Faqatgina ozod va obod, tinch va farovon zamindagina bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi. Faqat shunday go‘zal yurtga bayramlar yarashadi. Kuni kecha go‘zal poytaxtimiz yana bir tantanaga guvoh bo‘ldi. O‘z bag‘ridan millionlab yurtdoshlarimizga joy bergan ona shahar bugun yana minglab kishilarga mezbonlik qildi. Mehmonlar yurt quruvchilari – jonajon vatanimizning mahoratli bunyodkorlari, loyihachilari, me’morlaru shu sohada fidokorona mehnat qilib kelayotgan zahmatkash kasb egalari bo‘ldi.
Prezidentimizning 2017 yil 7 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kunini nishonlash to‘g‘risida”gi farmoniga asosan avgust oyining ikkinchi yakshanbasi “Qurilish sohasi xodimlari kuni” deb e’lon qilingan. Besh yildirki, aynan shu kuni yurtimiz taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan zahmatkash kasb egalari ardoqlanib, sohada faoliyat yuritayotgan faol xodimlar taqdirlanishi odatga aylandi.
Qurilish sohasi xodimlari kuniga bag‘ishlangan bu yilgi tantanali tadbir poytaxtning eng muhtasham maskani – Xalqaro forumlar saroyida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari – Prezidentning Matbuot kotibi Sherzod Asadov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Achilbay Ramatov, shuningdek respublikamizning barcha viloyatlaridan qurilish sohasi xodimlari ishtirok etishdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning soha xodimlariga bayram tabrigini Prezidentning Matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi.
Yurtboshimiz tabrigida bugungi kunda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida barcha islohotlarimiz markaziga inson qadri, uning hayotiy manfaatlarini ta’minlash bosh maqsad qilib qo‘yilayotgani alohida ta’kidlandi. Ana shunday ulug‘vor vazifani amalga oshirishda boshqa sohalar qatori qurilish sohasi, uning ulkan imkoniyatlari hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shuningdek, Prezidentimiz o‘z tabrigida ta’kidlaganidek, olib borilayotgan islohotlar natijasida aholi punktlariga kompleks yondashuv, uy-joy, turli bino va inshootlar bilan birga ijtimoiy soha ob’ektlari, ta’lim, madaniyat markazlari, istirohat bog‘lari, bolalar maydonchasi, sport maskanlarini bunyod etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning amaliy tasdig‘i sifatida 2022 yilda investitsiya dasturi bo‘yicha 1 ming 868 ta ijtimoiy ob’ektda qurilish, rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari olib borilayotganini ta’kidlash o‘rinlidir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, respublikada qurilish ishlari hajmi 2010 yilda 8,2 trillion so‘mni, 2012 yilda 11,7 trillion so‘mni, 2014 yilda 20,1 trillion so‘mni, 2016 yilda 29,4 trillion so‘mni, 2018 yilda 51,1 trillion so‘mni, 2020 yilda 88,1 trillion so‘mni tashkil qilgan. Joriy yilning may oyi yakunlari bo‘yicha esa ushbu ko‘rsatkich 45 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkichlarni amalga oshirishda samarali faoliyat olib borayotgan xodimlar Qurilish sohasi xodimlari kuniga bag‘ishlangan tadbirda e’tirof etildi.
Yuz-ko‘zida hayotidan mamnunlik, shunday sharafli kasbda ishlayotganidan faxr tuyg‘usi aks etib turgan soha xodimlarining taassurotlariga quloq tutdik.
Eldor ISAAKOV, Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi bosh mutaxassisi:
– Yurtboshimizning qurilish sohasi xodimlariga yo‘llagan tabrigini tinglab, juda quvondik. Bilasizmi, inson qaysi kasbda ishlashidan qat’i nazar, mehnatining e’tirof etilishi unga yanada katta kuch va g‘ayrat bag‘ishlaydi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorliklarda Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasining ham hissasi katta bo‘lmoqda. Xususan, joriy yilning 1 iyul holatiga ko‘ra Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalari tomonidan Davlat dasturlariga kiritilgan 28 668 ta ob’ektlar qurilish-montaj ishlari nazoratga olingan bo‘lib, 26 093 tasi ro‘yxatdan o‘tgan. Ushbu ob’ektlarda 56 668 marotaba nazorat ishlari amalga oshirildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan 55 424 ta yozma ko‘rsatmalar berilib, shundan, 41 205 tasi bartaraf etilgan.
