|

|

2026-уіӏ 20-May, Chorshanba
spot_img

Maqtovga munosib “Mamajonovlar”

Muhim xabarlar

Islom Ibodulla
Islom Ibodulla
"2015-2020 yillarda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Kino, televideniye va radio san’ati fakultetida tahsil olgan. 2020 yilda Turkiya respublikasining Bandırma Ön yedi eylül üniversitesi tarkibidagi kasb-hunar ta’limiga ixtisoslashgan o‘quv kursi tinglovchisi. 2021 yildan e’tiboran “O‘zbekiston bunyodkori” gazetasi muxbiri."

Bugun o‘lkamizning barcha hududlarida qurilish va bunyodkorlik jarayonlari jadal olib borilmoqda. Ijtimoiy ob’ektlar, turar joy binolari, ko‘ngilochar binolar-u ravon yo‘llar yurtimizning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqda. Jizzax viloyatida ham bu borada ko‘plab ijobiy harakatlar bajarilmoqda. Bunday o‘zgarishlarni viloyat markazining har burchida his etish mumkin.

– Bu qanaqa ob’ekt?

– Bu Jizzax shahriga qarashli 22-maktabning yangi binosi. Bizning “Mamajonovlar” korxonasi qurgan.

Mamlakatimiz markazida joylashgan Jizzax bir tomondan Sirdaryo viloya­tining Sardoba tumani chegaralaridan boshlanib, janubiy-g‘arbiy tarafda Nur­ota va Turkiston tizma tog‘lari, shimolda Arnasoy, Aydarko‘l oralig‘ini qamrab olgan holda Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumani sarhadlariga qadar bo‘lgan zaminda yastanib yotadi. Viloyat hududi ikki tomoni tog‘lar bilan o‘ralgan, o‘rtasi tekislikdan iborat uzun yo‘lakni eslatadi. Uning markazi Jizzax shahri ana shu yo‘lakda qad rostlagan.

Bugun Jizzax qurilishlar domida. Qurilish va bunyodkorlik ishlariga qaratilayotgan yuksak e’tibor natijasida sohada beqiyos yutuqlar qo‘lga kiritilmoqda. Viloyatdagi barcha shahar va qishloqlarning me’moriy qiyofasi tubdan yangilanmoqda. Ular zamonaviy shaharsozlik talablari asosida rivojlantirilayotir. Aholining uy-joy va ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilayotgani samarali natijalar bermoqda.

Aziz Komilov Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutini tugallab, 1997 yil qurilish sohasida o‘zining “Mamajonovlar” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etadi. Mazkur korxona 25 yillik faoliyati davomida 70 dan ortiq ob’ektlarda qurilish ishlarini bajardi. Jamiyat ta’sischisi Aziz Komilov ko‘p yillik qurilish sohasi faxriylaridan hisoblanib, u kishining tajribasi ortida “Mamajonovlar” mas’­uliyati cheklangan jamiyati hududdagi eng ilg‘or qurilish korxonalaridan biriga aylandi.

– Jizzax viloyatidagi o‘zgarishlar bugun boshlangan emas, hududda ko‘p yillik qurilish madaniyati shakllanib ulgurgan, – dedi korxona rahbari Aziz Komilov. – Qizig‘i, bu jarayonlarda bizning korxonamiz ham faol ishtirokchi sifatida o‘z o‘rni va nufuziga ega deya olamiz. Jizzax viloyati markazi va tumanlardagi umumiy ijtimoiy ob’ektlarning qurilishida bizning firmamiz ham munosib ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, Jizzax shahridagi maktab va bolalar bog‘chalari, ta’lim tashkilotlarining binolari shular jumlasidandir. Hozirgi kunda Jizzax shahrida Prezident maktabi qurilishini boshlaganmiz. Mazkur maktab 4 qavatli 1 200 o‘rinli yangi binolardan iborat bo‘lib, o‘quv maskanining qurilishi joriy yilning sentabr oyida to‘la tugallanishi nazarda tutilgan. Aytish joizki, viloya­timizda bunday maktab­larning qurilishi, eng avvalo, yosh avlodning ma’naviy o‘sib-ulg‘ayishida ulkan yutuq bo‘lsa, ularning bunyod etishda esa, biz kabi qurilish korxonalari uchun ham alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Korxona o‘z faoliyati davomida ko‘plab ijtimoiy ob’ektlarning qurilishida katta o‘rin egalladi. Jumladan, o‘tgan 2021 yil davomida Jizzax viloyati prokuraturasi binolari rekonstruksiya etilib, qo‘shimcha yangi binolar bilan boyitildi.

Jamiyatda 50 dan ortiq doimiy ishchi bo‘lib, mavsumga qarab qo‘shimcha 250-300 nafargacha yollanma ishchilar qabul qilinadi. Korxona, aytish mumkinki, asosiy qurilish materiallarini ishlab chiqarishni Jizzax shahri va Zomin tumanlarida olib boradi. Yillik 100 ming kub beton shlakoblok, plita mahsulotlari, g‘isht kabi o‘nlab qurilish materiallari ishlab chiqarish quvvatlariga ega ishlab chiqarish tarmog‘i, hozirgi kunda korxonaning jami qurilish ishlarida asqatmoqda.

“Mamajonovlar” mas’uliyati cheklangan jamiyati ayni damda Zomin tumanida korxona tomonidan 400 o‘rinli ikki qavatdan iborat yangi maktab binosi hamda 670 o‘rinli o‘quv binolarining joriy ta’mirlash ishlarini olib bormoqda.

Hozirgi kunda 62 milliard so‘mlik qurilish hajmiga ega korxonaning kelajak rejalari orasida yana bir qancha o‘xshash turdagi ob’ektlar o‘rin olgan bo‘lib, aholi turmush darajasini yuksaltirish, Jizzax viloyatining landshaft ko‘rinishini yuksaltirish umumiy maqsad etib belgilab olingan.

Har bir qurilish korxonasining tayanch kuchlaridan biri, albatta, qurilish texnikalaridir. “Mamajonovlar” korxonasining ham bu borada keng texnik bazasi mavjud. Kranlar, 4 ta samosval, 3 ta ekskavator korxonaning qurilish ishlarida beminnat ko‘makchi vazifasini bajarib kelmoqda.

Jizzax – uzoq yillik tarixga, o‘ziga xos madaniyatga ega yurt. Shaharning shu kecha-kunduzdagi ko‘rinishi aholining farovonlik darajasi bilan bog‘liq holda olib borilayotgani yutuqli holat. Bu jarayonlarda “Mamajonovlar” korxonasi kabi ishbilarmon tashkilotlarning ishtiroki ortayotgani, hududda erkin iqtisodiy munosabatlarni shakllantirmoqda. Albatta, bular kelajakda o‘z samarasini beradi.

- reklama -spot_img

Mavzuga oid

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

So‘nggi xabarlar

spot_img