Bugun o‘zbek brendlari ostida jahon bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lib borayotgan milliy mahsulotlar bilan har qancha faxrlansak, arziydi. Ana shunday mahsulotlarni yaratishda sifat va son jihatdan ham yurtimizda yetakchi o‘rinda turuvchi korxonalardan biri bu – “TEXNOPARK” MChJdir.
TEXNOPARK – 2019 yildan buyon tarkibidagi mavjud yirik korxona va zavodlarda innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish orqali O‘zbekiston nomini dunyoga tanitishga katta hissa qo‘shib kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatda yuqori texnologiyalar, raqobatbardosh, eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosuvchi sanoat, elektrotexnika va qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha topshirig‘ining amaliy ifodasi hisoblangan TEXNOPARK 105 gektar maydonda qurilgan. Rejaga ko‘ra, 17 ta loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Bor-yug‘i 3 yil mobaynida 13 ta katta zavod faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ayni paytda yirik hajmdagi mahsulotlar ishlab chiqarish avjida.
Eng asosiysi, yaratilayotgan har bir mahsulot xalqaro va mahalliy sertifikatlarga ega. Shu bois, barcha mahsulotlar raqobatbardosh bo‘lib, ayni paytda dunyoning bir qator davlatlariga ham eksport qilinyapti. Xususan, bir necha turdagi liftlar, sanoat sovutish tizimlari, aqlli gaz hisoblagichlar, isitish tizimi radiatorlari shular jumlasidandir.
Shuningdek, TEXNOPARKda servis markazi faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, har bir mahsulotga tegishli kafolat muddati belgilangan. TEXNOGARANT markazi doimiy ravishda yuqori sifatli servis xizmat ko‘rsatishga shay.
TEXNOPARKda ayni paytda quyidagi mahsulotlar bir qator brendlar ostida ishlab chiqarilmoqda:
- metall konstruksiyalar (“AVANT” brendi);
- PIR qatlamli sendvich panellar (“AVANT” brendi);
- liftlar va eskalatorlar (“OSTEN” brendi);
- sanoat sovutish tizimlari va konditsionerlar (“SHIVAKI” brendi);
- suv nasoslari (“LEO” brendi);
- panel radiatorlar (“LIDER” brendi);
- elektron gaz hisoblagichlar (“OSTEN” brendi);
- eshik va deraza romlari uchun furnitura va aksessuarlar;
- shtamplar va press-formalar (“TEXNOMOLD” brendi);
- maishiy sovutgichlar (“SAMSUNG” brendi);
- sanoat muzlatgichlar va savdo sovutgichlari (“SHIVAKI FRIGO COOL” brendi);
- kir yuvish mashinalari (“SHIVAKI”, “SAMSUNG”, “ARTEL” brendlari);
- mis quvurlar va mis mahsulotlari ishlab chiqarish (“UZCOPPER” brendi).
Shuningdek, TEXNOPARKda quyma cho‘yan va alyumin mahsulotlari, bo‘yash liniyalari va polimer mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘limlari faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. Shu yilning sentabr oyida yana uchta yangi loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilyapti. Bular – gaz qozonlari (“FYeRROLI” brendi, Italiya), bazalt toshidan issiqlik o‘tkazmaydigan materiallar hamda HPL panellari. Qolaversa, to‘liq avtomatlashtirilgan logistika markazi ham tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Korxonaning yana bir muhim xususiyati shuki, bu yerda Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan liftlarni maxsus testdan o‘tkazuvchi 60 metrli sinov minorasi mavjud. Ushbu minorada masalan, yuk tashuvchi liftlar ma’lum miqdordagi yuklarni ortish orqali xalqaro standartlarga muvofiq sinovdan o‘tkazilib, maxsus sertifikat beriladi. Shuningdek, eskalatorlar ham Markaziy Osiyoda faqatgina shu yerda – OSTEN brendi ostida ishlab chiqariladi.
