Forish tumanining. ichki yo‘llarini soz holatga keltirish, mazkur yo‘nalishda aholini qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etish maqsadidagi ishlar ayni kunlarda qizg‘in davom etmoqda.
Jumladan, “Garasha” MFY hududidagi G‘o‘robog‘zi qishlog‘i aholisini qishloqqa olib boruvchi yo‘lning nosozligi qiynab kelayotgan edi. Mas’ullarning tashabbusi bilan aholini qiynab kelayotgan ushbu muammoni hal etish maqsadida qishloqqa olib boruvchi ichki yo‘lni kengaytirish, qum-shag‘al to‘kib tekislash ishlariga kirishildi. Bu ishlarni amalga oshirish uchun Forish tuman Obodonlashtirish boshqarmasi va tuman “Avtomobil’ yo‘llardan foydalanish” davlat unitar korxonasi texnika vositalari safarbar etilgan.
“Qo‘lba” MFYda ham bu borada ishlar jadal davom etmoqda. Ayni kunda 890 ta xonadonda 4085 nafar aholi istiqomat qiladigan mahalla fuqarolar yig‘inining Yombuloq, Qo‘lba, Mixin qishloqlaridagi jami 12 kilometr ichki yo‘llarni kengaytirish, qum-shag‘al to‘kib tekislash ishlari boshlab yuborilgan.
Shuningdek, Amir Temur mahallasi aholisini ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash borasida ham bunyodkorlik ishlari bajarilmoqda. Xalqimizda suv keltirgan elda aziz, degan hikmatli gap bor. Mahalla aholisini ichimlik suv bilan ta’minlash uchun jami 21 kilometr ichimlik suv tarmog‘i tortilib, bitta suv inshooti, 1 ta transformator punkti o‘rnatildi. Ayni kunda ichimlik suv tarmog‘ini aholi xonadonlariga tortish ishlari amalga oshirilyapti.
Quvonarlisi shuki, Forish tumanida aholini qiynab kelayotgan muammolarini o‘rganish va hal etish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholiga qulay yashash sharoitlarini yaratish borasidagi ishlar xar bir hududda olib borilmoqda. Aholi murojaatlariga asosan mas’ullar ishtirokida G‘o‘rob, Oybek mahallalaridagi ichki yo‘llar sifatini yaxshilash, aholiga va transport vositalari harakatlanishi uchun qulayliklar yaratish maqsadida bosqichma-bosqich ishlar davom ettirilyapti.
Xususan, Bog‘don mahallasidagi Amir Temur nomli markaziy ko‘chadan har kuni qo‘shni Navoiy va Buxoro viloyatlariga, respublikamizning turli hududlariga yuzlab avtomobillar qatnovi amalga oshiriladi. Ushbu avtomobil’ yo‘lining tuman markaziy shifoxonasi tarafidagi qismi ta’mirtalabligi bois aholi e’tiroziga sabab bo‘layotgan edi. Forish tuman avtomobil’ yo‘llardan foydalanish davlat unitar korxonasi jamoasi tomonidan ayni kunda ushbu yo‘l ta’mirlanib, Qizilqum mahallasi chorrahasigacha bo‘lgan qismiga asfal’t qoplama yotqizish ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur yo‘lning ikki tarafida piyodalar yo‘laklari bunyod etilgani, tungi yoritgichlar o‘rnatilgani, ushbu hududda yashovchi aholiga, markaziy shifoxonaga kelib-ketuvchilarga hamda kasb-hunar maktabida tahsil oluvchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratdi.
Bundan tashqari, tumanda keyingi yillarda ta’limni rivojlantirish, o‘quvchilar soni ko‘p bo‘lgan umumta’lim maktablari uchun qo‘shimcha binolar bunyod etish borasida ham bir qator ishlar amalga oshirilyapti. Birgina o‘tgan yilning o‘zida 14 ta umumta’lim maktabi uchun qo‘shimcha binolar qurib foydalanishga topshirildi. Shu o‘rinda, Oqtepa mahallasida joylashgan 30-umumiy o‘rtata’lim maktabiga ayni kunda 2 qavatli, 180 o‘ringa ega bo‘lgan qo‘shimcha bino qurilishi jadallik bilan olib borilayotganini ham e’tirof etish joiz.
Tuman hokimligi matbuot xizmati mas’ullarining ma’lum qilishicha, Jizzax viloyatining hudud jihatdan eng katta tumanida joriy yil davomida bu kabi bunyodkorlik, qurilish va obodonlashtirish ishlari yuqori sur’atda olib borilib, forishliklarni qiynab kelayotgan muammolar bartaraf etiladi.

