Bundan o‘ttiz uch yil oldin o‘ta og‘ir va murakkab tarixiy vaziyatda qo‘lga kiritilgan milliy istiqlolimiz bugungi kunda ko‘p millatli butun xalqimizni Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek buyuk maqsad yo‘lida birlashtirib, yangi yutuq va marralar sari ilhomlantirmoqda. Aynan mustaqillik tufayli mamlakatimiz suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatga, xalqaro huquqning to‘laqonli sub’ektiga aylandi. Dunyo bizni yangitdan tanidi va tan oldi. Yer yuzidagi turli davlatlar va xalqlar bilan do‘stlik hamda hamkorlik aloqalarimiz tobora kengayib, yurtimizning xalqaro maydondagi mavqei va nufuzi ortib bormoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar jarayonida mustaqil davlat bo‘lib, dunyoga ochilib yashash, erkin va ozod xalqlar oilasida munosib o‘rin egallab, zamonaviy taraqqiyotga erishish naqadar ulug‘ baxt va sharaf, shu bilan birga, ulkan mas’uliyat ekanini yanada chuqur his etmoqdamiz. Xalqimizning milliy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan ichki va tashqi siyosat borasidagi tub o‘zgarishlar, erishilayotgan amaliy natijalar xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilmoqda va qo‘llab-quvvatlanmoqda. Barchamiz inson qadri oliy mezon bo‘lgan yangi hayot, yangi jamiyat qurish yo‘lida qo‘lga kiritgan zafarlarimizni mustaqil taraqqiyot g‘oyasiga hamisha sodiq, mard va matonatli xalqimizning fidokorona mehnati, aql-zakovati va bunyodkorlik salohiyati mahsuli deb bilamiz va ana shunday olijanob elning farzandlari ekanimizdan cheksiz faxrlanamiz.