Bulardan tashqari, yaqinda Qurilish vazirligining buyrug‘iga asosan, inspeksiyaning Markaziy apparati tomonidan “Qurilishda davlat nazorati” milliy axborot tizimi ishlab chiqildi. Mazkur tizim sinov tariqasida Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalarida ishga tushirilib, Inspeksiya boshliqlari, o‘rinbosari, AKT mutaxassisi, Buyurtmachilar bo‘limi, Qurilish-montaj ishlari ustidan nazorat bo‘limi ishtirokida seminarlar tashkil etildi. Hududlardagi qurilish ob’ektlariga chiqib, yangi joriy etilayotgan tizimning qulayliklari, qurilish ob’ektlariga biriktirilgan mas’ul xodimlarning javobgarliklari, sifat nazorati va ob’ektlarni foydalanishga qabul qilishning shaffofligini ta’minlash yuzasidan inspektorlar tomonidan yozma ko‘rsatmalar berildi. Ayni paytda ularning ijrosi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Fursatdan foydalanib, sohada fidokorlik bilan mehnat qilayotgan barcha yurtdoshlarimizni kasb bayrami bilan yana bir bor tabriklayman.
Obloqul MIRZAYEV, “Andijon Fuqaro Loyiha” MChJ rahbari:
– Yurtimizda uy-joylar, madaniy-maishiy va zamonaviy infratuzilma ob’ektlari qurilishining ko‘lami kengaygani tahsinga loyiq. Shunday ishlarni amalga oshirayotgan bunyodkorlarga e’tibor soha xodimlarini yanada ishchanlikka undamoqda. Bu O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kunida yanada yaqqol namoyon bo‘ldi. Yurtboshimizning tabrigini tinglab, bu sohada faoliyat yuritayotganimdan, shu zaminni rivoji uchun hissa qo‘shayotganimdan g‘ururlandim, rosti. Ayni paytda jamiyatimizdagi 50 nafar ishchi qurilish loyihalarini tashkil qilish bilan shug‘ullanib, Andijon viloyati ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib kelmoqda.
Doniyor JUMANOV, 12-trest, 65-qurilish boshqarmasi boshlig‘i:
– Boshqarmamiz poytaxtimizdagi eng ko‘rkam binolarni qurish va rekonstruksiya qilish ishlari bilan shug‘ullanib kelyapti. Ishimizda eng avvalo, sifat va mukammallikni birinchi o‘ringa qo‘yamiz. Ayni paytda poytaxtimizdagi Kinochilar uyi, “O‘zbekfilm” AJga qarashli pavilonlarni qayta qurish ishlarini bajaryapmiz. Ob’ektlardagi ish jarayoni ikki smenada tashkil qilingan bo‘lib, 400 nafar ishchi-xodim mehnat qilyapti. Ob’ektni noldan boshlab qurib, kirib ishlaydigan yoki yashaydigan holatda topshiramiz. Qurilish sohasi xodimlari kuni bilan barcha hamkasblarimizni tabriklayman. Mashaqqatli ammo sharafli kasblarida ularga omad doim yor bo‘lsin. Yurtimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shishdan aslo charchashmasin!
Abdisamad BALGAYEV, SamDAQI Arxitekturaviy loyihalash kafedrasi dotsenti:
– Ellik yildan buyon arxitektura va qurilish sohasida kadrlarni tayyorlashga o‘z hissamizni qo‘shib kelyapmiz. “Yangi O‘zbekiston”ni bunyod etishda shogirdlarimizning faol ishtiroki jamoamizga kuch-qudrat bag‘ishlamoqda. Hozirgi bunyodkorlik ishlarining barchasida biz va shogirdlarimizning ham hissasi bor, deb o‘ylayman.
Yurtimizda har qanday sohaga bo‘lgan qarash negizida yoshlarga e’tibor yotadi. Yuqorida so‘z yuritgan o‘qituvchi, murabbiy, quruvchi ustozlarning dilida ham vatanimiz go‘zalligiga go‘zallik qo‘shishday ezgu o‘ylar bor. Amir Temur bobomiz bejizga “Bizning qudratimizga ishonmasangiz, biz qurgan binolarga boqing”, deb aytmagan edi.
