Yarim tunda tinimsiz jiringlagan telefon ovozidan seskanib uyg‘ongan Ahrorbek Ibragimov, “Kim bo‘ldi ekan?” deya go‘shakni ohista ko‘tardi. Qo‘ng‘iroq qilgan kishi o‘z xodimi ekanini bilgach, biroz tinchlangandan so‘ng:
– Nima gap, tinchlikmi, shu paytda qo‘ng‘iroq qilishingizning sababi nima? – deya so‘radi haligacha hayajonini bosolmay.
– Avvalo, ming bor uzr, vaqt kutib turmagani uchun qo‘ng‘iroq qilaverdim. Sababi, o‘zimga biriktirilgan ob’ektda tungi smena quruvchilarining ishlarini bir ko‘rib qaytay, degan maqsadda kelgan edim. Ular nazoratchi yo‘qligidan foydalanib, ko‘p qavatli binoning uchinchi qavatini loyihada ko‘rsatilgani singari bajarish o‘rniga, o‘zlaricha, o‘zgartirish kiritayotgan ekan. Bu noqonuniy ishni to‘xtatishga harakat qilib ko‘rdim, vaqti kelib tashvish keltirishini tushintirdim, biroq o‘z bilganlaridan qolishmayapti, – dedi ushbu binoning loyiha muallifi Iqboljon.
Ahrorbek shu zahotiyoq apil-tapil kiyinib, aytilgan manzilga yetib bordi. Rostdan ham quruvchilar ishni osonlashtirishni ko‘zlab xatolikka yo‘l qo‘yishgan, loyihada ko‘rsatilganlar mutlaqo o‘zgartirilgandi. U darhol ishni to‘xtatib, buyurtmachini toptirdi va shartnoma shartlari bo‘yicha loyihada belgilangan har qanday narsaga o‘zgarish kiritish avvalida o‘zaro kelishilishi nazarda tutilganini eslatdi va noqonuniy amalga oshirilgan ishni buzdirib tashlatdi.
“Farg‘ona loyiha qurilish ta’mirlash” mas’uliyati cheklangan jamiyatining faoliyati to‘g‘risida batafsil to‘xtalish avvalida mazkur misolga e’tibor qaratganimiz bejizga emas. Chunki hozirgi kunda ana shu viloyat hududlarida saksondan ortiq turdosh korxonalar bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlariga hissa qo‘shishmoqda. Ular orasida chizgan loyihalari bilan vodiy viloyatlari orasida obro‘-e’tibor qozonganlari barmoq bilan sanarli. Mazkur korxona tashkil qilinganiga uncha ko‘p bo‘lgani yo‘q, biroq qisqa vaqt oralig‘ida aynan shunday e’tirofga muyassar bo‘lganlardan biri.
Yutuqlarga erishish zamirida bunyodkorlik ishlarining asosini yaratuvchi tajribali loyiha ijodkorlari jamlangani va o‘z sohasini puxta o‘rganib, katta tajriba to‘plagani hamda korxona rahbarining sa’y-harakati natijasida zarur asbob-uskunalar bilan ta’minlagani turadi. Ana shunday imkoniyatlar jamoa yoshlarini (ayni paytda tashkilotda 40 nafardan ortiq yoshlar ishlaydi) izlanishlar qilib, biri ikkinchisini takrorlamaydigan zamonaviy loyihalar tayyorlashlariga yo‘l ochib berdi. Ularning mehnatlari samarasi Farg‘ona viloyatining barcha shahar va tumanlarida qurilgan, shu kunlarda ham jadallik bilan qad rostlayotgan turli ko‘rinishdagi binolar, ko‘chalar, ijtimoiy ob’ektlar va obodonlashtirish ishlarida yaqqol ko‘zga tashlanib turibdi.
Jumladan, viloyat markazida qad rostlagan Xalq qabulxonasining binosi, Temuriylar maktabi, Farg‘ona va Toshkent shaharlarida bunyod etilgan O‘zbekiston Respublikasi Asalarichilar uyushmasi binolari, Marg‘ilon shahri hamda viloyatdagi barcha tumanlar markazida faoliyat yuritayotgan Hunarmandlar markazi, shuningdek, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari bo‘yicha hududlardagi 40 dan ortiq ko‘chalar, qishloqlar, 50 dan ortiq ijtimoiy ob’ektlar loyiha ijodkorligi sohasida katta tajribaga ega ahil jamoaning fuqarolarimiz obod turmush kechirishlari yo‘lida qo‘shayotgan hissalaridir.
Xalqimizda, “Qog‘ozdan imorat qurib bo‘lmaydi”, degan gap bor. Buning ma’nosi shuki, qog‘ozda chizilgani bilan u amaliyotda qo‘llanilmasa, chang bosib yotadi, hech narsaga yaramaydi. Jamoa ahli korxona tashkil qilingan kundan boshlab mana shu aqidaga jiddiy e’tibor berib, biznes-rejada ham alohida band bilan belgilab qo‘ygan va har bir ijodiy mahsulot qurilishda qo‘llanilishi davrida uni mualliflik qoidalari asosida oxirigacha nazorat qilib boryapti. Ana shu tartib ish jarayoniga aylangani uchun korxonada tayyorlangan birorta ham loyiha bo‘yicha buyurtmachi yoki boshqa daxldor tashkilotlardan e’tirozlar bo‘lmaganining o‘zi jamoaning mehnatlariga berilgan munosib bahodir.
Davlatimiz rahbari viloyatga tashrifi chog‘ida boshqa sohalarda olib borilayotgan yangilanishlar barobarida shahar va tumanlardagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirarkan, “Farg‘ona, yurtimiz gavhari” deb e’tirof qilganicha bor. Chindanda, bu yerda qilinayotgan barcha ishlar asrlar bilan bo‘ylashmoqda, xalqimiz qatorida xorijdan tashrif buyurayotgan sayyohlarni ham lol qoldirayotgani bor gap. Mana shunday e’tiroflarga munosib ishlarning bir bo‘lagida “Farg‘ona loyiha qurilish-ta’mirlash” MChJ jamoasining ham hissasi bor. Prezidentimizning Farg‘ona xalqi va bunyodkorlarining jasoratli mehnatlariga bergan bahosi shu kunlarda ularni yanada tashabbuslar ko‘rsatishga chorlamoqda. Mazkur loyiha tashkiloti ayni paytda 20 dan ortiq yangi loyihalarni tayyorlayapti, ular bo‘yicha bunyod etiladigan ob’ektlar kelgusida viloyat ko‘rkiga yanada ko‘rk qo‘shishi turgan gap. Zero, ko‘plar qatorida ahil jamoaning asosiy maqsadi ham aynan shunday.

