Ayni paytda kumush qishning asl ziynati bo‘lmish oppoq qor bilan qoplangan poytaxtimiz o‘z go‘zalligining yana bir qirrasini namoyon etmoqda. Og‘irligini ko‘tarolmay shoxlari yergacha egilib turgan dov-daraxtlar, tarnovlarda qotib qolgan sumalaklarning g‘aroyib shakllariyu oyog‘imiz ostida “g‘arch-g‘urch” qilib sado berayotgan qor tovushi… Bu go‘zal manzara yurtdoshlarimiz uchun qanchalik ajoyib tuyulmasin, ammo kishilar salomatligi va xavfsizligi birinchi o‘rinda turuvchi dolzarb masaladir.
Yurtimizga Volgabo‘yi hududlaridan Rossiya va Yevropaning shimoliy qismlarida shakl¬langan sovuq havo massasi kirib kelishi oqibatida odatdagidan farqli ravishda kuchli sovuqqa guvoh bo‘lib turibmiz. Ko‘p miqdorda yoqqan qor esa yurtdoshlarimizdan yanada ehtiyotkor bo‘lishni talab qilmoqda.
Joriy yilning 9 yanvaridan bosh¬lab respublikamizda havo haroratining keskin pasayishi kuzatilishi munosabati bilan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mas’ullari hamda tegishli mutasaddilar ishtirokida tezkor ishchi guruh tashkil etilib, ko‘p xonadonli uylarda issiqlik, ichimlik suvi ta’minoti, boshqaruv tashkilotlari faoliyati yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Maqsad – turar joy binolarida istiqomat qilayotgan aholining xavfsizligini ta’minlash va anomal sovuq kunlarining betalafot o‘tishi yuzasidan bor kuchni safarbar etgan holda maksimal chora-tadbirlar ko‘rilishiga erishish.
Mutasaddilar havo haroratining keskin pasayishi munosabati bilan fuqarolardan xavfsizlik choralarini yanada oshirishni so‘ramoqda. Xususan, bino va ko‘p kvartirali uylarning kirish yo‘laklaridan chiqishda muzlamalar mavjudligi, shuningdek, uylarning tom va kirish yo‘laklarida hosil bo‘layotgan muz bo‘laklari (sumalaklar) xavfini inobatga olib, hushyorlikni oshirish va ehtiyot bo‘lish, daraxt shoxlari yoxud ulardan tushadigan qor uyumlaridan transport vositalarini ehtiyot qilish maqsadida ularni maxsus to‘xtash uchun ajratilgan bo‘sh joylarda qoldirish, ko‘p kvartirali uylarning yo‘laklaridan kirish va chiqishda ortiqcha issiqlik yo‘qotilishining oldini olish uchun eshiklarni yopib yurish, aholi turar joylariga kirayotganda avtoulov tezligini pasaytirish va transportlar orasidagi masofani saqlash, kechki va tungi vaqtda sababsiz tashqariga chiqmaslik, jamoat transportidan foydalanish, favqulodda vaziyatlar va baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida gaz plitalarini tungi vaqtda yoniq holatda qoldirmaslik kabilar shular jumlasidandir.
Yuqoridagi chora-tadbirlarni amalga oshirishda ayniqsa, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan keng hajmdagi ishlar bajarilyapti. Xususan, boshqaruvchi tashkilotlar xodimlarini keng jalb qilgan holda ko‘p kvartirali uylarning kirish yo‘laklari hamda ularga tutash hududlarni qor va muzdan tozalash, muz bo‘laklari va yiqilgan daraxt hamda ko‘chatlarni olib tashlash jarayonlari tezkorlik bilan kechayu kunduz amalga oshirilmoqda.
Bu tadbirlarni bajarish uchun respublikadagi barcha boshqaruv kompaniyalari tomonidan ishchi-xodimlar jalb qilinib, ko‘p kvartirali uylarning kirish yo‘laklari qordan tozalanib, qum-tuz aralashmasi sepilmoqda. Bu ishlar hududlarda ham jadallik bilan olib borilyapti.
