Buyuk sarkarda Sohibqiron Amir Temur bobomiz Shahrisabz hamda Samarqand shaharlari va boshqa joylarda bunyod ettirgan muhtasham binolar asrlar o‘tsa ham dunyo xalqlarini millatimizning me’morchilik san’atiga lol qoldirib kelyapti. Shahrisabz shahridagi Oqsaroy binosida bitilgan va bobomiz tuzuklaridan joy olgan: “Kimligimizni bilmoqchi bo‘lganlar, biz qurgan imoratlarga boqsin!”, degan hikmatli so‘zlari ko‘p narsani anglatadi.
Jizzax viloyatidagi “Qurilish ta’minoti” xususiy korxonasini tashkil qilgan Shuhrat Bahriddinovning faoliyatiga nazar tashlash avvalida yuqoridagi misolga bejizga to‘xtalganimiz yo‘q. Keyingi yillarda davlatimizda yaratilayotgan sharoitlar tufayli qurilish va bunyodkorlik sohasida tadbirkorlarimiz jiddiy izlanishlar qilib, bobolarimizning me’morchilik bobidagi yutuqlarini davom ettirishga harakat qilishayotganini e’tirof etish kerak.
Shuhrat Bahriddinov ham qurilish sohasida to‘plagan tajribalariga tayanib mustaqil ravishda uni hayotga tatbiq etishni niyat qildi. O‘n yetti yil avval viloyatda birinchilardan bo‘lib qurilish sohasida ish yurituvchi korxonasini tashkil etdi. O‘sha kezlari sohaga endi e’tibor berilayotgani sababli tadbirkorlarga ishni boshlash oson kechmaganini bugungi kunda Shuhrat aka yaxshi eslaydi. Qurilish ob’ektlari barmoq bilan sanarli, qurilishbop mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar viloyat o‘ramida kamligi uchun ularni respublikaning turli hududlaridan olib kelishga to‘g‘ri kelardi.
“Qurilish ta’minoti” korxonasining ahil jamoasi ana shu singari sinovlarda rahbarning tashabbusi-yu, tashkilotchiligiga tayanishdi. Ikkita tumanda namunali uy-joy qurilishini zimmalariga olgan korxona ishchi-xizmatchilari har qanday muammo pisand emasligini ko‘rsatdi. Uylarni qurish va yon-atroflarini obodonlashtirishga ketgan sarf-xarajatlar tadbirkorni cho‘chitmadi. Bank kreditlarini olish masalasi cho‘zilib ketganida, yaqinlaridan qarz ko‘tarib, boshlagan ishini sifatli qilib bajarishga erishdi.
Bu intilish va natijadan so‘ng, tadbirkorga tan berib, unga tayanuvchilar, muhim hamda katta-katta ob’ektlarga buyurtma beruvchilar soni orta bordi. Shu kungacha viloyatning tuman va shaharlarida bunyod etilgan o‘nlab maktab, yo‘llar, ishlab chiqarish korxonalari, ma’muriy binolar, bolalar bog‘chalari va boshqa ko‘plab korxonalar qurilish sohasida ishbilarmonligi bilan obro‘ qozongan tadbirkorning sa’y-harakatlari natijasidir.
Jizzax viloyatida 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturlari ijrosini amalda tatbiq etishda turdosh korxonalar qatori “Qurilish ta’minoti” xususiy korxonasi ham mas’uliyat bilan yondoshmoqda. Jamoa ishchi-xizmatchilari mahalliylashtirish dasturi asosida qurilishbop materiallarni ishlab chiqarish bilan birga Jizzax shahrida qad rostlayotgan muhim ob’ektlardan biri, viloyat hokimligi huzuridagi ”Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasining buyurtmasiga ko‘ra, “Prime Tower Group” MChJ loyihasi asosida umumiy qiymati 65 507,880 mln so‘mlik Jizzax viloyati sudlari (ma’muriy, iqtisodiy, jinoiy va fuqarolik sudlari) binosini qurishni zimmalariga olishgan. Bunyodkorlar shu kungacha 52 539,814 mln so‘mlik ishlarni sifatli bajarishdi. Binoni joriy yilning oxirigacha topshirish uchun 200 nafardan ortiq quruvchilar ikki smenada mehnat qilishmoqda.
Tashkilot prorabi Sayfulla Abdullayevning ta’kidlashicha, belgilangan rejani uddalash uchun imkoniyatlar yetarli. Zarur materiallar peshma-pesh olib kelinyapti, mavsumda qo‘shimcha ishchi kuchi jalb qilinib, ularga ustozlar biriktirilgan. Kasbni mukammal o‘zlashtirgan yoshlar korxonada doimiy ishlashga qolib, ularga mehnat daftarchalari yuritiladi. Asosiysi, ular ham doimiy ishchi-xizmatchilar qatori korxonada yaratilgan imtiyozlardan bahramand bo‘lishyapti.
– Vaqtinchalik ishsiz bo‘lib qolgandim, Jizzax shahrida o‘tkazilgan mehnat yarmarkasida hozir ishlayotgan korxonamga taklif qilishdi, – dedi Rahimjon Qidiraliyev. – O‘zimga birkitilgan ustozdan g‘isht terish kasbini o‘rganib, yaqindan boshlab o‘zim bu ishni mustaqil bajaryapman. Hunar o‘rganish barobarida ro‘zg‘orimga baraka kirdi, har oyda 3 million so‘mga yaqin maosh olyapman. Ishlarimni kuzatib yurgan ish boshqaruvchimiz doimiy ishga qabul qilishini aytgani yanada yaxshi mehnat qilishga undamoqda.