Yuqorida TEXNOPARK universal mahsulotlar makoni, deya bejiz ta’riflamadik. Boisi, undan yengil konstruksiyali binolar uchun loyiha ishlab chiqarishga ruxsat beruvchi litsenziyadan tortib, to bino ishga tushgunicha bo‘lgan barcha mahsulotlarni topish imkoni mavjud. Masalan, bir mijoz zavod qurish niyatida murojaat qildi. TEXNOPARK unga loyihani ishlab chiqib, metall konstruksiyalar yordamida bino karkasini ko‘tarib, energiya tejamkor mahsulot sifatida sendvich panellar bilan devorini qoplab beradi. So‘ngra, suv uchun nasos, isitish qozonlari va radiatorlari, sovutish va isitish tizimlari, lift bilan ta’minlash imkoniga ham ega.
Demak, TEXNOPARK yordamida har qanday murojaatga kompleks yechim topish mumkin.
– Fursatdan foydalanib, Yangi O‘zbekistonning barcha quruvchilarini kasb bayrami bilan tabriklaymiz. TEXNOPARK mahsulotlari ayni paytda yurtimiz va xorijdagi turli yirik ob’ektlarda o‘rnatilgani va yirik qurilish maydonlarida ishlatilishi bizga faxr bag‘ishlaydi, – dedi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Nargiz Shoislamova. – Xususan, “OSTEN” brendi ostida ishlab chiqarilayotgan liftlarimiz “IT-PARK”, “MAGIC CITY”, “OLMAZOR CITY”, Texnopark, “Eko bozor”, Farg‘ona viloyatidagi “GREAT SILK ROAD” mehmonxonasi, turar joy komplekslari, Mudofaa vazirligi gospitali, Namangan viloyatidagi kutubxonada o‘rnatilgan. Bundan tashqari, “AVANT” brendi ostida yaratilayotgan metall konstruksiyalar, “LEO” suv nasoslari, “OSTEN” gaz hisoblagich ham yurtimizdagi ko‘plab yirik ob’ektlarda ishlatilmoqda. “SHIVAKI” brendi bilan yaratilayotgan sanoat va yarim sanoat sovutish tizimlari Temiryo‘lchilar san’at saroyi, kafe va restoranlar, Milliy bankning Namangan filiali va monomarkazda, Andijondagi ko‘ngilochar savdo markazida, “Akfa” universiteti hamda Toshkent arxitektura-qurilish institutining yangi qurilgan binolarida ishlab turibdi.
Hozirda TEXNOPARKda faoliyat yuritayotgan besh yarim ming nafar ishchining 70 foizi yoshlardir. Ular orasida xorij davlatlarining yirik kompaniyalaridan, jumladan, Turkiya, Xitoy, Rossiya, Italiya va Janubiy Koreyadan kelgan mutaxassislar ham bor. Ular TEXNOPARK xodimlariga ish o‘rgatib, mahsulotni yaratish texnologiyasi bilan batafsil tanishtirmoqda.
Metall konstruksiyalar zavodi
Loyiha 2021 yilning aprel oyida ishga tushirilgan. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 12 ming tonna. Ishlab chiqarish maydoni 24 ming kvadrat metrni tashkil qiladi. Ish o‘rinlari 250 ta. Korxonada konstruksiyalarning LSTK, PSPK, QMK turlari ishlab chiqariladi.
LSTK – yengil po‘latdan ishlangan yupqa devor tuzilmasi. Bu mahsulot 1,5 dan 3,5 mm gacha qalinlikdagi rux bilan qoplangan po‘lat profillardan tashkil topgan kompleks tizimdan iborat bo‘lgan bino tuzilmalarining bir turidir. Ular o‘ziga xos yengil vaznga ega, logistikada transport tashish-etkazish ishlarida qulay, profillarning geometrik o‘lchamlari barqaror va aniq, oson montaj qilinadi.
PSPK – devorlar orasidagi bo‘shliqni to‘ldirish uchun ishlatiladi. Bu tizim har qanday hajm va muammoni hal qilishga imkon beruvchi keng shakllanuvchi qobiliyatga egaligi bilan ahamiyatlidir. Marxi tizimlari (PSPK) aholi va sanoat ishlab chiqarishida keng qo‘llaniladi. Xususan, ulardan angarlar va boshqa murakkab loyihalar qurishda foydalaniladi.