Jumladan, hozirga qadar berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Jizzax viloyatida boshqaruv organlari tomonidan bu ishlarga 191 ishchi-xodim jalb qilinib, ko‘p kvartirali uylarning 613 ta kirish yo‘laklari qordan tozalanib, 3 123 kvadrat metr maydonga qum-tuz aralashmasi sepildi. Ko‘p kvartirali uylarning tutash hududida qor yog‘ishi natijasida 11 ta manzarali daraxtning sinishi kuzatilgan. Navoiy viloyatida boshqaruv organlari tomonidan 485 nafar ishchi-xodim jalb qilinib, ko‘p kvartirali uylarning 3 880 ta kirish yo‘laklari qordan tozalanib, 62 080 kvadrat metr maydonga qum-tuz aralashmasi sepildi. Buxoro viloyatida boshqaruv organlarining 315 ishchi-xodimi tomonidan ko‘p kvartirali uylarning 6 599 ta kirish yo‘lak¬lari qordan tozalandi. Qashqadaryo viloyatida 364 ta ishchi-xodimlar ko‘p kvartirali uylarning 4 293 ta kirish yo‘laklarini qordan tozalashdi hamda 3 535 kvadrat metr maydonga qum-tuz aralashmasi sepilib, zarur chora-tadbirlar ko‘rilgan.
Shuningdek, Samarqand viloyatida boshqaruv organlari tomonidan 477 nafar ishchi-xodimlar jalb qilinib, ko‘p kvartirali uylarning 7 032 ta kirish yo‘laklari qordan tozalandi hamda 16 521 kvadrat metr maydonga qum-tuz aralashmasi sepildi. Bu chora-tadbirlar Sirdaryo viloyatida ham amalga oshirilib, 361 ishchi ko‘p kvartirali uylarning 1 083 ta kirish yo‘laklarini qordan tozalashdi hamda 16 938 kvadrat metr maydonga qum-tuz aralashmasi sepildi. Surxondaryo viloyatida boshqaruv organlari tomonidan 48 ishchi-xodim ko‘p kvartirali uylarning 575 ta kirish yo‘laklarini qordan tozalab, 1 665 kvadrat metr maydonga qum-tuz aralashmasini sepishdi. Ko‘p kvartirali uylarning tutash hududida qor yog‘ishi natijasida 3 ta manzarali daraxtning sinishi kuzatilgan. Toshkent viloyatida esa 282 ta ishchi-xodimlar jalb qilinib, ko‘p kvartirali uylarning 5 464 ta kirish yo‘laklari qordan tozalanib, 191 240 kvadrat metr maydonga qum-tuz aralashmasi sepildi.
Poytaxtimiz Toshkent shahrida bosh¬qaruv organlari tomonidan 2 486 ishchi-xodim jalb qilinib, ko‘p kvartirali uylarning 10 300 ta kirish yo‘laklari qordan tozalandi. 123 603 kvadrat metr maydonga qum-tuz aralashmasi sepildi. Ko‘p kvartirali uylarning tutash hududida qor yog‘ishi natijasi 688 ta manzarali, 57 ta mevali daraxtlarning sinishi kuzatilgan. Ko‘p qavatli uylar atrofini xavfsizlashtirishga maxsus texnikalar ham jalb etilmoqda. Xususan, Toshkent shahrida qor tozalash ishlariga 200 dan ortiq texnika – qor tozalash mashinalari (60 dona), silindrsimon cho‘tka va roliklar bilan jihozlangan samosvallar (80 dona), ko‘chalarni qum-tuz aralashmasi bilan tozalash va sepish uchun maxsus avtomashinalar (53), aralashma yuklagichlar (10 dan ortiq) jalb qilingan. Ayozli kunlarda tuman obodonlashtirish bo‘limlarining 4000 dan 6000 nafargacha xodimlari yo‘laklarni tozalamoqda. Muzlagan yuzalarda sirpanib ketmaslik va uni eritish uchun qum va tuz aralashmasi ishlatilyapti.
Ko‘p xonadonli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv tashkilotlari xodimlari kun-u tun aholi xavfsizligi uchun mehnat qilmoqda. Kunni kun, tunni tun demay ter to‘kayotgan xodimlar xizmatini qadrlab, ularga imkon qadar yordam berish har birimizning insoniy burchimizdir. Kimdir bir piyola issiq choy, kimdir yegulik, yana kimdir esa horigan ishchilarga yordam qo‘lini cho‘zgan ana shunday murakkab vaziyatda hamjihatlik, ahillik va birdamlik kabi fazilatlar yanada ko‘proq namoyon bo‘lmoqda, desak adashmagan bo‘lamiz.




