|

|

2026-уіӏ 25-Aprel, Shanba
spot_img

Ijtimoiy soha ob’ektlari o‘rganildi

Muhim xabarlar

Jahongir Fozilov
Jahongir Fozilov
“O‘zbekiston bunyodkori” gazetasining Jizzax viloyati muxbiri.

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 30 dekabrda “2023-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga muvofiq, jamoatchilik fikri va aholi istaklari asosida 2023-2025 yillarda mamlakatning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi qabul qilingan.

Ushbu dastur asosida Buxoro viloyatida ham joriy yilda ijtimoiy inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va zarur inventarlar bilan jihozlash bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Xususan, joriy yil yakuniga qadar faqatgina ta’mirtalab yoki yangidan qurilishi zarur bo‘lgan umumta’lim maktablarini olsak, ta’lim dargohlari qatnov quvvatini 4 ming 598 o‘ringa kengaytirilishi rejalashtirilgan. Shundan, 3 ming 834 o‘quv o‘rniga ega bino-inshootni yangidan qurish, qolganlarini mukammal ta’mirlash, davlat ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida 200 o‘rinli yotoqxona qurib foydalanishga topshirish, qolaversa, chekka hududlardagi maktablarga 3 ta sport zali barpo etish va jihozlash uchun umumiy qiymati 74 milliard 983 million so‘m mablag‘ ajratilmoqda.

Yuqoridagi qaror asosida viloyat shahar hamda tumanlarida joriy yilda yana o‘ndan ortiq maktabgacha ta’lim muassasasi, tibbiyot muassasalari va boshqa ijtimoiy soha inshootlarini yangidan qurish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu qaror ijrosi bilan tanishish maqsadida viloyat hokimi Botir Zaripov Romitan va Peshku tumanlaridagi qurilish-bunyodkorlik inshootlari bilan tanishdi.

Dastlab Romitan tumani markazida qurilayotgan 3-sonli umumta’lim maktabining qo‘shimcha o‘quv binosi borib ko‘rildi.

– Asosan rus tilida o‘qitishga ixtisoslashgan bu ta’lim dargohi 2007 yilda qurilgan bo‘lib, hozirda mukammal ta’mir va qo‘shimcha o‘quv binosiga muhtoj edi, – dedi tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Xayrulla Zikrullaev. – Negaki, 150 o‘rinli maktabda tahsil olayotgan o‘quvchilar soni yakunlangan o‘quv yilida 376 nafarga yetdi va bu ta’lim dargohini zamonaviy andozada kengaytirishni taqozo etardi. Shu bois, davlat investitsiya dasturi asosida bu manzilda 210 o‘rinli maktab qurilishi boshlandi.

Ikki qavatli mazkur loyiha qiymati 2 milliard 450 million so‘m qilib belgilangan. Hozirda pudratchi tomon tajribali quruvchi O‘ktam Ramazonov boshchiligidagi “Parvoz komfort” MChJ bunyodkorlari jonbozlik ko‘rsatmoqda. Ayni kunda binoning ikkinchi qavatini tiklash, g‘isht terish ishlari davom ettirilmoqda. Quruvchilar reja-grafikka binoan, inshootni 15 avgustgacha to‘liq qurib bitkazib, foydalanishga topshirishni maqsad qilishgan. Maktab direktori Nigora Latipovaning aytishicha, talab darajasida jihozlanadigan ta’lim dargohi moddiy-texnik imkoniyatlari yaxshilanishi hisobiga o‘quv jarayoni bir mahalga o‘tkazilishi mumkin. Bu esa o‘quvchilar uchun ham qulaylik yaratadi. Qolaversa, bunda yosh avlodga saboq berayotgan o‘qituvchi- pedagoglar sonini yangi o‘quv yilidan 33 nafardan 43 nafarga oshirish ko‘zda tutilgan.

O‘rganishlar Peshku tumanining “Chibog‘oni” MFYdagi 43-maktab hamda “So‘sana” MFYdagi 31-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida davom etdi. 43-sonli umumta’lim maktabining 160 o‘rinli binosi mustaqillikning dastlabki yillarida qurilgan bo‘lib, bugunga kelib muassasada tahsil olayotgan o‘g‘il-qizlar soni 300 nafarga yetgan. Boz ustiga, bunda sportsevar yoshlar uchun hech qanday sharoit mavjud emas edi. Yuqoridagi qaror tufayli maktab hududidan 180 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binosi va 12 metrga 24 metr o‘lchamdagi sport zalini qurishga qaror qilindi. Mazkur loyiha amaliyoti uchun investitsiya dasturi asosida umumiy qiymati 4 milliard 227 million so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan.

– Binoning qurilishini joriy yilning 20 aprelida boshlagan bo‘lsak, bugunga kelib ikki inshoot moliyaviy manbasining 47 foiz mablag‘ini o‘zlashtirdik va loyihada ko‘rsatilgan ob’ektning 70 foizini to‘la-to‘kis qurib bitirdik, – dedi pudratchi “Rahmon Jamshid quruvchi” MChJ rahbari Rahmon Eshov. – Hozirda jamoamizning 40 dan ortiq ishchi-mutaxassisi ko‘magida o‘quv binosi tomini yopish, sport zali devorini ko‘tarish, g‘isht terish ishlarini davom ettiryapmiz. Umumiy loyihani foydalanishga topshirish muddati shu yil 20 sentyabrga mo‘ljallangan bo‘lishiga qaramasdan, biz jamoamiz bilan kelishgan holda ikki inshootni bir oy burun qurib bitkazishni, qolaversa, maktab atrofini obodonlashtirishni maqsad qilganmiz.

Shu kabi ish jarayonini “So‘sana” MFYdagi 31-sonli bolalar bog‘chasi qurilishida ham ko‘rish mumkin. Qariyb yarim gektar maydonni egallagan eski va yaroqsiz cho‘pkori imorat o‘rnida bugun pishiq g‘ishtdan ikki qavatli, zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi qurilmoqda. Bu loyihaning umumiy qiymati investitsiya dasturi asosida 4 milliard 300 million so‘mga moliyalashtirilgan. Yaqin oylarda ushbu muassasa mahalla aholisining 120 dan ortiq jajji farzandini o‘z bag‘riga oladi. Ayni paytda bu yerda Tolib Ikromovning MChJ shaklidagi “Bobir Azamat Temir” pudrat korxonasining o‘ttizdan ortiq ishchisi mehnat qilmoqda. Quruvchining aytishicha, bugunga kelib inshootning 30 foizdan oshiq qismi bitgan va bunda 1 milliard 300 million so‘mlik ish bajarilgan. Maktabgacha ta’lim tashkiloti binosini shu yil 1 sentyabr kuniga qadar sifatli barpo etish rejalashtirilgan.

Viloyat hokimi tomonidan mavjud kamchiliklar yuzasidan mas’ullarga tegishli tavsiyalar berildi. Jumladan, o‘rganishlar davomida inshootlar qurilishining sifatiga e’tibor qaratish, zamon talabidan kelib chiqib, aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, ob’ektlar hududini obodonlashtirish kabi yumushlar shular jumlasidandir.

 

- reklama -spot_img

Mavzuga oid

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

So‘nggi xabarlar

spot_img