QMK – qora metall konstruksiyalar payvandlangan elementlar va prokat profillar asosidan iborat. Bu mahsulot yuqori mustahkamlik xususiyatiga ega. Ushbu xususiyati po‘latning sifat darajasiga bog‘liq bo‘lib, og‘ir yuklarga bardoshlilik, mexanik shikastlanish va boshqa tashqi ta’sirlarga chidash xususiyatiga egaligi bilan ajralib turadi. Shuningdek, mavsumiy o‘zgarishlarga barqaror, oson o‘rnatish mumkin.
PIR qatlamli sendvich panellar zavodi
Loyiha 2022 yil aprel oyida ishga tushirilgan. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 1 000 000 kvadrat metr. Ayni paytda loyiha doirasida 3 xil (qalinligi 50, 75 va 100 mm) sendvich-panellar ishlab chiqarilmoqda. Bular – tom yopish, devor va sovitish kameralari uchun mo‘ljallangan.
PIR sendvich panellaridan qurilgan ob’ektlar yuqori darajadagi issiqlik va shovqin izolyatsiyasi, namlikka chidamliligi bilan ajralib turadi. Panellarning laboratoriya va texnik sinovlari materialning 150 darajagacha bo‘lgan haroratda yong‘inga chidamliligini ko‘rsatadi. Shuningdek, PIR sendvich panellari yuqori issiqlik izolyatsiyasi ko‘rsatkichi, mexanik bardoshlilikning yuqori darajasi, 50 yildan ortiq bo‘lgan xizmat muddati, o‘rnatish osonligi kabi qo‘shimcha qulayliklarga ega.
TEXNOPARKda ishlab chiqarilayotgan PIR panellari qishloq xo‘jaligi ob’ektlari, ishlab chiqarish va omborxonalar, savdo maydonchalari, stansiya majmualari, farmatsevtika sanoati uchun binolar, sport inshootlari va muzlatgichlar ishlab chiqarishda keng qo‘llaniladi.
Korxona Italiyaning “Ekosystem” kompaniyasining zamonaviy va to‘liq avtomatlashtirilgan ishlab chiqarish liniyasi bilan jihozlangan. TEXNOPARK ob’ektlarni loyihalashtirish bo‘yicha ham sertifikatga ega bo‘lib, “AVANT” metall konstruksiyalarini ishlab chiqarish bilan birga har qanday murakkablikdagi ob’ektni qurish uchun o‘z hissasini qo‘shishga tayyor.
“OSTEN” lift va eskalatorlar zavodi
Loyiha 2021 yilning sentabr oyida ishga tushirilgan. Zavodning quvvati “OSTEN” brendi ostida yiliga 2 000 ta lift va 500 ta eskalator ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Zavodda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar Yevropa standartlariga to‘liq javob beradi hamda energiya tejamkor hisoblanadi. O‘zbekistonda ilk bor avtomatlashtirilgan va robotlashtirilgan liniyalarda ishlab chiqariladigan mahsulotlar Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, va boshqa Markaziy Osiyo va MDH davlatlariga eksport qilinmoqda.
Dunyoning yetakchi lift va eskalator ishlab chiqaruvchi “Shanghai Mitsubishi” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu zavodda eng ilg‘or, zamonaviy texnologiya va uskunalar o‘rnatilgan. Lift eshiklari robotlashtirilgan tarzda “Auto door line” avtomatik ravishda ishlab chiqarish liniyasida tayyorlanadi. Zavodda liftlarning yo‘lovchi tashuvchi, kasalxona uchun, yuk tashuvchi hamda panoramik turlari ishlab chiqariladi.
Qolaversa, zavod hududida zamonaviy sinov markazi ham tashkil etilgan. Bu mahsulotni sinovdan o‘tkazish va sertifikatlashga mo‘ljallangan. Sinovlarni lift uskunalari bilan shug‘ullanadigan va natijalarning ob’ektivligi uchun mas’ul bo‘lgan texnik jihatdan malakali laboratoriya xodimlari amalga oshiradilar. Tekshirish tugagandan so‘ng, liftning texnik holati va uning Tashkilot Standarti (TS), Davlat Standartlari (GOST) va Yevropa EN standartlarining talablariga muvofiqligi to‘g‘risida bayonnoma tuziladi.
