisobidan Denov tumanidagi Sil kasalliklari dispanserini rekonstruksiya qilish, tumanning Yurchi mahallasidagi 4-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti uchun 90 o‘rinli yangi binoni qurib bitkazish va ta’mirlash ishlari muvaffaqiyatli bajarildi. Shuningdek, Denov tumanidagi Nuriston mahallasi hududida yangi sport zali va 528 o‘rinli yangi maktab binosining qurilishi yakunlandi.
Joriy yilda Oltinsoy tumanida Ipak, Bo‘ston mahallalari hududida joylashgan “Mustaqillik” va Oxunboboyev ko‘chalarining me’moriy qiyofasini zamonaviylashtirish va obodonlashtirish ishlari bajarildi. Aytish kerakki, korxona faoliyati davomida qariyb 29 mlrd so‘mlik qurilish ishlarini bajardi.
Qadim Surxon vohasi me’morchiligining tahlili shuni ko‘rsatadiki, ko‘hna shaharlar qal’alari hududda me’morlik juda uzoq tarixiy bosqichga ega. Misol uchun, Kampirtepa, Zartepa, Xayrobodtepa, Dalvarzintepa kabi yodgorlik madaniyatlari bunga isbot bo‘la oladi. Xususan, antik davrga oid eng katta qal’a-shaharlar Termiz va Dalvarzintepa o‘rnida bugun ham zamonaviy vohaning urbanizatsiya an’anasi saqlanib kelmoqda.
Bugun Surxondaryodagi qurilish jarayonlari o‘sha shonli o‘tmishning amaliy ini’kosi o‘laroq o‘rtaga chiqmoqda. Bu jarayonlarda o‘zining mirishkorligi, tajribasi va ko‘nikmasi bilan hududning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirayotgan qurilish jarayonlariga hissa qo‘shayotgan korxonalarning o‘z o‘rni bor. “Agromashta’mirqurilish” korxonasi jamoasi ham o‘lkadagi qurilish-rekonstruksiya jarayonlarida bevosita ishtirok etib, davlatimizning keng qamrovli islohotlarida bevosita ishtirok etmoqda. Korxonaning kelajak rejalari mazkur islohotlar zamirida qo‘llab-quvvatlanmoqda. Albatta, hozirgi kunda har qanday islohot bilvosita xalqimizning farovon hayoti uchun xizmat qiladi. “Agromashta’mirqurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyatining ham yuksak bunyodkorlik ishlari Surxon vohasida yashayotgan har bir kishining kelajagiga dahldor bo‘lib qolaveradi.