Zuhra SHODMONOVA, Toshkent arxitektura-qurilish instituti o‘qituvchisi:
– Bugungi shodiyona bilan barcha kasbdoshlarimni tabriklayman. Shu kungacha ko‘plab shogirdlarni tayyorladik, ular doimo rahmat aytib kelishadi. Shunday kezlari ular bajarayotgan bunyodkorlik ishlarida biz bergan ta’lim-tarbiyaning ham hissasi borligidan quvonamiz. Kuni kecha yurtboshimiz institutimizning yangi binosini borib ko‘rdi, o‘qituvchi va talabalar bilan suhbatlashdi. Bu ham o‘z navbatida sohaga malakali kadrlarni tayyorlashga yanada yaxshi imkon yaratadi. Endilikda qurilishda nazariya bilan amaliyotni baravar olib borish uchun turli laboratoriya va markazlar institutimizni o‘zida faoliyat yuritadi. Kelgusida yanada malakali kadrlar tayyorlashimiz uchun mustahkam zamin yaratildi.
Elyor KOMILOV, Qurilish vazirligi boshqarma boshlig‘i:
– Hozir ko‘chadan shu muhtasham binoga kelgunga qadar ham bir qancha bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘ldik. Bular birgina Toshkent shahridagi o‘zgarishlar, xolos. Masalan, “Nest One” binosini oladigan bo‘lsak, u Yaponiya texnologiyasi asosida qurilgan. Bayram tantanasi bo‘layotgan mana shu bino va qurilayotgan boshqa uy-joylar yurtimizning bugungi qiyofasini yaratishga hissa qo‘shmoqda. Oxirgi besh yilda 58 million kvadrat metrdan ortiq uy-joy qurildi. Bu tarixiy voqea, ya’ni, bu degani 218 mingta uy-joy qurilib, 218 ming oila uyli bo‘ldi deganidir. Ularning orasida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining ham vatanli bo‘lgani kishini quvontiradi. Bilasizmi, biz avval nechta imkoniyati cheklangan yoki yolg‘iz ayol borligini bilmagan ekanmiz. Bugun ularning har bittasiga alohida e’tibor berilib, imtiyozli kreditlar, subsidiya orqali qo‘llab-quvvatlash yo‘lga qo‘yildi. Bu jarayonda qurilish sohasidagi tadbirkorlarga ham yaxshi imkoniyat berilgan bo‘lsa, qancha aholi vatanli bo‘lyapti. Oxirgi besh yillikda qilingan islohotlar, ya’ni, yangi normalarni ishlab chiqish, ularni amalga tatbiq etish, shuningdek, xorij bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan holda qurilish sohasiga xorij tajribasini olib kirishga ham bugun alohida e’tibor qaratilmoqda.
Keyingi yillardagi asosiy islohotlarni aytadigan bo‘lsak, bu “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining yaratilganidir. Raqamlashtirishda inson omilining cheklanishidan maqsad, korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurashishdan iborat. Yangi loyihalalarni ishlab chiqish bo‘yicha yaqinda Prezidentimiz tomonidan o‘tkazilgan videoselektorda ko‘rsatilgan vazifalar bo‘yicha topshiriqlar belgilab berildi. Vazirlikda buyruqlar tayyorlanib, tegishli xodimlarga o‘z vaqtida bajarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Bugun fursatdan foydalanib, barcha hamkasblarimizni, quruvchi va loyihachilarni, me’morlar va pudratchilarni bunyodkorlar bayrami bilan chin dildan tabriklayman.