“OSTEN” liftlarga masofadan boshqarish imkoniyatlariga ega bo‘lgan zamonaviy dispetcherlik xizmatini ham ko‘rsatadi. Bu xizmatning afzalligi, lift kabinasi ichki boshqaruv panelidagi maxsus tugmani bosish orqali dispetcherlik markaziga 24/7 real rejim formatida bog‘lanish mumkin. Lift kabinalarida o‘rnatilgan videokameralar yo‘lovchiga qo‘shimcha qulaylik yaratadi. Bu real rejimdagi video yozuv bir oy mobaynida maxsus serverlarda saqlanadi. Dispetcherlar liftlarni masofadan boshqarishni ham amalga oshiradilar. Masalan, ular liftni yoqishlari yoki o‘chirishlari, eshiklarini ochishlari yoki yopishlari hamda boshqa qavatga yo‘naltirishlari mumkin. Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida 22 tilda ovozli xabar berish tizimi mavjud.
“SHIVAKI” sanoat sovutish tizimlari va konditsionerlar zavodi
SHIVAKI brendi eng zamonaviy texnologiyalarni taqdim qiladi. Loyiha 2020 yilning noyabr oyida ishga tushirilgan. Sanoat havo konditsionerlari va sovutish tizimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha rejalashtirilgan ishlab chiqarish quvvati bir yilda 80 000 donani tashkil etadi.
Zavodda issiqlik almashinuvchilarni ishlab chiqarish uchastkasi, modulli chillerlarni yig‘ish liniyasi, metall qismlarni bo‘yash liniyasi, konditsionerlarni ichki blokini yig‘ish liniyasi, konditsionerlarni tashqi blokini yig‘ish liniyasi, split tizimli sovutgichlar yig‘ish liniyasi, AHU (Air Handling Unit) yig‘ish liniyasi, metallga ishlov berish uchastkasi, penopoliuretan quyish uchastkasi hamda iqlim (klimatik) laboratoriya mavjud.
Hozirgi kunda korxonada 8 xil turdagi mahsulotlar, jumladan chiller, fankoyl, markazlashgan havo konditsionerlari, sovutish agregatlari, multi-split konditsionerlari, kanal va ustunbop turdagi hamda kassetali konditsionerlar ishlab chiqarilmoqda.
Masalan, ustunli konditsionerlar unumdorligi 24~100 BTU (British Thermal Unit) oralig‘ida. Ushbu turdagi konditsioner zamonaviy dizayn va yuqori funksionallikka ega. Kanal turidagi konditsionerlar unumdorligi 18~100 BTU oralig‘ida. Ularning afzalligi uy, ishxona yoki ofisni bir maromda sovutish yoki isitib berish quvvati mavjudligidir. Kassetali konditsionerlar unumdorligi 24~60 BTU oralig‘ida. Ular kam shovqinda ishlashi, yuqori unumdorligi va havo oqimini hamma yo‘nalishlarda bir xil miqdorda taqsimlay olishi bilan farqlanadi. Multi-split konditsionerlarning tashqi blok unumdorligi 18~42 BTU oraliqda. Bu turdagi konditsionerlarning afzalligi turli xil ichki bloklar bilan mutanosib ishlay olish qobiliyatidir. Chillerlarning unumdorligi 65~440 kVt bo‘lib, asosiy afzalliklari issiqlikni to‘liq qayta tiklashi, xizmat ko‘rsatishga qulayligi, atrof-muhitga zararsizligidir. Fankoyllar unumdorligi 1,3~15 kVt oralig‘ida. Chiller-fankoyl tizimidagi elementlar orasidagi masofa ancha uzunligi ushbu qurilmalarni istalgan joyga o‘rnatish imkonini beradi. AHU (Air Handling Unit) unumdorligi 1500~15000 m3/s oralig‘ida bo‘lib, bu qurilmalar tibbiyot, farmatsevtika ishlab chiqarishida, nisbatan katta maydonlarni toza havo bilan ta’minlashda keng qo‘llaniladi. Sovutish agregatlari unumdorligi 1,7-39.6 kVt oralig‘ida. Ushbu qurilmalar yordamida meva va sabzavotlarni uzoq muddatga saqlash imkoni mavjud.
