|

|

2026-уіӏ 26-Aprel, Yakshanba
spot_img

Yo‘l sohasidagi muammolarni hal qilish – zamon talabi

Muhim xabarlar

Qadimdan yo‘l qurishning katta savob ekanligini chuqur anglagan yurtdoshlarimiz bu borada o‘ziga xos an’anani davom ettirib kelmoqda. Ya’ni, yurtimizning har bir hududida umumfoydalanuv, avtomobil va ichki yo‘llar, shahar, qishloq hamda mahallalar ko‘chalarini obodonlashtirish, yangilarini barpo etish va eskilarini ta’mirlash orqali aholiga qulay sharoit yaratish ishlari izchillik bilan olib borilmoqda. Bu borada xorijning ilg‘or tajribalarini o‘zlashtirgan mahoratli yo‘lsozlarimiz mehnati tufayli bugun yurtimiz ko‘chalari ravonlashib, aholining mamnunligi ortmoqda.

Shunga qaramay, bu sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar hali ko‘p. Bu haqda kuni kecha Prezident huzurida yo‘l xo‘jaligi sohasini isloh qilish bo‘yicha dolzarb masalalar yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda bir qator masalalar muhokama qilindi. Xususan, yig‘ilishda ta’kidlanganidek, so‘nggi olti yilda yo‘llarni qurish va ta’mirlashga ajratilayotgan mablag‘lar 3 karra oshib, o‘tgan davrda Avtomobil’ yo‘llari qo‘mitasi tarkibidagi korxonalarga 2 mingdan ziyod yangi maxsus texnikalar xarid qilindi. Buning hisobiga esa 65 ming kilometr yo‘llar qurilib, ta’mirlandi. O‘tgan yildan “Mening yo‘lim” loyihasi ishga tushdi va ilk bor aholi takliflari asosida ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlash tizimi joriy qilindi. Yig‘ilishda ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlash uchun 2024 yilda “Mening yo‘lim” dasturi doirasida 800 milliard so‘m ajratish hamda xususiy sheriklik loyihalarini ishlab chiqishda yangidan tuzilayotgan jamg‘arma imkoniyatlaridan foydalanish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, Prezidentimiz yo‘llar qurilishini rivojlantirish masalasida bir qator muammolarni sanab, ularning yechimi yuzasidan bir qancha takliflarni ham aytib o‘tdi. Jumladan, ajratilayotgan mablag‘lardan samarali foydalanish orqali loyihalar qiymatini kamida 20-30 foizga qisqartirish mumkinligi aytilib, bundan keyin har bir hududning xususiyatidan kelib chiqib, loyihalar ishlab chiqilishiga urg‘u berildi. “Бир нарсани тушуниб олиш зарур. Ҳатто энг ривожланган мамлакатларда ҳам йўлларни қуриш ёки таъмирлаш тўлиқ давлат ҳисобидан амалга оширилмайди. Шунинг учун биз ҳам бу ишларга хусусий шерикларни фаол жалб қилишимиз шарт”, − деди Шавкат Мирзиёев. Haqiqatan ham, taqqoslash uchun, Yevropa Ittifoqida yo‘l xo‘jaligi sohasida xususiy sheriklik asosida so‘nggi 10 yilda 120 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilgan. Bizda esa bu boradagi ishlar sustligi ko‘rsatib o‘tildi. Berilgan topshiriqlar ijrosini sifatli va o‘z vaqtida bajarish bizning vazifamiz. Shu bois, sohada malakali kadrlarni ko‘paytirib, mutaxassislar malakasini oshirishimiz va yo‘llarni qurishda eng zamonaviy usullar hamda texnologiyalarni jalb qilishimiz lozim. Xuddi shu maqsadda yaqinda Jahon bankining 3 million dollar mablag‘i hisobidan O‘zbekistonga yo‘l sifatini aniqlash, tahlil qilishga qodir maxsus jihozlangan texnikalar keltirildi. Ushbu texnikalar avtomobil’ yo‘llarida ma’lumotlar bazasini shakllantirish va yo‘llarni tadqiq qilish maqsadida olib kelingan bo‘lib, ular aniqlagan ma’lumotlar yagona elektron tizimga ulanadi va bu asosda yo‘llarning holatini inson omilisiz toifalash imkoniyati yaratiladi. Ya’ni, qaysi hududdagi yo‘llar ta’mirga yoki qurishga muhtoj ekani ushbu maxsus texnikalarning o‘lchov tahlillari asosida xulosalanadi. Bu texnikalarning keltirilishini O‘zbekistonda avtomobil’ yo‘llari qurilishida yana bir rivojlanish desak, arziydi. Bu kabi texnikalar yordamida bir yilda uzog‘i 10 ming km yo‘lning ma’lumotlar bazasini shakllantirish imkoni mavjud. Qo‘mita tasarrufidagi jami 43 ming km yo‘lning umumiy ma’lumotlarini jamlashda bu texnikalarning yordami katta bo‘lishi shubhasiz. Bir so‘z bilan aytganda, yig‘ilishda qayd etilgan yo‘l sohasidagi muammolarni hal qilish – zamon talabidir. Maqsadimiz ham aslida shu–yuqorida ko‘rsatilgan talablarga mos ravon, zamonaviy va puxta yo‘llarni barpo etishdan iborat.

- reklama -spot_img

Mavzuga oid

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

So‘nggi xabarlar

spot_img