Yaqinda bir tanlovni yoritish uchun borganimda, ishtirokchilarning taqdimotini kuzatib, boshqalar qatori men ham hayratga tushdim. Taqdimotda keltirilishicha, BIM texnologiyasi yordamida endilikda nafaqat loyihalanayotgan binoni shunchaki ZD yoki arxitektura chizmasini ko‘rish, balki virtual ravishda binoni bemalol “sayohat” qilish ham mumkin ekan. Bugun qurilish sanaoati jadallik bilan rivojlanmoqda. Bunda quruvchi va loyihachilarning zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanayotgani ham muhim ahamiyatga ega bo‘lyapti. BIM texnologiyasi ham ayni paytda qurilish sohasiga tatbiq etilayotgan ana shunday zamonaviy texnologiyalardan biri hisoblanadi.
Aslida BIM texnologiyasi nima va uning qanday afzalliklari bor?
BIM – bu qurilish ob’ektining ko‘p o‘lchovli modelini yaratishga imkon beradigan texnologiya bo‘lib, u bu haqda barcha ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Ushbu model nafaqat qurilish uchun, balki ob’ektning ishlashi uchun ham qo‘llaniladi. Shuning uchun uni faqat grafik 3D proyeksiyasi deb o‘ylash mutlaqo noto‘g‘ri. BIM qisqartmasi ingliz tilidan (Building Information Model ili Modeling) “binolarni axborot modellashtirish” deb tarjima qilingan. Ko‘pchilik dasturiy ta’minot nomi BIM harflari ortida yashiringan deb hisoblashadi. Boshqalar chizilgan bino BIM deb o‘ylashadi. Ammo bunday oddiy ta’rifni berish mumkin emas. Dizayndagi BIM texnologiyalari binoning uch o‘lchovli modelini yaratishga asoslangan, ammo bu holda model nafaqat geometrik elementlar va to‘qimalarning to‘plami hisoblanadi, balki bunday model haqiqatda bo‘lgan va o‘ziga xos fizik xususiyatlarga ega virtual elementlardan iborat. BIM texnologiyasi binoni loyihalashtirishga va hatto qurilish boshlanishidan oldin ham unda sodir bo‘ladigan barcha jarayonlarni to‘liq hisoblashga va aniqlashga imkon beradi.
Bugungi kunda ushbu texnologiya yurtimiz qurilish kompaniyalari tomonidan ham qurilish jarayonida qo‘llanilmoqda. Agar ilgari u bilan ishlash uchun maxsus murakkab va professional dasturlarni o‘rnatish zarur bo‘lsa, bugungi kunda smartfonlar va planshetlar uchun oddiy dasturlar mavjud. Bu mijozlar va ishlab chiquvchilarga BIM modeliga tez va qulay kirish imkoniyatini beradi.
Shunday qilib, BIM texnologiyasidan foydalanishning eng keng tarqalgan usuli bu – vizualizatsiya hisoblanadi. Bu nafaqat loyihani buyurtmachiga chiroyli tarzda taqdim etish, balki eskilarini almashtirish uchun eng yaxshi dizayn yechimlarini topish imkonini ham beradi. Ikkinchi afzalligi esa o‘zgarishlarni samarali va oson boshqarish imkonini beradigan modeldagi ma’lumotlarni markazlashtirilgan holda saqlashdir. Loyihaga ma’lum bir o‘zgartirish kiritganda, u darhol barcha ko‘rinishlarda: qavat rejalarida, balandliklarda yoki uchastkalarda ko‘rsatiladi. Shuningdek, u dizayn hujjatlarini yaratish tezligini sezilarli darajada oshiradi va xatolar ehtimolini kamaytiradi. BIM texnologiyasini loyihalashtirishga kiritish moliyaviy xarajatlarni kamaytiradi va ob’ektni ishga tushirish muddatini sezilarli darajada qisqartiradi. Shu sababli, aksariyat qurilish kompaniyalari o‘z amaliyotlarida zamonaviy axborot modellashtirish usullaridan foydalanishga harakat qilishmoqda.
