E’tibor berganmisiz, ko‘pchilik o‘qituvchilarning farzandi ham kelgusida otasi yoki onasinining izidan borib, ustozlik kasbini tanlaydi. Chunki ziyoli muhitda ulg‘aygan insonda o‘qituvchilik, bilimga ishtiyoq va bilganlarini o‘zgalarga o‘rgatish zavqi kuchli bo‘ladi. Qahramonimiz Sherzod Uzokov ham ana shunday ota-onasining kasbini ulug‘lab kelayotgan farzandlardan biridir.
U bugungi kunda Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori, dosent lavozimida ishlab, ota kasbini davom ettirib kelmoqda. Otasi Xamid Uzokov ham 40 yildan ziyod vaqt mobaynida Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida turli rahbarlik lavozimlarida, kafedra mudiri, kafedra dosenti vazifalarida faoliyat ko‘rsatgan. Onasi ham o‘qituvchilikdan pensiyaga chiqqan.
– Xonadonimizga ziyoli insonlarning tashrifi, ular bilan o‘tgan qizg‘in suhbatlar sabab bolaligimdan o‘qituvchilik kasbiga mehrim ortgan, – dedi Sherzod Uzokov. – Institutni tamomlashimda boshqa kasbda ishlash haqida o‘ylab ham ko‘rmaganman. Chunki o‘qituvchilik kasbini, allaqachon tanlab bo‘lgandim.
Mehnat faoliyatini talabalik davrida institutning Axborot texnologiyalari markazida muhandis-dasturlovchi sifatida boshlagan Sherzod Uzokov magistraturani bitirgach, Chizma geometriya va muhandislik grafikasi kafedrasida o‘qituvchi, keyinroq esa deyarli 11 yil davomida kafedra mudiri lavozimida faoliyat ko‘rsatdi. Kafedrada ishlash mobaynida izlanishdan, o‘zining bilim va tajribasini boyitishdan to‘xtamadi. Shu orada “Eng yaxshi pedagog” tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, dosent ilmiy unvoniga ega bo‘ldi. Kafedradagi faoliyati rahbariyat tomonidan e’tiborga olinib, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor lavozimiga tayinlandi.
– Inson o‘ziga o‘zi ob’ektiv baho berishi juda qiyin, – dedi qahramonimiz suhbat davomida. – O‘qituvchining darajasini eng to‘g‘ri va ob’ektiv baholay oladigan insonlar bu talabalardir. Hozircha ulardan faqatgina minnatdorlik va ijobiy fikrlar eshitganim bois, kasbim bilan faxrlanaman. O‘qituvchi sifatida men uchun eng oliy baho, shu aslida. Ustozlarim haqida so‘z ketganda, birinchi navbatda, menda shu kasbga mehr o‘yg‘otgan inson – otam deb bilaman. Hozirda hayot bo‘lmasada, u kishining har bir maslahati va nasihatini kundalik ish faoliyatimda doimo qo‘llab kelmoqdaman.
15 yildan buyon arxitektura va dizayn yo‘nalishida talabalarga saboq berib kelayotgan Sherzod Uzokovning shogirdlari bugun respublikamizning turli viloyatlarida arxitektura, qurilish sohasida yetakchi mutaxassis, rahbar bo‘lib ishlamoqda. Shogirdlarining har bir yutug‘ini o‘z yutug‘idek quvonch bilan qabul qiladigan qahramonimiz bu narsa uning kelgusi faoliyatiga ulkan motivasiya berishini ham alohida ta’kidladi.
O‘qituvchi, umuman, ustozga xos xususiyatlar haqida so‘raganimizda, Sherzod Uzokov shunday javob berdi:
– O‘qituvchi talabalarning his-tuyg‘ulari, ehtiyojlari va muammolarini tushunishi va ularni tinglay olish qobiliyatiga ega bo‘lishi kerak. Ularni rag‘batlantirishi, o‘quv jarayonida faol ishtirok etishga undashi kerak. Qolaversa, sabr-toqat qiyinchiliklarni yengib o‘tish va ta’lim berishda xotirjamlikni saqlashga imkon beradi. O‘qituvchi doimo talabalarga, ularning shaxsiy fikriga, dunyoqarashiga hurmat bilan qarashi kerak.
Sherzod Uzokov kabi umidli va intiluvchan ustozlar bor ekan, kelgusida yurtimiz bunyodkorlik sohasi bugungidanda yorqinroq bo‘lishi, shubhasiz.
O‘qituvchi va murabbiylar kuni SamDAQUdagi barcha ustozlarga muborak bo‘lsin!


