Toshkent shahrida 31 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi katta tantana qilindi. Bayramda Prezident Shavkat Mirziyoev ishtirok etib, xalqimizni bu qutlug‘ sana bilan tabrikladi. Mamlakatimiz rahbari o‘tgan davrda O‘zbekiston turli sinovlarda toblanib, tajriba orttirib, o‘zining aniq maqsadi va yo‘li, pozisiyasiga ega bo‘lgan katta davlat sifatida shakllanganini ta’kidladi.
– Siz, azizlarning Vatanga mehr va sadoqat bilan qilayot- gan har kunlik mehnatingiz O‘zbekiston mustaqilligini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Shu ma’noda, Istiqlol bayrami – barchamizning bayramimiz, mustaqil O‘zbekiston – barchamizning faxrimiz, iftixorimiz, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz, – dedi Shavkat Mirziyoev. Albatta, xalqimiz mustaqillikka, bugungi farovonlikka osonlik bilan erishmagan. Bu yo‘lda ajdodlarimizning siyosiy va ma’rifiy intilishlari so‘nggi bir yarim asr davomida deyarli to‘xtamagan. Istiqlolga intilgan millat qahramonlari zulm va zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan. Mamlakatimiz mustaqilligi tufayli ularning pok nomlari tiklanmoqda. Mustabid tuzum davrida xalqimizning yeri, kuchi, bor salohiyati faqat dehqonchilikka yo‘naltirildi. “O‘zbek” deganda, faqat ertayu kech paxta dalasida
mehnat qiladigan zahmatkash insonlar tasavvur qilinar edi. Paxta siyosati Orolni quritdi, ekologiyamizni inqirozga olib keldi, iqtisodiyotimizni, ta’lim
tizimini izdan chiqardi. Bugun paxtachilikda bozor iqtisodiyoti tamoyil-
lari joriy etilib, majburiy mehnatga va bolalar mehnatiga chek qo‘yildi. O‘qituvchi maktabga, shifokor shifoxonaga qaytdi. O‘zbekiston xalqaro “qora ro‘yxat-
lar”dan chiqarildi. Siyosiy mustaqillik zamirida eng avvalo iqtisodiy mustaqillik yotishi hech kimga sir emas. Mehnat va mashaqqatlar bilan bu asos mustahkamlanib bor-
moqda. So‘nggi 6 yilda yurtimizda yalpi ichki mahsulot hajmi 1,5 martadan ziyod, tadbirkorlik sub’ektlari soni 2 karra ko‘paygani, sanoatdagi o‘sish 40 foizdan
oshgani buni yaqqol tasdiqlaydi.
– Lekin biz bugun bilan kechagi kunni emas, bugun bilan ertangi kunni taqqoslashimiz, ishimizni shu asosda tashkil etishimiz kerak. Zero, kelajak bugun biz tashlayotgan qadamlardan boshlanadi, – dedi Prezident.
Mamlakatimiz intilayotgan taraqqiyotning asosi ta’lim ekani ta’kidlanib, bu sohada qilinayotgan ishlar qayd etildi.


