Xizmat safarimiz davomida Andijon viloyatining bir qancha tumanlarida bo‘lib, hududlarda olib borilayotgan yangilanishlar bilan tanishdik. Andijon shahridagi zamonaviy loyiha bo‘yicha qayta rekonstruksiya qilingan Navoiy nomidagi istirohat bog‘iga tushlik qilish uchun kirganimizda bu yerda choyxo‘rlik qilib o‘tirgan nuroniylarning gap-so‘zlari e’tiborimizni tortdi.
– Bugungi dorilomon kunlarni ko‘rib, undan bahramand bo‘lish ilgari birortamizning xayolimizga ham kelmagandi. Arzimas maosh uchun tong sahardan kun botgunicha tinimsiz ishlasakda, ro‘zg‘or va oiladagi kamchiliklar tugamas, ayniqsa, uy-joyga bo‘lgan ehtiyojimizni birorta rahbar eshitishni xohlamas, o‘z yog‘imizga o‘zimiz qovurilib yurardik, – dedi ulardan biri.
– Qo‘shni mahallada yashovchi, duradgor-usta Ne’matilla Umarovni hammangiz yaxshi bilasiz, shahardagi ko‘plab uylarning qurilishida uning qo‘li tekkan. Birov biron-bir ehtiyoj bilan xonadoniga chiqsa yoki biror yumushni iltimos qilsa, har qanday ishini tashlab darhol bajarishga odatlangan bag‘rikeng insonlardan. Ot izini toy bosadi, deb bekorga aytilmagan ekan. Yaqinda eshitib qoldim, ana shu ustaning o‘g‘li Qudratilla ota kasbini egallab, juda zo‘r binolar qurayotgan ekan, ulardan biri shu yaqin atrofda qad rostlayapti, – dedi davrada o‘tirganlardan yana biri.
Bu gaplar bizni sergaklantirdi. Gap biz uchrashmoqchi bo‘lgan Qudratilla Umarov haqida emasmikin, degan fikr keldi. Demak, Qudratilla haqida maqola yozishni bejizga rejamizga kiritmagan ekanmizda. Tushlik qilib bo‘lgach, gashtak qilib o‘tirgan nuroniylar bilan xayr-ma’zur qilib, qahramonimiz bilan suhbatlashish uchun qurilish ob’ekti tomon yo‘l oldik. Qurilish maydoniga kelgach, bu yerda ish avj pallasida ekaniga guvoh bo‘ldik.
Mohir ustaning o‘g‘li va shogirdi Qudratillani topish qiyin kechmadi, uni bu yerdagilar juda yaxshi bilishar ekan. Tadbirkor bilan uchrashgach, u Xurshidbek Habibullayev ta’sischiligida tashkil qilgan “Binokor madad qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati ishchi-xizmatchilari qurayotgan 420 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkilotini borib ko‘rdik. Garchi, qurilish ishlari nihoyasiga yetmagan bo‘lsa ham, ammo Eng ulug‘ va eng aziz bayramimizga qadar ob’ektni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Ko‘p bor ta’kidlanganidek, qurilish sohasi o‘ta nozik va katta mas’uliyat talab qiladigan kasblardan biri. Qanday shaklda bo‘lishidan qat’i nazar har bir ob’ektning mazmun-mohiyati zamiri insonlarning kelajagiga borib taqaladi. Shuning uchun ham bu soha har kimga ham xos emas. Yaxshi imorat qurish uchun tajribali quruvchilarning mahoratidan bahramand bo‘lib, barchasini puxta o‘zlashtirishni taqozo etadi. Bu borada Qudratilla Umarovning yillar davomida otasining etagidan mahkam tutgani o‘z samarasini berdi.
Padaribuzrukvoriga qurilish sohasida tadbirkorlik qilish niyati borligini aytganida, u kishi o‘g‘lining fikrini qo‘llab-quvvatlab, zarur yordamini ayamadi. “Binokor madad qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil qilinganiga hademay sakkiz yil to‘ladi. Bir qarashda o‘tgan davr unchalik katta vaqt emas, biroq shu yillar oralig‘ida jamoa ahli qurgan inshootlar, yo‘llar va obodonlashtirish borasida amalga oshirgan ishlari ularni nafaqat vodiy viloyatlariga, balki respublikamizga ham tanitdi.
Bir misol. Buloqboshi tumanida zamonaviy loyihalar bo‘yicha bunyod etilgan qishloq vrachlik punktlari, shu tumandagi mahallalardan uchtasida qurilgan namunali uylar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari va ko‘p tarmoqli oilaviy poliklinika, bu singari bunyodkorlik ishlari sonini davom ettirish mumkin. Ular Qudratilla boshchilik qilayotgan jamoaning sa’y-harakatlari bilan qisqa muddatlarda qad rostladi, o‘z navbatida bu yerda yaratilgan sharoitlardan foydalanayotgan fuqarolar quruvchilardan minnatdor bo‘lishmoqda.
Jamoa ahli bular bilan cheklanib qolgani yo‘q, ular jamiyat tarkibida qurilish materiallari ishlab chiqarish sexlarini tashkil qilish uchun ham istiqbolli loyihalar ustida izlanishlar olib borishyapti. Buning uchun barcha sharoitlar yetarli. Yana bir narsa, ishchi-xizmatchilar har bir bajargan ishi ertaga korxonasi va o‘ziga qanday naf keltirishini yaxshi bilishadi. Shunga monand ishning sifati va tejamkorligiga alohida e’tibor qaratishadi, bunday qat’iy tartib esa sarf-xarajatlardan tashqari korxonaning moddiy jihatini mustahkamlashga imkon beryapti. Natijada ishchi-xizmatchilarning oylik maoshlari yil sayin ortmoqda. Muhimi, har bir ishchi-xodimga mehnat ta’tili davrida salomatligini tiklab olishi uchun jamiyat tomonidan sharoitlar yaratib berilgan. To‘y va boshqa tadbirlarda zarur moddiy yordam ko‘rsatiladi. Yozgi mavsumlarda ishlaydigan mavsumiy ishchilar ham ana shu imkoniyatlardan bahramand bo‘lishadi.
– Jamiyatda ishchilarga yaratilgan sharoitlar tufayli oilamizga fayz-baraka kiryapti, – dedi vaqtinchalik ishsiz maqomini olib, kam ta’minlanganlar ro‘yxatida turgan Abdullajon Rahimov. – Mehnat yarmarkasida qatnashib, qurilish sohasida hech qanday tajribam bo‘lmasa ham korxona rahbarining taklifi bilan korxonada ish boshlagan edim. Bu yerda tajribali quruvchilar ko‘p ekan, ular yordamini ayashmadi, bir yil oralig‘ida payvandlashni o‘rganib oldim, ayni paytda o‘zim mustaqil ish bajaryapman, ishlarim ma’qul kelgani uchun maoshim ham shunga loyiq bo‘lyapti.
Bir so‘z bilan aytganda, bu davlatimizda inson qadri ustuvor darajaga ko‘tarilayotganining samarasidir. Bu borada boshlangan islohotlarga endi besh yildan oshyapti, nasib etsa, hali xalqimizning barcha orzu-istaklari ro‘yob topadi.