Tantanali tadbir davomida taniqli san’atkorlar ishtirokida tashkil etilgan konsert dasturi yig‘ilganlarga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Tantanalar davomida vazirlik rahbariyati tomonidan faol xodimlardan bir guruhiga faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Bayram tadbirida vazirlik va Kasaba uyushma qo‘mitasi tashabbusi bilan sohada faoliyat yuritayotgan jonkuyar xodimlar aniqlanib, turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlanishdi. Unga ko‘ra, “Eng namunali xodim” nominatsiyasi bo‘yicha Qurilish vazirligi Apparat rahbari yordamchisi Azizbek Rustamov hamda Ijro nazorati bo‘limi bosh mutaxassisi Uchqunjon Halilov, “Eng faol xodim” nominatsiyasi bo‘yicha Arxitektura va shaharsozlikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jahongir Anvarov hamda Kadrlar bo‘limi mutaxassisi Madina Mamadaliyeva, “Eng ijodiy yondoshuvchan xodimlar” nominatsiyasi bo‘yicha Qurilishda texnik me’yorlash va yangi texnologiyalarni joriy etish boshqarmasi yetakchi mutaxassisi Jamoliddin Bo‘tayorov hamda Markaziy buxgalteriya bosh mutaxassisi Bahrom Sirlibayev, “Eng talabchan xodim” nominatsiyasi bo‘yicha Ijro nazorati bo‘limi boshlig‘i Vagif Mamedov hamda vazirning birinchi o‘rinbosari yordamchisi Umid Azimov, “Eng mas’uliyatli xodim” nominatsiyasi bo‘yicha “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUK boshqarma boshlig‘i Jamshid Rajabov hamda Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i Sherzod Nizamov,
“Eng tashabbuskor xodim” nominatsiyasi bo‘yicha “Shaffof qurilish” markazi bo‘limi boshlig‘i Shahzod Abdugaffarov hamda Devonxona mudiri Gulshanoy Otaboyeva loyiq ko‘rildi.
Qurilish sohasi xodimlari kuni yurtimizning boshqa hududlarida ham keng nishonlandi.
Xususan, Qurilish sohasi xodimlari kuni munosabati bilan Namangan shahri Davlatobod tumanidagi “Meridian” tantanalar majmuasida viloyat qurilish sohasida fidokorona mehnat qilayotgan, mohir quruvchi va muhandislar, usta va me’morlar, loyihachi va pudrat tashkilotlari vakillari uchun tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tantanali marosimda viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov va viloyat sektorlari rahbarlari ishtirok etishdi. Viloyat hokimi yig‘ilganlarni kirib kelayotgan mustaqilligimizning 31 yillik shodiyonalari hamda qurilish sohasi xodimlari kuni bilan samimiy tabriklab, bayram tilaklarini bildirdi.
Namanganlik quruvchilarning yutuqlariga alohida to‘xtalgan viloyat rahbari “Qurilishlar qancha ko‘p va sifatli bo‘lsa, shahar va qishloqlar obod, go‘zal bo‘ladi. Bu yerda yashayotgan insonlarning kayfiyati ham yuqori bo‘ladi. Xursand bo‘lib aytishimiz mumkinki, bugun mamlakatimiz bo‘ylab bunyod etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivlari dasturining paydo bo‘lishi, viloyatimiz quruvchilaridan ham katta mas’uliyat talab etadi,” dedi o‘z so‘zida.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi quruvchilari ham bayramni katta tantana bilan nishonlashdi. Qoraqalpoq zaminini har tomonlama obod maskanga aylantirishda hududda mehnat qilayotgan quruvchilarning harakatlarini alohida ta’kidlash lozim. Ular Prezidentimiz boshlagan tashabbuslarga hamohang tarzda ish yuritib, tuman va shaharlar qiyofasini zamonaviylashtirish uchun bor kuchlarini ayashmayapti. Ana shunday shijoat bilan ular kasb bayramini kutib olishdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish vazirligining majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirining o‘rinbosari O‘ktam To‘rayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish vaziri Jalgasbay Berdixanovlar bunyodkorlarni kasb bayrami bilan tabriklashdi. Shundan so‘ng, qurilish sohasida faol mehnat qilib, hamkasblariga ibrat ko‘rsatayotgan bir guruh soha xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi qurilish vazirining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bayram tadbirlari Qashqadaryo viloyatida ham bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat hokimi Murotjon Azimov qurilish sohasi vakillarini kasb bayrami bilan tabriklab, yurtimiz obodligi va xalqimizning farovon hayot yo‘lida shubhasiz bunyodkor quruvchilarimizning o‘rni beqiyosligini ta’kidladi. Shuningdek, o‘z sohasining chinakam jonkuyari bo‘lgan quruvchilar viloyat hokimligi tomonidan faxriy yorliq hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Ana shunday bayram tantanalari yurtimizning boshqa viloyatlarida ham bo‘lib o‘tdi.