“LEO” suv nasoslari zavodi
Loyiha 2020 yilning noyabr oyida ishga tushirilgan. Ishlab chiqarish quvvati 550 000 dona. Suv nasoslari toza suv yoki shunga o‘xshash fizik va kimyoviy xususiyatlarga ega bo‘lgan boshqa suyuqliklarni o‘tkazish uchun mo‘ljallangan. Ular sanoat va shahar suv ta’minotida, yuqori qavatli binolar va yong‘indan himoya qilish tizimlari uchun mo‘ljalangan suv bosimini oshiruvchi qurilmalarda, bog‘larni sug‘orishda, uzoq masofali suv o‘tkazmalarida qo‘llaniladi.
Shuningdek, ushbu nasoslardan bog‘dorchilikda suvni qiyaliklarga yetkazib berish uchun ham foydalaniladi. Quduqdan suvni ko‘tarishda, sug‘orishda, suv ta’minoti tizimlarida, turli xil yordamchi inshootlarda suv bosimini oshirishda ham bu nasoslar ancha qulayligi bilan ahamiyatlidir.
“LIDER” panel radiatorlari zavodi
Loyiha 2021 yilning aprel oyida ishga tushirilgan. Ishlab chiqarish quvvati 640 000 dona. Loyiha doirasida 5 ta modifikatsiyadagi radiatorlar ishlab chiqariladi. Panel radiatorining afzalliklari yuqori issiqlik chiqishi (issiqlik tarqalishi), o‘rnatish qulayligi, turli xil konfiguratsiya, chiroyli tashqi ko‘rinishi, keng assortiment va ranglar palitrasiga egaligi bilan belgilanadi.
Panel radiatorlarning rangi o‘rnatilishi mo‘ljallangan bino ichki qismiga mos tushishi bilan ham ahamiyatlidir. Bundan tashqari, radiatorni ichki interer detali sifatida ham ishlatish mumkin. Barcha panellar temir po‘latdan ishlab chiqariladi va texnologik jarayon bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Bu esa mahsulot sifatini ta’minlaydi. Bugungi kunda panel radiatorlar Sharqiy Yevropaga, xususan Ruminiyaga, eksport qilinmoqda.
“OSTEN” elektron gaz hisoblagichlar zavodi
Loyiha 2020 yilning fevral oyida ishga tushirilgan. Quvvati yiliga 3 000 000 donani tashkil qiladigan zavodda Italiyaning “Pietro Fiorentini”, “Euro Impiantini”, “Motan” va “Inotech” (Germaniya) korxonalari tomonidan texnologik jihozlarning muvofiqlashtirilishi natijasida metrologik va qiyosiy ishlar olib borilgan. Zavodda “Terranova” (Italiya) kompaniyasining dasturiy ta’minotidan foydalaniladi. “Aqlli” gaz hisoblagichlarni ishlab chiqarish buyrug‘ini 4 million donagacha qabul qilish va qayta ishlash imkoniyati mavjud.
“OSTEN” elektron gaz hisoblagichlari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Ozarbayjon davlat metrologiya xizmatlarining tegishli ekspertizasidan muvaffaqiyatli o‘tgan. Ushbu ekspertiza natijalari asosida “OSTEN” elektron gaz hisoblagichlari davlat reyestri tarkibiga kiritildi. Bugungi kunda ushbu gaz hisoblagichlarni Rossiya Federatsiyasi va Belarus Respublikasi o‘lchov vositalarining davlat reyestri ixtiyoriga kiritish ishlari olib borilmoqda.
Demak, TEXNOPARK – 16 ta ishlab chiqarish ob’ekti hamda logistika markazini birlashtirib, mahalliy va xorijiy ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan keng turdagi sanoat, texnik, elektron, qurilish va maishiy mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha Markaziy Osiyodagi eng ilg‘or va istiqbolli korxona degan nomga har jihatdan munosibdir.