Bu haqda AOKAda “Qurilish sohasiga joriy etilayotgan BIM texnologiyalari” mavzusida o‘tkazilgan brifingda vazirlik axborot xizmati rahbari Saidnosir Usmonov ma’lumot berdi.
Brifingda ta’kidlanishicha, endilikda qurilish jarayonlari BIM texnologiyasi asosida amalga oshiriladi va bu jarayonlar bosqichma bosqich rivojlantirib boriladi. Xususan, 2023 yilda manzilli dasturga kiritilgan har bir hududda 5 tadan ob’ektni raqamli modellashtirish usulida loyihalashtirish ko‘zda tutilmoqda.
Ma’lumki, bugun dunyoning yetakchi mamlakatlarida loyihalash va qurilish jarayonlari BIM texnologiyalari asosida amalga oshiriladi. Bu borada Buyuk Britaniya va Singapur yetakchilik qilmoqda. O‘zbekistonda BIM texnologiyalarni joriy etish va qurilish jarayonlarini raqamli boshqarish bo‘yicha xalqaro tajriba tahlil qilinib, bu yo‘nalishda Xitoy, Germaniya, Rossiya va Qozog‘iston tajribasi ham o‘rganildi. Konsultativ muzokaralar ham o‘tkazildi.
Qurilish vazirligi tomonidan sohaga BIM texnologiyalarini joriy etishning 2024 yilgacha bo‘lgan “Yo‘l xarita”si ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra ushbu texnologiya va qurilish jarayonlari ishtirokchilari o‘rtasidagi munosabatlar yagona standartlar asosida, markazlashgan server orqali muvofiqlashtirib boriladi. Hududlardagi “Yagona buyurtmachi xizmatlari injiniring kompaniyalari”ni BIM modellar bilan ishlashga tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, 2023 yilda Davlat investitsiya dasturiga kiritilgan va namunaviy loyihalar asosida yangidan quriladigan ob’ektlarning respublika bo‘yicha kamida 70 tasi tanlab olinadi. Ularni loyihalash uchun hududlarda salohiyatli loyiha va hududiy ekspertiza tashkilotlari tayyorlanadi. Ob’ektlarni qurish uchun har bir hududdan tajribali loyiha tashkilotlari tender orqali saralab olinadi. Bunda yagona buyurtmachi, loyihachi, ekspertiza va qurilish tashkilotlari xodimlarini o‘qitish ham ko‘zda tutilgan. Loyihalash BIM ning ikkinchi darajasi ya’ni, 5D modelda amalga oshiriladi. Qurilish jarayonlarining borishi kuzatuv kameralar va dronlar yordamida nazorat qilinadi. BIM texnologiyalariga o‘qitish maqsadida injiniring kompaniyalari xodimlari, arxitektor, konstruktor, elektrika va muhandislik kommunikatsiyalarini loyihalovchilar, qurilishni tashkil etish loyihachisi hamda BIM-menejerlarining malaka oshirishlari tashkil etiladi. BIMda loyihalash va qurilish jarayonlari ishtirokchilari o‘rtasidagi munosabatlarni muvofiqlashtirish uchun yagona talab hamda standartlar ham ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan. Ob’ektlarning raqamli modellari BIM-serverda saqlanadi va yagona ma’lumotlar markazi tashkil etiladi.
Jahon tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, qurilishda BIM texnologiyalarini qo‘llash sof foydani 25 foizgacha, rentabellik indeksini 14-15 foizgacha ortishiga xizmat qiladi. Investitsiyalarning o‘zini oqlash davrini 17 foizga kamaytirib, qurilish xarajatlarining qisqarishi hisobiga loyihaning tannarxini 30 foizgacha arzonlashtiradi.
Demak, tez orada tobora chiroy ochib, zamonaviy qiyofa kasb etayotgan yurtimizdagi inshootlar kelgusida bu kabi texnologiyalar yordamida yanada o‘zgacha tarzda bunyod etiladi.

